Qirg‘izistonda vaziyat yaxshilanmoqda

Image caption Bosh vazir yangi hokim Mamitovdan vaziyatni yaxshilash uchun yoshlar bilan ko‘proq ish olib borishni so‘ragan.

Qirg‘izistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Issiqko‘ldagi ommaviy tartibsizliklardan so‘ng Jeta-O‘g‘uz tumanidagi vaziyat barqarorlashgan, namoyishchilar uylariga tarqalishgan.

AKIpress agentligi yozishicha, hukumat namoyish qatnashchilari bilan kelishishga muvaffaq bo‘lgan. Shunga qaramasdan Jeta Og‘uz tumanida favqulodda holat saqlanib turibdi.

"Qumtor" koniga olib boruvchi yo‘l ochildi. Elektrenergiya ta‘minoti tiklandi. Konda to‘xtab qolgan ikki kunlik ish umumiy mahsulot hajmiga katta ta‘sir qilmaydi", deb ma‘lum qilgan "Kumtor Operating Company" vitse prezidenti Rodni Stuparik Qirg‘iziston vitse prezidenti Toyirbek Sarpashev bilan uchrashuvda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Jantoro Sotiboldiyev namoyish va tartibsizliklar davomida "Qumtor"ga yetkazilgan zarar 4 million dollarni tashkil qilganini aytgan.

Qirg‘iz hukumati Issiqko‘l tuman infrastrukturasiga yetkazilgan zararni 1,4 million dollarga teng, deya baholagan.

Tartibsizliklardan so‘ng Issiqko‘l viloyati hokimi o‘zgartirilgan. Viloyatga borgan Bosh vazir Jontoro Sotiboldiyev Mirbek Asanaqulovning o‘rniga general leytenant To‘kon Mamitovni yangi hokim qilib tayinlagan.

Bosh vazir yangi hokim Mamitovdan yoshlar bilan ko‘proq ish olib borishni so‘ragan.

Sotiboldiyevga ko‘ra, Qumtor o‘z faoliyatini to‘liq kuch bilan qayta boshlashi kerak. "Boshqa konlar Qumtordagi ishlab chiqarish bilan raqobatlasha olmaydi", - degan u.

"Qirg‘izistonning o‘ziga zarar bo‘ladi"

Dengiz sathidan 4 ming metr balandda joylashgan "Qumtor" - dunyodagi eng baland va qazib chiqish qiyin bo‘lgan oltin koni sanaladi.

Ayni damda Qirg‘iziston kabi tabiiy boyliklari kam va qashshoq mamlakat uchun bu kon qariyb milliy boylik timsoli hamdir.

Kanadaning Centerra Gold shirkati nazoratidagi "Qumtor" Qirg‘iziston byudjetiga eng ko‘p daromad keltirayotgan shirkat, biroq norozi namoyishchilar Qirg‘iziston uchun yanada ko‘p hissalar berilishini, aks holda hukumatdan shartnomani bekor qilish, korxonani milliylashtirish, mahalliy xalq uchun imtiyozlarni oshirish va yangi kasalxona binosi qurishni talab qilishgan edi.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Kanadaning oltin qazib chiqaruvchi shirkati bilan mavjud shartnoma bekor qilinmasligi, bunday harakat Qirg‘izistonning o‘ziga katta zarar bo‘lishini aytgan.

Juma kuni yuzlab namoyishchilar bilan militsiya o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqach, Prezident Atamboyev viloyatda favqulodda holat e‘lon qilgan va aybdorlar qattiq jazolanishi bilan ogohlantirgan.

Jaloloboddagi namoyishchilar

Biroq janubda ahvol o‘zgacharoq, viloyat hokimligiga kirib olgan namoyishchilar hamon o‘sha yerda o‘tirishibdi. Tunni shu yerda o‘tkazgan namoyishchilarga yana odamlar kelib qo‘shilgan.

Odamlar ballonlar bilan yo‘lni to‘sishgan, hokimlik oldida transport harakati to‘xtatilgan, lekin bu shahardagi vaziyatga ta‘sir qilmagani aytilyapti.

Issiqko‘ldagi notinchlikdan foydalangan muxolifat a‘zolari o‘zlarining tarafdorlari bilan Jalolobodda namoyish uyushtirib, viloyat hokimligiga bostirib kirishgan va yangi hokim saylashlarini e‘lon qilishgan edi.

Shoirbek Tashiyev boshchiligidagi namoyishchilar hokim o‘rinbosari bo‘lgan Toir Chorbekovni o‘zlarining yangi hokimlari qilib saylamoqchi bo‘lishgan, biroq u ko‘nmagan.

Namoyishchilarning hukumatdan so‘rayotgani asosan "Ota Jurt" deputatlarini ozod qilish, "qonundagi o‘g‘ri" Aziz Batukayevning qamoqdan chiqarilish sababi va "Qumtor" masalasidir.

Jalolobod viloyati bo‘yicha muxtor vakil Jusubali Toromamatov o‘zining vazifasini hokimlik binosidan boshqa joyda turib davom ettirmoqda.

"Biz o‘z xalqimizga nisbatan kuch ishlatishni xohlamaymiz. Shuning uchun oqsoqollar namoyishchilar bilan muzokara olib borishmoqda. Jaloloboddagi voqealarni bo‘rttirish kerak emas, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda", - deb aytgan Jusubali Toromamatov .

Matbuot xizmatining xabar berishicha, namoyishchilar tomonidan shaharda va hokimlik binosida talonchilik, o‘g‘rilik holatlari sodir etilmagan.