FIFAning yangi reytingida: O‘zbekiston yuqori to‘rtlikka qaytdi

Image caption O‘zbekiston bu gal ham FIFA reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xalqaro Futbol Uyushmasining bu oygi reytingida 8 pog‘ona yuqorilab, yana Osiyo qit‘asining eng kuchli to‘rtta milliy jamoasidan bittasiga aylandi.

O‘tgan oygi ro‘yxatda O‘zbekiston 66-o‘rinni egallagandi.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston bu gal ham FIFA reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi.

FIFAning yangi reytingida qit‘a peshqadamligi hanuz Osiyoning to‘rt karra chempioni Yaponiya qo‘lida.

Undan keyingi o‘rinlarni esa, Janubiy Koreya va Avstraliya egallashgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi shu yil yanvar oyida o‘z tarixidagi ikkita eng yuqori natijadan birini qayd etgandi.

Jamoa 56-o‘ringa ko‘tarilib olgan va Osiyo qit‘asida yuqori to‘rtlikka kirgandi.

Ammo mart oyigacha reytingi uch pog‘ona pastlab, o‘z o‘rnini ashaddiy raqibi Eronga berib qo‘ygandi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, ko‘rsatgan so‘nggi natijasi ham O‘zbekiston terma jamoasining yaqindagina FIFA reytingida egallagan eng yuqori ko‘rsatkichidan biroz past.

O‘zbekiston 2006 yilda dunyoning manaman degan milliy terma jamoalarini ortda qoldirib, FIFA reytingida 45-o‘rinni egallagan va Osiyoning eng kuchli terma jamoalari orasida kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar 1994 yilgi Osiyo O‘yinlari chempioni bo‘lishlari ortidan qit‘a tarixida bu kabi natijaga erishishmagandi.

Lekin bor-yo‘g‘i 4 yilning ichida 108-o‘ringa tushib qolishga ham ulgurishgandi.

Bunga o‘zbekistonlik futbolchilarning o‘tgan Jahon chempionatining final bosqich uchrashuvlariga chiqish yoki Osiyo O‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish urinishlari chippakka chiqqani sabab bo‘lgandi.

Markaziy Osiyo, MDH, Jahon miqyosida-chi?

Image caption FIFAning bu oygi reytingida yana Ispaniya peshqadamlik qilgan

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasidan Rossiya 11-o‘rin bilan bo‘lsa-da, yana eng yaxshi natija ko‘rsatgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan esa, O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni Tojikiston (112-o‘rin), Turkmaniston (132-o‘rin), Qirg‘iziston (143-o‘rin) va Qozog‘iston (146-o‘rin) egallashgan.

FIFAning bu oygi reytingida yana Ispaniya peshqadamlik qilgan.

So‘nggi Jahon chempioni ortidan yuqori uchlikni egallab turgan Olmoniya va Argentinalarning ham o‘rinlari o‘zgarishsiz qolgan.

FIFA reytingi esa, milliy terma jamoalarning turli xalqaro tadbirlarda erishgan yutuqlariga asoslanib ishlab chiqiladi.

Saralash bosqich bellashuvlarini muvaffaqiyatli davom ettirayotgan O‘zbekiston joriy paytda Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga 4.5 ta yo‘llanmadan bittasini qo‘lga kiritishga da‘vo qilayotgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘lib turibdi.

FIFAning yangi reytingi O‘zbekiston milliy terma jamoasining qator muhim xalqaro uchrashuvlari arafasida e‘lon etilgan.

Jamoa kelasi ikki hafta ichida o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqishini kafolatlashi mumkin bo‘lgan so‘nggi ikki uchrashuvini o‘tkazadi.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi ikki tur uchrashuvi doirasida 11 iyun kuni safarda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. 18 iyun kuni esa, Toshkentda o‘z maydonida Qatarni qabul qiladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun payshanba kuni safarda o‘tkazgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida esa, mezbon Xitoyni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.