Suriya armiyasi isyonchilar qo‘lidagi Qusayrni qayta egalladi

Image caption Suriya qo‘shinlariga Hizbulloh yordam berdi

Suriya hukumatparast kuchlari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Qusayr shahri ustidan to‘la nazoratni qo‘lga olganlar.

Livan bilan chegaraga yaqin Qusayr shahri ikki haftadirki Livanning Hizbulloh jangari guruhi tomonidan dastaklangan Suriya qo‘shinlari va isyonchilar o‘rtasidagi qaqshatqich janglar markazi bo‘lib kelayotgandi.

Suriya davlat televideniyesi ko‘p sonli isyonchilar halok bo‘lishgani va yana ko‘p nafari taslim bo‘lishganini xabar qilgan.

Isyonchilar tun osha amalga oshirilgan yirik harbiy amaliyot tufayli shahardan chekinishga majbur bo‘lishganini bildirishdi.

Biroz avval Ozod Suriya armiyasining harbiy rahbari o‘z jangchilari Hizbulloh qo‘shinlarini yo‘q qilish uchun Livan ichiga kirib borishga tayyor ekanliklarini aytgan.

General Salim Idris BBC bilan suhbatda Hizbulloh jangchilari Suriyaga "bostirib" kirishayotgani va Livan ularni to‘xtatish yo‘lida qo‘lini ham qimirlatmayotganini aytdi.

"Kutilmagan hujum"

Image caption Bombardimon qilingan Qusayr huvillab qoldi

Qusayr Livandan atigi 10 kilometr masofada, eng yirik ta‘minot yo‘laklari yonida joylashgan.

U yerda ikki hafta davom etgan jang ortidan Suriyaning Sana davlat xabar agentligi "qahramon qo‘shinlarimiz shaharga barqarorlik va xavfsizlikni olib kirishdi", deya xabar tarqatdi.

Sana ko‘p sonli "terrorchilar" yo‘q qilingani, va armiya ularning pistirmalarini buzish va portlovchi moddalarni qidirish bilan mashg‘ul ekanini aytgan.

Livanda esa Hizbullohning Al-Manar telekanali Qusayrda isyonchi kuchlar butkul tor-mor qilinganini xabar berdi. Bir Hizbulloh jangchisi Reuters agentligiga: "Biz tongda kutilmaganda hujum qildik va shaharga kirib bordik. Ular qochib qolishdi", - deb aytgan.

Reuters tarqatgan isyonchilar bayonotida: "Hukumat qo‘shinlarini yirik arsenali va bizda o‘q-dorilarning tanqisligi, hamda Hizbullohning bezbetlarcha bostirib kelgani tufayli, bizning o‘nlab jangchilarini ortda qolib o‘z safdoshlari va oddiy aholining chiqib ketishlariga yordam berishdi", deyiladi.

"Shafqatsizlik"

BBCning Bayrutdagi muxbiri Jim Myuir Qusayr shimolida isyonchilarning kichik-kichik guruhlari saqlanib qolayotgani, biroq hukumat shaharni qo‘lga olganini strategik g‘alaba deya taqdim etayotganini aytadi.

Image caption Qusayrning ba‘zi qismlarida isyonchilar hali bor

Armiya Suriya markazidagi isyonchilarning ta‘minot yo‘llarini bo‘g‘ib, ularning istehkomlarini ojizlashtirishga urinishi ehtimoli katta.

Muxbirimizga ko‘ra, bu voqeaning simvolik ahamiyati ham bor - ikki tomon ham yaqinda o‘tishi mo‘ljallangan tinchlik anjumaniga ojiz taraf sifatida kelishni xohlamaydi.

Rossiya va AQSh chorshanba kuni Jenevada uchrashib, anjumanning sanasi va tafsilotlarini kelishib olishlari kutiladi. Biroq u amalga oshishi noaniq, chunki Suriya muxolifati o‘z ishtirokini tasdiqlamagan.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga qarshi g‘alayonlar 2011 yilda boshlanganidan beri 80 ming odam halok bo‘lgan va 1,5 million odam Suriyani tark etgan.

Seshanba kuni chop qilingan yangi BMT hisoboti Suriyadagi urush "shafqatsizlikning yangi darajasi"ga chiqqani, odamlar yoppasiga qirib tashlanishi hollari yuz berayotgani va bolalar vahshiyona hujumlarda qatnashishga majburlanayotganini aytgan.

Mazkur mojaroda kimyoviy qurollar ishga solinayotganini isbotlovchi dalillar ham ko‘paymoqda.