Londondagi Islomiy maktabni yoqib yuborish gumonida to‘rt o‘spirin qo‘lga olindi

Image caption London shimolidagi Islomiy markazga o‘tgan hafta o‘t ketgandi

London politsiyasi shahar janubi-g‘arbida joylashgan Islomiy maktab-internatni yoqib yuborishda gumon qilib, to‘rt o‘spirinni hibsga oldi.

Shanba kuni "Dorul Ulum" nomli Islomiy maktabga o‘t ketarkan 128 talaba va o‘qituvchi evakuatsiya qilingandi.

Yakshanba kuni London politsiyasi ikki 17 va ikki 18 yashar o‘spirinni hibsga olgan.

Politsiyaning aytishicha, yong‘in binoga katta zarar yetkazmagan, tutundan zaharlangan ikki shaxs hozirda shifoxonada davolanmoqda.

Gumonlangan shaxslar London janubidagi politsiya bo‘linmasida ushlab turilibdi.

Komandir Saymon Letchfordning BBCga ma‘lum qilishicha: "Baxtli tasodif tufayligina yong‘in oldi olingan. O‘t ketgan joy tez aniqlangan."

Politsiya so‘zchisi jamoatchilikni sokinlikka va yong‘in sabablari haqida turli farazlarga berilmaslikka chaqirgan.

O‘tgan chorshanba kuni London shimolidagi Mazvell-Hill mavzesida Islomiy markazga o‘t ketgandi.

London politsiyasi boshlig‘i ser Bernard Hogan-Hou Britaniya poytaxtida yuz bergan ikki shubhali yong‘in ortidan qator musulmon muassisalarini tunu kun qo‘riqlashga buyruq bergan.

Ser Bernard ikki yong‘inni britan askari Li Rigbining 22 may kuni London sharqida halok etilishiga bog‘lagan.

London politsiyasining boshlig‘i jamoalar o‘rtasida adovatni yoyish urinishlariga yon berilmaslikka chaqirgan.

"Biz Li Rigbi o‘limini londonliklar o‘rtasidagi bo‘linishlar sababi bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak", - deya ilova qilgan politsiya boshlig‘i.

Ichki masalalar bo‘yicha BBC muxbiri Denni Shou ta‘kidlashicha, politsiya komissarining bayonoti Londondagi vaziyatning naqadar jiddiy ekani va politsiyasining etnik ozchiliklar xavfsizligidan chuqur tashvishda ekanini ko‘rsatadii.

"London politsiyasi hujumlar takrorlanishi mumkinligini taxmin qiladi", - deydi BBC muxbiri.

Britaniyada yashovchi musulmonlar soni yarim asr muqaddam 50 ming bo‘lsa, hozirga kelib ularning soni deyarli 3 millionga yetgan.