Qirolicha BBCning yangi binosini rasmiy tarzda ochib berdi

Britaniya qirolichasi Yelizaveta II BBCning London markazida joylashgan New Broadcasting Housega tashrif buyurib, tantanali marosimda ishtirok etdi.

Qirolicha BBCning yangi binosini katta xursandchilik bilan ochayotganini bildirdi.

Tantanali marosim BBC Radiosining bir nechta kanali orqali maxsus translatsiya qilindi.

BBC offisiga Qirolichaning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filip bilan tashrif buyurishi kutilgan edi. Biroq Bukingem saroyidan bildirilishicha, shahzodaning tobi qochganligi tufayli London kasalxonasiga yotqizilgan.

Qirollik qabuli

Ertalabdan BBC binosi oldida qirolichani ko‘rishni xohlaganlar yig‘ilayotganini ko‘rish mumkin edi. Ular moviy rangli kostyum va shlyapa kiygan qirolichani qo‘llarida bayroqchalar bilan kutib olishdi.

BBC xodimlari ham qirolichani katta qiziqish bilan qarshilashdi.

Yelizaveta II binoning uch qavatida, xususan BBC Jahon xizmati joylashgan qismida bo‘lgan, unga BBC Bosh direktori Toni Xoll hamrohlik qildi va jonli efirda shahzoda Filipga sog‘lik tiladi.

Qirolicha BBCning yetakchi va yosh jurnalistlari bilan uchrashib, ularga yangi binoda muvaffaqiyatlar tiladi.

New Broadcasting Houseda BBCning to‘qqiz radiostantsiyasi, uch telekanali joylashgan, binoda olti mingdan ortiq xodim ishlaydi.