Qazig‘urtda Shanxay tashkiloti harbiy mashqlari o‘tkaziladi

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi xabar qilishicha, 13 iyun kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekiston chegarasiga yaqin Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida "Kazigurt Anti-Terror-2013" harbiy mashqlari bo‘lib o‘tadi.

Harbiy-o‘quv mashqlari Shanxay Hamkorlik tashkilotining Mintaqaviy Aksilterror boshqarmasi qarori asosida tashkillashtirilayotgani xabar qilingan.

Mashqlarda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a‘zo mamlakatlarning tegishli idoralari ishtirok etadi.

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasidan bildirishlaricha, ushbu harbiy mashqlardan ko‘zlangan maqsad, Shanxay tashkilotiga a‘zo mamlakatlarning aksiltteror amaliyotlariga jalb etiladigan bo‘linmalarining o‘zaro hamkorlik yo‘llarini ishlab chiqishdir.

Qozog‘istonning Qazig‘urt tumani O‘zbekistonning Toshkent viloyati bilan chegaradosh.

Bu hududdagi harbiy poligon Sho‘ro zamonidan saqlanib qolgan.

Bu yerda qarorgohi Toshkentda joylashgan butun mintaqa respublikalari harbiy tizimlarini o‘zida bo‘ysundirgan Turkiston Harbiy okrugining maxsus "Turkiston sovxozi ham joylashgan edi.

Bundan bir yil oldin Tojikiston hududida "Tinchlik Missiyasi – 2012" deb nomlangan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tgan edi.

Bir hafta davomida Xo‘jand yaqinida o‘tkazilgan bu mashqlarda Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning ikki mingdan ortiq harbiysi ishtirok etgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining a‘zosi bo‘lsa-da, O‘zbekiston Tojikistonga o‘z qo‘shinlarini yubormagan.

Tojikistonning Rog‘un GESini barpo etish rejasi, temir yo‘ldan foydalanish kabi qator masalalar sababli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nihoyatda taranglashgan.

Kuni kecha Turkmanistonni O‘zbekistonni aylanib o‘tib Tojikiston bilan bog‘laydigan va Afg‘oniston orqali o‘tadigan yangi temir yo‘l loyihasi qurilishi Turkmaniston hududidan boshlangani xabar qilindi.