Barak Obama telefon va Internetni nazorat qilish amallarini yoqlab chiqdi

AQSh prezidenti Barak Obama hukumat tomonidan olib borilgan telefon aloqasi va Internetni kuzatish amallarini yoqlab chiqdi.

Janob Obamaga ko‘ra, bu kabi nazorat mahkama va Kongress roziligi bilan olib borilgan.

AQSh Prezidentining aytishicha, telefon aloqalari va Internetdan foydalanishni nazorat qilish mobaynida "shaxs erkinligi va xavfsizlik o‘rtasida muvozanat" saqlangan.

Uning shuningdek izofa qilishicha, AQShda amerika fuqarolarining Internet aloqalari kuzatilmagan. "Va hech kim sizning telefon so‘zlashuvlaringizga quloq tutmayapti", dedi Barak Obama.

Yaqinda Britaniyada chop etiladigan "Guardian" va Amerikadagi "Washington Post" ro‘znomalarida AQSh Milliy Xavfsizlik Agentligi telefon va Internet orqali ulkan miqdorda ma‘lumotlarni yig‘ayotgani haqida ma‘lumot chop etilgandi.

Facebook raddiyasi

Faollar bu kabi nazoratni shaxs erkinliklariga noqonunuiy ravishda daxl qilish sifatida baholadilar. Kongress esa bu terrorizmga qarshi kurashda oqlangan usul demoqda.

"Guardian" ning yozishicha, mahkamaning mahfiy hukmiga muvofiq Verizon telefon shirkati Milliy Xavfsizlik Agentligiga telefon aloqalari borasida millionlab ro‘yxatni topshirishi lozim bo‘lgan.

Bundan so‘ng "Washington Post" va "Guardian" da Milliy Xavfsizlik agentligi to‘g‘ridan -to‘g‘ri 9 yirik Internet shirkatlarining serverlarini kirib tekshirganligi haqida yozdilar. "Prizma" loyihasi ostida serverlari tekshirilgan shirkatlar orasida Facebook, Google, Microsoft va Yahoo lar borligi aytildi.

Facebook asoschisi Mark Tsukerberg matbuotda paydo bo‘lgan bu xabarlarni "jirkanch", deya atab Facebook ning bu loyihada ishtirok etganligini rad etdi.

Huddi shunga o‘xshash raddiyalarni boshqa shirkatlar ham bayon etishdi. Ular o‘z serverlariga kirishga ruxsat bermaganliklarini bildirishdi.

"Biz hech qachon Verizon shirkati ma‘ulumotlarni taqdim qilish borasida olganidek hukumatdan bu kabi talab yoda mahkama hukmini olganimiz yo‘q. Agarda bu kabi talab kelib tushganida ham biz unga qarshi qattiq kurashgan bo‘lardik. "Prizma" loyihasi haqida biz hech qachon eshitmaganmiz", dedi Facebook asoschisi.

Bundan tashqari juma kuni "Guardian" Britaniya elektron nazorat agentligi GCHQ "Prizma" loyihasida ishtirok etgani uchun Amerika Internet shirkatlari serverlaridagi ma‘lumotlarni ko‘rish imkoniga ega ekanligi haqida xabar qildi.

"Guardian" ning yozishicha, GCHQ bu loyihada 2010 iyun oyidan beri ishtirok etib kelgan va bu asosda olingan ma‘lumotlar shu vaqtgacha Britaniya Josuslik Xizmatining 197 hisobotiga kiritilgan.

Janob Obamaning aytishicha, bu loyihalar Kongress tomonidan bir necha marotaba tasdiqlangan va maxsus qo‘mitalar tomonidan mutassil nazorat qilib turilgan.

Unga ko‘ra, Prezidentlik vazifasiga kelgan vaqti bu loyihalarga shubha bilan qaragan, lekin ularni sinchikovlik bilan o‘rganib chiqib, qo‘shimcha xavfsizlik choralari kiritilganidan so‘ng "arzirli chora" degan xulosaga kelgan.

"100 foiz xavfsizlikni ta‘minlagan chog‘da 100 foiz shaxsiy daxlsizlikka ham erishish mumkin, va shu bilan birga hech qanday noqulaylik vujudga ham kelmasligi mumkin", dedi janob Obama.

Lekin bu yo‘lda ba‘zi yon bosishlarga borilganligini tan olgan AQSh Prezidenti, o‘ta mushkul tanlov borasida qarorlar olinganligini aytdi.

Aytilishicha, Verizon telefon shirkatidan talab qilingan ma‘lumotlar foydalanishda bo‘lgan telefon raqamlari, qilingan qo‘ng‘iroqlar va ularning uzunligi haqida bo‘lgan. Ayni vaqtda so‘zlashuvlar, telefon egalari manzillari yoda moliyaviy ma‘lumot talab qilinmagan.

"Prizma" loyihasi foydalanuvchilar borasida ma‘lumotlarni jamlamasligi, balki qidirilayotgan kalit so‘zga mos keluvchi ma‘lumotni izlab topishga asoslanganligi aytilmoqda.

AQSh Josuslik Agentligi rahbari Jeyms Klapperning aytishicha, Internetni nazorat qilish dasturi Amerikadan tashqarida bo‘lgan va mamlakat fuqarolari bo‘lmaganlar haqida josuslik ma‘lumotlarni olish uchun ishlab chiqilgandir.

Ammo "Washington Post" ning yozishicha, amerikaliklarning Internetlari nazorat ostiga olinishi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa ham, izlanayotgan nishon haqida ma‘lumot olish maqsadida amerikaliklar foydalangan ko‘plab ma‘lumotlar ham nazoratdan o‘tkazilgan.

"Prizma" loyihasi Prezidentga kundalik ravishda taqdim qilinadigan josuslik hisoboti va josuslik hisobotlariga ma‘lumot yetkazib berishda asosiy asboblardan biriga aylangani aytilmoqda.