Olmoniya: toshqin tufayli o‘n minglab insonlar o‘z uylarini tark etmoqda

Image caption Olmon mulozimlari toshqinni milliy halokatga tenglashtirmoqdalar.

Sharqiy Olmoniyada Magdeburg shahri yaqinida Elba daryosi to‘g‘oni toshishi oqibatida 23 mingga yaqin odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Hozirda Magdeburg yaqinida suv sathi pasayayotgan esa-da, qo‘shni mintaqalar hanuz xavf ostida qolmoqda.

Mojaristonda suv ostida qolgan hududlardan 1200 nafar inson ko‘chirilgan.

Markaziy Ovro‘poga kelgan toshqindan allaqachon 18 inson halok bo‘lgan. Toshqin yetkazgan zarar milliardlab yevroga tenglashtirilmoqda.

Olmoniya hukumati mamlakat sharqidagi yana bir necha to‘g‘on suv sathining dosh bera olmasligi mumkinligidan xavotirga tushgan.

Olmoniya prezidenti Ioaxim Gauk Magdeburg mintaqasiga safar qilgan va mahalliy aholining tabiiy ofatga qarshi qanday qilib kurashayotganidan qoyil qolganini aytgan.

Suv toshqini tez orada Olmoniyaning shimoliy mintaqalariga o‘tishi kutilmoqda.

Berlin sharqiga kelgan toshqin sababli poytaxtni Keln, Frankfurt va Amsterdam bilan bog‘lab turuvchi temir yo‘l xatti berkitilgan.

Olmoniya kantsleri Angela Merkel ofatdan zarar ko‘rgan mintaqalar rahbarlari bilan uchrashgan va ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy manbalar haqida suhbatlashgan.

Olmoniyalik siyosatchilar bu galgi toshqinni milliy halokatga tenglashtirmoqdalar.