Buxorodagi universiada favqulodda xavfsizlik choralari ostida o‘tmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Buxoroda talaba-yoshlar o‘rtasidagi "Universiada-2013" sport musobaqalari munosabati bilan favqulodda xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Buxorodagi manba‘larga ko‘ra, shaharning tarixiy qismiga olib boruvchi yo‘llar yopib qo‘yilgan, piyoda va transport harakati cheklangan.

O‘yinlar arafasida talabalar o‘qishdan chetlatilib, obodonchilik ishlariga jalb etilgan.

Oliy o‘quv yurtlaridagi imtixon va sinovlar "Universiada" o‘yinlari tugaganidan so‘ng davom ettirilishi aytilmoqda.

Musobaqalarda 1200 nafar talaba 12 ta sport turi bo‘yicha bellashishi ma‘lum qilingan.

"Maxsus ro‘yxat"

Buxorolik talabalardan birining BBCga aytishicha, payshanba kuni kechqurun bo‘ladigan ochilish marosimini tomosha qilish barcha talabalarga ham nasib qilmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ochilish marosimi hamda undan keyingi o‘yinlarga talabalar huquq-tartibot idoralari tuzgan maxsus ro‘yxat bo‘yicha qo‘yilmoqda.

Har yili o‘tadigan "Universiada" musobaqalariga qancha mablag‘ sarflanishi ma‘lum emas.

Ammo bu mablag‘ning katta qismi mahalliy byudjetlar, shuningdek, tadbirkorlar hisobidan qoplanishi aytiladi.

O‘zbek matbuoti musobaqalarni "mamlakat sportini rivojlantirishdagi muhim bosqich" deb ta‘riflaydi.

Ammo BBC suhbatlashgan buxorolik talaba o‘yinlar yoshlar orasida sportning ommalashishiga sabab bo‘layotganini savol ostiga oladi.