Rossiyada o‘ndan ortiq mehnat muhojiri suvdan zaharlangan

Image caption Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari ko‘pincha pulni tejash uchun yashash sharoiti bo‘lmagan joylarda yashashga rozi bo‘lishadi.

Tojikiston telegraf agentligiga ko‘ra, Rossiyaning Perm viloyatida ich terlamaga yo‘liqqanligi taxmin qilingan muhojirlarning soni 16 taga yetgan.

5 iyunda ich terlama belgilari bilan bir qancha bemorlar kasalxonaga yotqizilgan.

Permdagi "Fuqarolik himoyasi" tashkiloti bergan ma‘lumotga binoan, 10 kishida bu kasallik tasdiqlangan.

Agentlikka ko‘ra, kasallanganlarning hammasi "Zaostrovka" oziq-ovqat bozorida mehnat qilgan o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlardir. Ular mahalliy mehmonxonada yashashgan.

Kasallikning belgisi dastlab tojik muhojirida bilingan, so‘ngra o‘zini behol his qilganlar ko‘paya borgani xabar qilinadi.

Taxminlarga ko‘ra, antisanitariya sharoiti muhojirlarni yoppasiga zaharlanishiga sabab bo‘lgan. Muhojirlar quduqdagi suvni olib iste‘mol qilganlar. Quduqdagi suvning tarkibida ich terlamaga olib keladigan xavfli unsurlar topilgan.

Rospotrebnadzorning rahbari Gennadiy Onishchenkoning bildirishicha, yashash sharoiti o‘ta abgor shaxsiy uyda 101 kishi istiqomat qilib kelgani ham kasallikning tarqalish sabablaridan hisoblanadi.

Ayni paytda bozor ma‘muriyatiga mehnat muhojirlari foydalangan quduqni yopib tashlash buyurilgan.

Ushbu hodisadan keyin "Zaostrovka"bozoridagi sanitariya sharoiti va mehnat muhojirlarining yashash joylari qanchalik talabga javob berishi o‘rganilayotgani aytilgan.

Rossiyaga tirikchilik ilinjida Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlari ko‘pincha turish haqi arzon uylarda yoki o‘zlari moslashtirib olgan joylarda yashashni ma‘qul ko‘rishadi.

Bu holat natijasida turli yuqumli kasalliklar tarqalishi yoki yong‘in kabi ofatlarning tez-tez yuz berishi kuzatiladi.

Rossiyadagi inson huquqlari faollari va muhojirlar bilan ishlash markazi xodimlarining aytishicha, bunday holatlar asosan noqonuniy mehnat muhojirlari bilan sodir bo‘ladi.