Fojeadan uch yil o‘tib Qirg‘iziston janubida yarashuv intilishlari qanday?

Mojaroda ikki tomon ham jabr ko‘rgan deb aytiladi, biroq Qirg‘iziston janubida yashayotgan o‘zbeklar uchun zarba juda katta bo‘lgan. Internet vositalari xam turli xil rasmlar, videofilm va hujjatlar orqali "raqamli xotirani" eslatib turadi. Bu o‘z o‘rnida, etnik zo‘ravonliklar girdobiga yo‘llikan odamlarga xizmat qila oladimi? Ijtimoiy media davrida internetda paydo bo‘lgan o‘zbeklar jamoalari qanday qilib yarashishga tayyor bo‘lishadi?

Amerikalik olima, etnograf Sara Kendzior bilan shu haqda suhbatlashdik.

Sara Kendzior: Men o‘zbek jamoalariga baho bermoqchi emasman, ularning niyatlari yomon emasligiga ishonmoqchiman. Katta fojealar sodir bo‘lganda, ko‘p odamlar shaxsiy extiroslar bilan bunga yondashadi. Bu ehtiroslarni yomon yoki yaxshi deb aytolmaysiz, chunki bu hodisa sodir bo‘lgan va odamlar o‘z munosabatini xanuzgacha bildirishmoqda. Buning oqibatlari ikki yo‘nalishda ketishi mumkin, bir tomondan Qirg‘iziston hukumati o‘ziga mos yo‘lda voqealarni taqdim eta olishiga oid taxminlar xavotirlarni uyg‘otadi. Va bundan tashqari O‘sh va boshqa atrofda yashaydigan o‘zbeklarga nisbatan bo‘lgan shafqatsizliklarning ahamiyatini tushirishga qaratilgan xarakatlar xam juda tashvishlantiradi. Hamda xodisalar qanday rivojlangani borasida tekshiruvlarni olib borishda internet ko‘mak berishi mumkin, ya‘ni shaxsiy video va rasmlar kabi dalillar saqlanib qoladi. Boshqa tomondan esa, agar bu dalillar interentda saqlanib qolsa, odamlar orasida samimiy kechirish xislarini olib chiqish va yarashuv aloqalarini yo‘lga quyish qiyin bo‘ladi. shunisi qiziqki, men bu hodisalardan so‘ng shaxsan o‘zim O‘shga borganim yo‘q, lekin men suhbatlashgan shaxs ikki marotaba, 2011 va 2012 yillarda u yerga borib qaytdi. Uning xulosasi shu bo‘ldiki, O‘shdagi o‘zbeklar bu hodisalarni ortda qoldirishni istaydilar, ular bu hodisalarni unutishmagan, yoddan chiqarishmagan lekin ortda qoldirishni istaydilar. Ular kundalik hayotlari bilan mashg‘ul bo‘lib, ayni vaqtda faol bo‘lish yoda o‘z haqlarini talab qilish imkoniga ega emasliklarini tushunadilar. Ular bu k abi masalalarni ko‘tarib chiqishga harkat qilmayaptilar, chunki oqibati qanday bo‘lishini biladilar. Janubiy Qirg‘izistonda yashamayotgan o‘zbeklar esa hanuz o‘ta g‘azabdalar va qasos olish istagi bilan yashamoqdalar. Kerakli tekshiruv o‘tkazilmadi, tegishli xulosalar chiqarilmadi, biz yana qilishimiz kerak, deb savol tashlayotganlar bor. Nima qilishimiz kerak, deb so‘rashadi, lekin men aniq javob berolmayman, ular balki xalqaro darajada tekshirish o‘tkazilishiga chaqirishlari mumkin, lekin O‘shdagi o‘zbeklarni nazarda tutsak, ularning xuquqlari chegaralangan xolda qolib ketayotir.

Image caption O‘zbeklar bu hodisalarni unutishmagan, yoddan chiqarishmagan, lekin ortda qoldirishni istaydilar.

BBC: Lekin ayni vaqtda internetda bu zo‘ravonliklar tushirilgan rasm va ma‘lumotlarni qayta-qayta chop etish bu g‘azabning saqlanib qolishiga xizmat qilayotgan bo‘lsa, ayni vaqtda o‘zaro nafratning ham saqlanib qolishiga xizmat qilayotgan bo‘lishi mumkin, demak bu kabi ikkilamchi vaziyat mavjud, shundaymi?

Sara Kendzior: Ha bu kabi ta‘sir bor va nimani izhor qilish keragu nimani izhor qilish kerak emasligini aytish juda qiyin. Bir tomondan bo‘ldi, zo‘ravonlikni yoddan chiqaring deya olmaysiz. Bu hodisalar insonlar hayotiga ta‘sir qilgan, o‘chmas iz qoldirgan. Zo‘ravonlik oqibatida 500 kishi qurbon bo‘ldi, degan statistik ma‘lumot ortida bu 500 kishi har birining hayoti, uni yaxshi ko‘rgan yaqinlari, motam tutayotgan oilasi turibdi. Albatta bu hodisalarga turtki bergan alohida shaxslar bor, ikkala tomondan ham qurbonlar bor. Butun boshli jamoalarni ayblamasdan o‘sha muayyan shaxslarni topib javobgarlikka tortish menimcha, adolatni o‘rnatish yo‘lida xizmat qilishi mumkin. Xalqaro miqyosda ba‘zi o‘zbek jamoasi vakillari tomonidan butun qirg‘iz xalqini yomon otliqqa chiqarish harakatlari natija bermaydi. Ularning orasida ham bu zo‘ravonliklarni qoralagan talaygina odamlar bor. Bu yerda jamoalarni emas balki Jinoyatchilikka qo‘l urgan individual shaxslarni adolatga olib kelish kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Qirg‘iz hukumatining hodisalar talqini o‘zgacha dedingiz, ikki tomon talqinini yaqinlashtirish, umumiylashtirish imkoni bormi?

Sara Kendzior: Bu juda qiyin vazifa. Bu hodisalar sodir bo‘lgan vaqti, Qirg‘iziston hukumati o‘ta mushkul o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda edi. O‘shandan beri o‘tgan vaqt ichida mamlakat janubi anchayin millatchilashib ketdi. Qudrat dinamikasi o‘zgardi, hozirda qirg‘iz jamoasi anchayin qudratliroq, o‘zbek jamoasi o‘zi ega bo‘lgan qudratning ancha qismini yo‘qotdi. Xullas qudrat dinamikasida ham o‘rtacha yo‘lni topish hozirda mushkul. Agarda hukumat bu hodisalarda qo‘li borlarni tekshiradigan bo‘lsa, ulardan aksari qirg‘iz millatiga mansub ekanligi aniqlanishi mumkin. Xullas ular barqarorlik va tinchlikni saqlashga harkat qilmoqdalar, lekin bu tinchlik adolatga asoslangan emas. Balki vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgarar, Qirg‘iz hukumati anchayin ochiq va demokratik yo‘ldan borar. Bu kabi hodisalar jahonning boshqa nuqtalarida ham sodir bo‘lgan. Dastlab jamoalar qanday qilib endi birga yashashadi, degan xavotirlar bo‘lgan yerlar bo‘lgan, misol uchun sobiq Yugoslaviyada, lekin keyinchalik bu muammoga jinoyatchilarni maxkamaga tortilganidan so‘ng yechim topilgan. Xullas bu bo‘lmaydigan narsa emas, lekin hissiyotlar hanuz jo‘sh urmoqda.

BBC: Intrenet odamlarga fojeadan saboq chiqarish yoki uning mudhish sabablarini tushunish uchun qanday yordam berishi mumikn?

Sara Kendzior: Hukumat yoki bir qudratli guruh odamlarga hech narsa sodir bo‘lmadi deya ta‘kidlab tursa, internet o‘z rasmlari va dalillari orqali xaqiqiy vaziyatdan ma‘lumot berishga yordam berishi mumkin. Va o‘zbeklar jamoasiga o‘z hissiyotlari, muammolarini dunyoga aytish uchun uchun xam qandaydir bir vosita bo‘lib qolgan. Biroq, shu bilan birga internetga yomon yoki yaxshi deb baho berish kerak emas.