Muxtor Ablyazov: Yaqinlarim noqonuniy deportatsiya qilingan

Image caption Muxtor Ablyazov Qozog‘iston maxsus xizmatlarini o‘zining oilasi a‘zolarini o‘g‘irlaganlikda ayblagan.

Qozog‘iston rasmiylari va ba‘zi g‘arb mamlakatlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan sobiq vazir va bank rahbari Muxtor Ablyazov rafiqasi va 6 yoshli qizi Italiyadan Qozog‘istonga deportatsiya qilinganligini ma‘lum qilgan.

Janob Ablyazovning internet ijtimooiy tarmoqlari orqali tarqatgan xabarida aytilishicha, qizi va rafiqasini noqonunuiy ravishda va ixtiyorlariga qarshi majburiy ravishda maxsus uchoqqa solib olib ketishgan.

Qozog‘iston hukumati Ablyazovni mildliardlab dollar mablag‘ni suiste‘mol qilishda ayblagan. Keyinchalik Londonda boshpana topgan Ablyazov ustidan Britan mahkamasi ham hukm chiqarib, qator ko‘chmas mulkini musodara qilishga ruxsat bergan.

Ilk bor rafikasi va kizi Italiyadan Kozogistonga uchayotgan uchokda uz ixtiyorlariga qarshi olib ketilayotgani xaqida Muxtor Ablyazovning o‘zi jumadan shanbaga utar kechasi Facebookdagi sahifasida xabar qildi.

Ablyazovning Facebookdagi saxifasida yozishicha, Italiya politsiyasi prokurorning deportatsiya haqidagi qarorga protest kiritmoqchi ekaniga qaramasdan, oilasi a‘zolarini charter uchoqqa o‘tirg‘izishgan.

Yaqinlari Rim shahridagi xonadondan Italiya politsiyasi tomonidan hibsga olingani va Qozog‘istonga olib ketilgani haqidagi xabarni BBCga Muxtor Ablyazovning Londonda yashaydigan o‘g‘li Madyor tasdiqlagan.

"Ularni Italiyadan chiqarib yuborishdi. Hozir bizning asosiy vazifamiz - bu xaqda imkoni boricha ko‘pchilikni boxabar qilish. Chunki biz ularning xavfsizligidan xavotirlanayapmiz", deb aytgan Madyor Ablyazov.

Italiya politsiyasiga ko‘ra, qozog‘istonlik korchalonning xotini va 6 yashar qizining hujjatlari soxta bo‘lgan.

Olma-Ota shahrida joylashgan "Ar Ruh Xaq" jamoatchilik jamg‘armasi xabar qilishicha, o‘tgan juma 31 may kuni Italiya politsiyasi Rim shahri chetidagi uyda tintuv o‘tkazgan.

U yerda Muxtor Ablyazovning 46 yoshli turmush o‘rtog‘i Alma Shalabayeva qizi bilan yashagan.

Ular ikkisi ham hibsga olinib, Qozog‘istonga majburan jo‘natib yuborilganlar.

Facebookdagi sahifasida Muxtor Ablyazov Qozog‘iston maxsus xizmatlarini o‘zining oilasi a‘zolarini o‘g‘irlaganlikda ayblagan.

Qozog‘iston moliyaviy jinoyatlarda ayblab, topshirilishini talab qilayotgan Muxtor Ablyazovning shu kecha-kunduzda qayerda ekani noma‘lum.

Londondagi Yuqori mahkama uni mahkamaga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatgani uchun qamoq jazosiga hukm etganidan keyin u g‘oyib bo‘lgan.

2011 yilda Britaniya Muxtor Ablyazovga siyosiy boshpana bergan edi.

Qozog‘iston hukumatida qator yuqori lavozimlarni, xususan Energetika, sanoat va savdo vaziri lavozimini egallagan Muxtor Ablyazov mamlakatdagi eng yirik bank BTA bankning asoschisi ham bo‘lgan, bank aktivi o‘nlab milliard dollarni tashkil etgan.

Bankning hozirgi rahbariyati va Qozog‘iston hukumatining da‘volariga ko‘ra, Muxtor Ablyazov 2005 yildan 2009 yilga qadar bir qator shirkatlari orqali besh milliard AQSh dollariga teng mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgan.

Muxtor Ablyazovning o‘zi bu da‘volarni rad etadi va Qozog‘iston hukumatining ayblovlarini siyosiy asoslarga ega ekanini urg‘ulab keladi.

Xorijda Muxtor Ablyazov muxolifatdagi "Qozog‘istonning Demokratik tanlovi" harakatiga asos solgan.