Turkiya: Kechirim ortidan namoyishlar qayta boshlangan

Image caption Politsiya qattiqqo‘l taktikasiga sodiq qolmoqda

Turkiya politsiyasi beshinchi tundirki davom etgan aksil-hukumat namoyishlari ishtirokchilariga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘llagan.

To‘qnashuvlardan bir necha soat avvalroq Bosh Vazir muovini Bulant Arinj o‘tgan hafta yuzaga kelgan ikl namoyishlarga bo‘lgan politsiyaning zo‘ravon javobi uchun kechirim so‘ragan.

Janob Arinj namoyishchilar faollari bilan chorshanba kuni uchrashishi kutiladi.

Istanbuldagi istirohat bog‘ining surib tashlanishi rejalari ustidan chiqqan namoyishlar mamlakat bo‘ylab keng notinchlikka yo‘l ochib bergan.

Janob Arinj Gezi Parkdagi qurilish ishlariga qarshi chiqqan namoyishlarda jarohat olgan kishilardan kechirim so‘radi. U politsiyaning "haddan oshiq kuch ishlatgan"i noto‘g‘ri bo‘lganini aytdi, biroq qurilish ishlari "qonuniy va odilona" ekanini bildirdi.

Kechirim ortidan seshanba oqshomida Istanbulning Taksim hiyobonida bayramona kayfiyat hukm surdi. U yerda futbol ishqibozlaridan tortib galstuk taqqan moliyaviy muassasalar xodimlari yig‘ilgandi.

Muxbirimizga ko‘ra, ular hukumatga qarata "Bizni eshitdingmi?" deya xitob qilishgan.

Biroq, biroz o‘tib politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun yana suv purkagichlar va tutun gratanalarini olomonga qarata ishlatgan.

Izmirda ham bayramona kayfiyat hukm surgan, biroq politsiya namoyishchilar bilan o‘zi orasida masofani saqlagan. Ba‘zi yosh namoyishchilar biroz avval xavfsizlik kameralarini sindirib, politsiyaga tosh otganlar.

"Nodemokratik"

Izmirda, shuningdek, davlat qaramog‘idagi Anatoliya xabar agentligi 25 kishi Tvitterda noto‘g‘ri ma‘lumotni tarqatgani uchun hibsga olinganini aytgan.

Muxolifatga ko‘ra, ular odamlarni namoyishlarga qo‘shilishga undaganlari uchun hibsga olinganlar.

Bosh Vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an yakshanba kuni Tvitterni "yovuz kuch" deb atab, u yolg‘on ma‘lumot tarqatish uchun qo‘llanayotganini aytgandi.

Uning muovini janob Arinj esa namoyishlar to‘xtatilishiga chaqirgan va ular "terrorchi tus olgan"ini aytgan.

Janob Arinjning yarashuvga chaqiriqlari janob Erdo‘g‘anning qattiqqo‘l mavqeidan farq qiladi. Erdo‘g‘an namoyishlarni nodemokratik deya atagan.

Marokashga safari chog‘ida jurnalistlarga gapirgan bosh vazir: "Uyga qaytganimda, barcha muammolar hal etiladi", - dedi.

Ayni damda Turkiyaning NTV televizion kanali ilk namoyishlarni yoritmagani uchun kechirim so‘ragan. Kanalning ba‘zi xodimlari namoyishlar yoritilmaganiga qarshi chiqib iste‘fo berganlar.

Namoyishchilar o‘z chiqishlarini muvofiqlashtirish uchun ijtimoiy muloqot saytlaridan keng foydalanishayapti.

Seshanba kuni chap-qanot Kesk kasaba uyushmalar konfederatsiyasi hukumatni "davlat terrori"ni amalga oshirishda ayblab, ikki kunga ish tashlaganlar.