Turkiya Bosh vaziri namoyishlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on mamlakatni qamrab olgan aksilhukumat namoyishlarini tezlikda to‘xtatishni talab qilgan.

Shimoliy Afrikaga to‘rt kunlik safaridan qaytgan janob Erdo‘g‘on Istanbul aeroportida tarafdorlari oldida chiqish qilarkan, namoyishlar qonun doirasidan chiqib, vandalizm ko‘rinishini olganini aytgan.

Bir hafta oldin Istanbuldagi Geza istirohat bog‘ining buzilishiga qarshi boshlangan tinch namoyishlar, politsiyaning zo‘ravonligi tufayli butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarni keltirib chiqargandi.

"Sog‘lom aql"

Xabarlarga ko‘ra, juma kuni tunda aeroport oldida Erdo‘g‘on partiyasining o‘n mingdan oshiq tarafdorlari uni olqishlashgan.

Turmush o‘rtog‘i va vazirlari bilan birga omma oldida ko‘ringan Erdo‘g‘on yig‘ilganlarga qarata "Demokratiya talablariga to‘g‘ri kelmaydigan bu namoyishlar zudlik bilan nihoya topishi lozim", - deya xitob qilgan.

Tarafdorlarining qichqirig‘i va qo‘shiq sadolari ostida bosh vazirning so‘zlari vaqti-vaqti bilan eshitilmay qolgan.

Erdo‘g‘onni qo‘llab-quvvatlayotganlarning bir qanchasi "Taksimni bostirishga olg‘a!" kabi shiorlarni takrorlashgan.

Lekin janob Erdo‘g‘on to‘planganlarga tinch yo‘l bilan uy-uylariga tarqalishni so‘ragan.

"Siz o‘zingizni bosiq va sog‘lom aqlingizni namoyish qildingiz", "Biz bu yerdan uy-uyimizga tarqalamiz" degan u.

Shu bilan birga, bosh vazir uning iste‘fosini talab qilayotganlarga qarata, 2011 yilgi saylovlarda butun mamlakat bo‘ylab haqqoniy ovoz olganini eslatgan.

Bu- Turkiyada bir haftadan buyon tinmayotgan aksilhukumat namoyishlar ortidan, Erdo‘g‘on tarafdorlari yig‘ilgan birinchi yirik harakatdir.

Istanbuldagi BBC muxbiri Mark Lounga ko‘ra, bosh vazirning aeroportda tantanali tarzda kutib olinishi mamlakatda uning tarafdorlari hali ko‘pligini ko‘rsatadi.

Namoyishlar

Biroq Erdo‘g‘onning chaqirig‘i noroziliklar olovini kuchaytirishi ham mumkin, - deydi Mark Loun.

Vaziyatning o‘zgarib ketishidan xavotirlar bois, shahardagi xavfsizlik choralari kuchaytirilishi mumkin, deb xabar beradi muxbirimiz.

Taksim maydonidagi muxbirlarga ko‘ra, namoyishchilar raqslarga tushib, siyosiy shiorlarni ilgari surishmoqda.

Namoyishga chiqqan ma‘lumotli o‘rta tabaqa vakillarining aytishicha, Turkiyada erkin siyosiy madaniyat yetishmaydi.

Muxbirlarga ko‘ra, Politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan bog‘da ko‘ngillilar tozalik ishlarini qilib turishgani bois atrof toza. Faollar kechayu kunduz navbatchilik qilib turishibdi.

Bog‘da namoyishchilar kayfiyati bayramona ko‘rinadi. Atrofda moslashtirilgan birinchi tibbiy yordam bo‘limlari, oshxona, kutubxona, gumanitar yordam punktlari va turli boshqa xizmatlar ishlab turibdi.

Ko‘cha sotuvchilari odatdagiday non va suvdan tashqari tibbiy maska, himoya ko‘zoynaglari ham sotishga o‘tishgan. Shahar markazi odamlar bilan to‘la, namoyishchilar avvalgidek politsiyadan qo‘rqib qochmayotgani, turli shiorlar yozilgan futbolkalar kiyib olgan yoshlar ko‘chalarda ko‘pligi xabar qilinadi.

Bugun Turkiyada muborak juma kuni ham har doimgiday nishonlanmoqda. Namoyishchilar ichida ro‘mol o‘ragan ayollar deyarli yo‘q. Shahar bog‘larida hukumatning alkogolli ichimliklar va abortni taqiqlagan qonunlariga qarshi odamlar va boshqaruvdagi partiyaning yakkahokimlikka qarab ketyapti, deb hisoblagan yoshlar bilan gavjum.

Turkiya Bosh vaziri jurnalistlar bilan suhbatda "namoyishchilarning orasida terrorizmga aloqador ekstremistlar aralashib yuribdi", deb ta‘kidlagan.

Norozilik ishtirokchilari Erdo‘g‘on hukumatini tobora avtoritar bo‘lib borayotgani va dunyoviy davlatdan ko‘proq islomiylashtirishga qarab ketayotganida ayblashgan.

Turkiya Bosh vaziri noroziliklar manzarasida Geza istirohat bog‘ini qayta qurish loyihasini himoya qilmoqda.

Namoyishlar boshlangandan buyon to‘rt kishi qurbon bo‘lgan, minglab odamlar jarohatlangan, yuzlab odamlar hibsga olingani xabar qilingan.

Ichki ishlar vaziri Muammar Gulerning bildirishicha, yaradorlarning 500 dan ortig‘i politsiya xodimlaridir.

Bundan avval Bosh Vazir muovini Bulant Arinj ilk namoyishlarga nisbatan politsiyaning qattiqqo‘l javobi uchun kechirim so‘ragan edi.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv qo‘llagan.

Ayni vaziyatda Turkiyada juma kuni Ovro‘po Ittifoqi a‘zolarining xalqaro anjumani ochilishi kerak.

Unda janob Erdo‘g‘onning nutq so‘zlashi va mamlakatdagi hozirgi ahvol haqida hisob berishi kutilmoqda.