Qirg‘izistonda Osh va Jalolobod voqealarining uch yilligi xotirlanmoqda

Image caption O‘sh shahridagi xotira marosimi "Onalar ko‘z yoshi" yodgorligi o‘ngida bo‘lib o‘tdi

10 iyunda Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan va 400 ga yaqin insonning o‘limiga sabab bo‘lgan qonli voqealarga uch yil to‘ldi.

Qirg‘iziston bo‘ylab mamlakat janubida yuz bergan mazkur etnik mojarolar xotirlandi.

BBC muxbirining aytishicha, Qirg‘iziston Bosh vaziri Jonto‘ra Sotiboldiyev mamlakat janubiga safar qilgan.

U dastlab O‘sh shahrida "Onalar ko‘z yoshi" yodgorligi o‘ngida o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan va so‘ngra Jalol-Obod viloyatidagi "Sanpa" paxta ishlab chiqarish korxonasi qarshisida barpo etilgan yodgorlik o‘ngida o‘tkazilgan tadbirda qatnashgan.

O‘sh va Jalolobod voqealari munosabati bilan "Vecherniy Bishkek" gazetasida Prezident Almazbek Atamboyevning maqolasi chop etilgan.

Davlat boshlig‘i "mamlakat janubidagi fojianing oldini olish uchun o‘sha davrdagi muvaqqat hukumatda yetarli imkoniyat bo‘lmagan", deya tan olgan.

Lekin Human Rights Watch - Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti bildirishicha, Qirg‘izistonda yuz bergan qonli nizolarga bog‘lik mahkamalarda adolat qaror topmagan.

Xalqaro tashkilot 2010 yil iyun zo‘ravonliklari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari keng miqyosdagi o‘zboshimcha hibslar va noinsoniy munosabatlar, xususan, qiynoqlar bilan kechganini urg‘ulaydi.

"Tekshirilmagan mahkama zallaridagi zo‘ravonliklar va ayblanganlarga nisbatan sodir etilgan boshqa chidab bo‘lmaydigan nohaq zo‘ravonliklar ularning ma‘nili himoyaga ega bo‘lishlaridan mahrum etdi. Human Rights Watch tergovlar qanday qilib etnik O‘zbeklarni nomutanosib va adolatsiz ravishda nishonga olganini va bu guruh hibsdaligi payti qiynoq tahdidlari ostida qolganlarini hujjatlashtirgan", - deyiladi yangi hisobotda.