Tojikiston O‘zbekistonni ekologik muammolar yuzasidan hamkorlikka chaqirdi

Image caption Talko zavodi faoliyati Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlari markazida turadi

Tojikiston parlamentining raisi Shukurjon Zuhurov O‘zbekiston parlamentiga ikki mamlakat atrof-muhitiga aloqador muammolarni da‘volar bilan emas, balki o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan hal etishni taklif qilgan.

10 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi raisi Dilorom Toshmuhammedovaga maktub yo‘llagan janob Zuhurov Tojikistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Tursunzoda tumanida joylashgan Alyuminiy Zavodi yoki Talkoning O‘zbekiston atrof-muhitiga salbiy ta‘siri ko‘rsatayotgani haqidagi rasmiy Toshkent da‘volari Tojikiston parlamentida muhokama etilganini bildirgan.

Janob Zuhurov so‘zlariga ko‘ra, Talko zavodining atrof-muhit va aholi hayotiga salbiy ta‘sir ko‘rsatayotganini ilmiy jihatdan isbotlash uchun "maxsus jihozlar va malakali mutaxassislar" lozim bo‘ladi.

Zero, uning ishonishicha, aholi salomatligiga yo‘qsillik, sifatsiz oziq-ovqatlar va tibbiy xizmat darajasining pastligi kabi omillar ham ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Boshqa tomondan, Tojikiston parlamenti vakillari, O‘zbekistonning Bekobod va Olmaliq shaharlarida joylashgan sanoat korxonalarining Tojikiston shimolidagi mintaqalarga salbiy ta‘sir ko‘rsatishiga ham ishora qilganlar.

Tojikistonlik mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Bekobod va Olmaliq shaharlarida faoliyat yurituvchi ushbu korxonalarning Tojikistonning Sug‘d viloyatiga yetkazayotgan iqtisodiy zarari yuzlab million dollarni tashkil etadi.

Tojikiston parlamenti a‘zolari ikki mamlakat o‘rtasida mavjud ekologik muammolarga yechim topish uchun xalqaro mustaqil mutaxassislarni jalb etishni taklif qilgan.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Talko zavodining Surxandaryo viloyati atrof-muhitiga yetkazayotgan zarari yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga shikoyat qilgandi.

Biroq Tojikiston Alyuminiy Zavodi mas‘ullari O‘zbekiston da‘volarini rad etib, oxirgi 5 yil ichida atrof muhitni yaxshilash uchun 100 million dollar sarflaganini ma‘lum qilganlar.

Tojikistondagi eng yirik sanoat korxonasi hisoblangan Talko 1975 yilda ishga tushirilgan.

Tojikiston mustaqil bo‘lgunga qadar ushbu korxonada 7 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarolari ishlagan.

Xorijiy matbuot vositalariga ko‘ra, Talko zavodidan olingan daromadning asosiy qismiy hozirda ofshor hisoblariga o‘tkaziladi.