Prezident Putin oilasidan ajrashdi

Image caption Putin oilasi madaniy tarzda ajralganini bildirdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va ayoli Lyudmila Putina nikohlari xotima topgan.

Bu haqda Putinlar juftligi payshanba kuni Kreml saroyida "Esmeralda" baletini tomoshasidan so‘ng "Rossiya 24" telekanali muxbiriga bergan intervyuda rasman ma‘lum qilishgan.

"Biz shunday umumiy qarorga keldik- bizning nikohimiz tugadi", - deb aytgan janob Putin.

Shu bilan birga, Vladimir Putin o‘zining vazifasi butunlay omma bilan bog‘liqligi va bu holga hamma ham dosh berolmasligini ta‘kidlagan.

"Bu haqiqatdan bizning yakdil qarorimiz bo‘ldi. Bizning nikohimiz tugashiga asosiy sabab, biz deyarli ko‘rishmaymiz. Vladimir Vladimirovich ishga o‘zini butunlay baxsh etgan, bizning bolalarimiz esa endi ulg‘ayishdi va ular mustaqil hayotlarini yashashmoqda. Taqdir taqozosi bilan, hamma o‘z hayotini yashamoqda, men omma ko‘zida bo‘lishni haqiqatda yoqtirmayman. Lekin biz bir umr eng yaqin kishilar bo‘lib qolamiz. Men Vladimir Vladimirovichdan doim meni quvvatlab kelgani uchun minnatdorman", - degan Lyudmila Putina.

Putin qizlari

Vladimir Putin va Lyudmila Putina 1983 yil 28 iyulda turmush qurishgan va deyarli 30 yil birga yashashdi. Ularning Mariya va Yekaterina ismli ikki qizi bor.

Putinning qizlari haqidagi rasmiy ma‘lumotlar juda kam.

Putin intervyusida qizlari haqida to‘xtalib, "Biz ularni juda yaxshi ko‘ramiz va faxrlanamiz. Ular haqiqatda ulg‘ayishdi va o‘z hayotlarini qurishdi. Farzandlarimiz Rossiyada katta bo‘lishdi, shu yerda ma‘lumot olishdi va Rossiyada yashashyapti", dedi.

Oxirgi paytlar Vladimir Putin oilasi bilan ommaviy tadbirlarda juda kam ko‘ringani matbuotda va odamlar orasida ularning munosabati yaxshi emasligi haqidagi turli mish-mishlarni kuchaytirgan.

2007 yil Italiyada bo‘lgan matbuot anjumanida muxbirlardan biri Rossiya Prezidentidan uning gimnastikachi Alina Kabayeva bilan munosabatlari haqida so‘ragan, Putin esa bu gaplarda hech bir haqiqat yo‘qligini urg‘ulagan edi.

Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov payshanba kechqurun Putin oilasi bergan qarorni tasdiqladi, lekin rasmiy hujjatlar hali imzolanmaganini bildirdi.

Shuningdek, Peskovning aytishicha, ajrimni e‘lon qilish ataylab tayyorlanmagan, matbuotda tarqalgan mish-mishlar borasida muxbirning savoliga javob berilgan xolos.

Interfaks agentligining "Putin oilasi tomosha uchun nega aynan "Esmeralda" baletini tanlagani" haqidagi savoliga matbuot kotibi bu balet g‘amgin emas, balki hayotiyligini qayd etdi.