BBC mehmoni - mustaqil jurnalist Qudrat Bobojonga savol bering

Image caption Qudrat ijtimoiy-siyosiy maqolalari bilan yaxshi tanilgan

Mustaqil jurnalist Qudrat Bobojon bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimiz savollariga javob beradi.

Qudrat Bobojonga savollaringizni sahifamiz ostidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

Qudrat Bobojon 1965 yili Urganch shahrida tug‘ilgan.

1989 yili O‘zbekiston Milliy Universiteti (ToshDUning) Jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Qudrat Bobojon erkin matbuot faoliyatini Toshkentda Jurnalistika fakultetida tahsil olib yurgan yillari boshlagan.

O‘zbekistonda tashkil qilingan "Sayyor jurnalistika maktabi" asoschilaridan biri hisoblanadi.

Xorazmda tashkil etilgan ilk mustaqil televideniye ALCga bosh muharrirlik qilgan.

Ushbu televideniye 1999 yilda hukumat tomonidan yopilgan edi.

Qudrat Bobojon 1986 yil Qozog‘istonda Kommunistik partiya rahbari o‘zgarishiga qarshi Olma-Otada yuz bergan tug‘yon asosida "Olmaota voqealari yoki harakatchan daraxtlar" maqolasi bilan shuhrat qozongandi.

Mazkur maqola uchun Qudrat Bobojon o‘sha paytda komsomollar safidan haydalgan edi.

Jurnalist shuningdek 1988 yilda norasmiy "Erkin so‘z" ro‘znomasini chop etishga bosh qo‘shgan.

Uzoq yillar davomida turli mustaqil va xalqaro matbuot vositalari, jumladan BBC va "Ozodlik" radiolari bilan hamkorlik qilgan.

2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli hodisalardan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonni tark etgan.

Shvetsiyada boshpana olgan Qudrat Bobojon hozirda turli mustaqil nashriyalarga maqolalar yozadi.

2008 yili Shvetsiyaning SR Västernorrland milliy radiosi bilan hamkorlik qilgan.

"Bakom kulisserna med Kudrat Babadjanov" (Parda ortida Qudrat Bobojonov bilan) turkumi muallifi.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari yana kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.