O‘zbekiston Islomiy Harakati Panjshirdagi hujum uchun mas‘ulligini aytdi

  • 31 May 2013
Image caption Hujumchilar hukumat binosini zabt etishga uringanlar

O‘zbekiston Islomiy Harakati chorshanba kuni Afg‘onistonning nisbatan tinch Panjshir viloyatida yuz bergan xudkushlik hujumlari uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

BBC O‘zbek xizmatining elektron manziliga yo‘llangan bayonotda "fidoyilik kostyumini kiyib olgan 6 bahodir chorshanba kuni tong saxarda viloyat hokimiyati, qo‘mondoni amniyat (ichki ishlar vazirligi) binolari joylashgan markaziy nuqtaga hujum uyushtirgani" aytiladi.

O‘IH ning da‘vo qilishicha, hujumda 38 nafar afg‘on askarlari va 6 nafar xorijiy fuqarolar doxil, 50 kishi o‘ldirilgan, yana 43 kishi og‘ir yaralangan.

19 may kuni erta tongda Panjshir viloyat markazidagi hukumat va xavfsizlik idoralariga uyushtirilgan xudkushlik hujumlarida, rasmiylarga ko‘ra, bir afg‘on politsiya xodimi halok bo‘lgan.

Afg‘on xavfsizlik kuchlari Panjshir viloyat hokimligi binosini zabt etishga uringan olti hujumchini otib o‘ldirgani xabar qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra politsiya kiyimini kiyib olgan hujumchilar 7 kishi bo‘lgan.

"Ulardan uch nafari o‘zini portlatdi, to‘rt kishi esa politsiya tomonidan otib o‘ldirildi" degan Panjshir politsiyasi boshlig‘i Qosim Jangalbag‘.

Unga ko‘ra, erta tong bo‘lgani uchun hokimiyat binosida hech kim bo‘lmagan.

Panjshir 2001 yilgacha aksiltolibon kuchlarining qarshilik markazi bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining bayonotida aytilishicha, halok bo‘lgan hujumchilarning ikki nafari o‘zbekistonlik, bir kishi Qirg‘izistondan, qolgan uch hujumchi esa Afg‘oniston fuqarolaridir.

O‘IH faqat bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar bergan afg‘on rasmiylari va xorij matbuotini "uyatsizlar" deb atagan.

Avvalroq Tolibon ham hujum uchun mas‘ul ekanini aytgan.

Tolibon tarafida jang qilayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakatining so‘nggi paytlarda Afg‘oniston shimolida faollashgani kuzatiladi.

AQSh va NATOning Afg‘onistondagi amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari isyonchilarning o‘z hududlariga sizib kirishi xavfidan xavotir bildirishgan.

"Muvofiqlashtirilgan hujumlar"

Panjshirdagi hujumlar isyonchilarning navbatdagi yaxshi tashkillashtirilgan va muvofiqlashtirilgan hujumlari bo‘lgan.

Hujumlardan maqsad shu yil oxirida NATO o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishi arafasida Kobuldagi hukumatga bosim o‘tkazish ekani aytiladi.

NATOning 100 ming kishilik jangovar qo‘shinlari shu yil oxirida Afg‘onistonni tark etadi.

Chorshanba kuni Jaloloboddagi Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining qarorgohiga uyushtirilgan hujumda bir afg‘on qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Xavfsizlik kuchlari yetti nafar xorij fuqarolarini qutqargani xabar qilingan.

Hujumchilar ikki kishi bo‘lgani, ulardan biri hudkushlik belbog‘ini bino darvozasiga o‘rnatgani aytiladi.

Bu 2001 yil Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar boshlanganidan buyon Qizil Xochga qarshi birinchi yirik hujum bo‘lgan.

Betaraf tashkilot sifatida bilinadigan Qizil Xoch Tolibon doxil, Afg‘onistondagi barcha urushayotgan tomonlar bilan yaxshi aloqalarga ega.

Qizil Xoch o‘z bayonotida siyosiy bo‘lmagan va insoniy ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan bir tashkilotga uyushtirilgan hujumdan "taajubga tushganini" aytgan.

Avvalroq isyonchilar poytaxt Kobuldagi BMT va Xalqaro Muhojirlik Tashkiloti binolarini nishonga olgan edilar.

Avtoulov vositasida amalga oshirilgan va besh soat davom etgan xudkushlik hujumida bir politsiya xodimi va ikki oddiy afg‘on halok bo‘lishgan.

17 kishi yaralangan, ular orasida Xalqaro Muhojirlik Tashkilotining 7 nafar xodimlari ham bor.