BBC mehmoni taniqli olim, shoir va yozuvchi Muxtor Xudoyqulovga savol yo‘llang

Image caption Muxtor Xudoyqulov o‘zbek masalchiligiga salmoqli hissa qo‘shgan

Taniqli olim, shoir va yozuvchi Muxtor Xudoyqulov 1936 yili Farg‘ona viloyatining Rishton tumani Jaloyir qishlog‘ida tug‘ilgan.

"Qishlog‘imiz rayon markazidan ancha uzoq, xilvatgina, so‘lim bir go‘sha edi. Oldidan katta Farg‘ona kanali o‘tgan. Shu kanalning qurilishini ham bilaman, juda kichkina bola edim. Es-es eslayman, qanday odamlar, suvlar qanday kelganini...Undan keyin urush yillari, Ikkinchi Jahon Urushi, deyiladi hozir bizda, akam bilan birga maktabga borib o‘qirdik. Hamma sinflarni bitta qilib o‘qitishardi. Yoshligimiz shunday o‘tgan. Shu Farg‘ona kanali bo‘ylarida mol-qo‘y boqib yurib, qo‘limizga qanaqa kitob tushsa, o‘qirdik-da. Qanaqa kitoblar o‘qimaganmiz, nimalarni orzu qilmaganmiz. Kitob bizning doimiy hamrohimiz, biz uchun bir mo‘‘jiza, bizni dunyo bilan bog‘lovchi bir vosita edi", deya eslaydi ustoz Xudoyqulovning o‘zi.

Muxtor Xudoyqulov 1954-1959 yillar Toshkent davlat universitetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan.

"1959 yil oliygohni bitirdik. Ungacha amaliyotga borib, o‘sha yerda yoshlar gazetalaridan birida ishlay boshladim. Keyin respublika markaziy gazetasi "Qizil O‘zbekiston" deyilardi o‘sha paytda, keyin "Sovet O‘zbekistoni" bo‘ldi, shunda faoliyat olib bordim. Undan keyin "Mushtum" jurnalida bir necha yillar mehnat qildim", deydi u.

Muxtor Xudoyqulov jurnalistik faoliyat bilan bir qatorda adabiy ijod bilan shug‘ullanadi.

"Yoshlikdan qiziqardim adabiyotga. Turli she‘rlar yozib yurardim. Undan keyin masalga qiziqdim, masallar yozdim va qator masal kitoblari chiqardim", deydi u.

Muxtor Xudoyqulov - 100dan ortiq she‘riy va nasriy masallar, hajviy she‘rlar muallifi. Yozuvchi o‘zining "Ming bir masal" nomli kitobi bugungi kunda chop etilib o‘quvchilar qo‘liga yetib borayotgani haqida aytadi.

"Zavqiyning "Ahli rasta hajvi" degan asari sizga ma‘lum bo‘lsa kerak. O‘zining davridagi kamchiliklarini, o‘sha paytdagi boy-boyonlarni hajv qilib o‘tgan. Men "Hajv ahli qalam" deb, 70ga yaqin shoirga she‘riy hazil yozgandim", deydi shoir va olim Muxtor Xudoyqulov.

Bundan tashqari, uning "Qoya va palaxsa" (1962), "Daryo va po‘kak" (1968), "Zirapcha" (1973), "Qirq masal" (1985), "O‘ylab topilmagan hikoyalar" (1994), "Gabrovo latifalari va hangomalari" (1999), "Otam haqida haqida hikoyalar", "Kirakashlikning kiroyi hangomalari", "Rivoyatlar va hikoyatlar", "Tongdagi chiroq" kabi qator kitoblari chop etilgan.

Muxtor Xudoyqulov buyuk Xitoy faylasufi Konfutsiyning she‘riy tarzdagi hikmatlarini ham o‘zbek tiliga o‘girib, "Hikmatlar" deb nomlangan risolaga jamlagan.

Filologiya fanlari doktori, professor Muxtor Xudoyqulov qariyb yarim asr o‘zi ta‘lim olgan O‘zMU jurnalistika fakultetida matbuot nazariyasidan saboq bergan.

Uning "Jurnalistika - pulitsistika" deb nomlangan kitobi hali ham matbuot nazariyasi bo‘yicha asosiy qo‘llanma sifatida foydalaniladi.

BBC mehmoni Muxtor Xudoyqulovga savollaringizni quyidagi forma orqali bbcuzbek.com ga yo‘llang