Shifokorlar noqonuniy dalaga olib chiqilgan, ular huquqini talab qilgan faol kaltaklangan

Image caption Tibbiyot xodimlari O‘rta Chirchiq tumanidagi dalalarga ikki smenada dalaga olib chiqilayaptilar.

O‘zbekistonning Toshkent viloyatida tibbiyot muassasalari xodimlari qonunga zid ravishda paxta dalalariga olib chiqilganini tekshirgan va mahalliy amaldorlarning o‘zboshimchaliklaridan norozilik bildirgan taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva kaltaklangan.

Bu haqda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari alyansi xabar tarqatgan.

Faollarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatiga majburiy bolalar mehnati tufayli xalqaro bosimlar kuchayishi ortidan maktab o‘quvchilarini g‘o‘za chopig‘i yoki o‘tog‘i, paxta hosili yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilinmoqda.

Lekin endi davlat byudjetidan moliyalanadigan korxona, idora va muassasalar xodimlarining dala ishlariga majbur etilishlari hollari ko‘paygan.

Oxirgi yillarda ayniqsa, maorif tizimi va sog‘likni saqlash muassasalarida band bo‘lganlarning o‘z ixtiyorlariga qarshi chopiq va yig‘im-terimga safarbar etilayotgani haqida ko‘p xabarlar olinmoqda.

Ko‘nmaganlar ishidan ayrilishi haqidagi tahdidlar bilan duch kelmoqdalar.

O‘qituvchi yoki tibbiyot xodimlari O‘zbekistonda shundoq ham ish topish mushkulligini aytishadi va muntazam maoshga ega bo‘lish imkonini beradigan ishidan ajralib qolmaslik uchun ham hatto o‘z yonlaridan mablag‘ sarflab chopiq yoki paxta terishga chiqishga majbur bo‘lganlarini aytganlar.

Yaqinda Inson huquqlari himoyachilari alyansi Toshkent viloyatida o‘qituvchilar dalaga olib chiqilgani oqibatida maktablardagi darslar qoldirilgani haqida xabar tarqatgan edi.

O‘zbekiston hukumati paxta va don narxlarini erkinlashtirish talablarini rad etib keladi.

Paxta yoki g‘allaning tannarxi arzon bo‘lishiga erishish uchun xuddi SSSR zamonidek ommaviy majburiy safarbarlikka qo‘l uradi.

Bu safarbarliklar mahalliy hokimlarning zo‘ravonliklari, inson huquqlarini qo‘pol buzishlari, viloyat yoki tumandagi rahbarlarni haqorat qilish va hatto do‘pposlashlari bilan kechadi.

Image copyright uzbekgermanforum.org

Zotan, viloyat yoki tuman hokimining keyingi yil o‘z lavozimida qolish-qolmasligi uning paxta va g‘alla topshirish rejasini uddalagan-uddalamaganiga bog‘liq.

O‘zbekistonda hatto parlament a‘zolarining ham paxta kimga va qanchaga sotilayotganini, uni sotishdan tushgan mablag‘ning nimaga sarflanishini bilmasliklari aytiladi.

Mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, shuning uchun ham mahalliy amaldorni O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston xalqaro miqyosda imzolagan konventsiyadagi majburiyatlarini bajarish ko‘p ham tashvishlantirmaydi.

Prokuror yoki militsiya bo‘limi rahbari hokimning biror bir qonunni buzmagan fermerni yoki dalaga yetarli bola olib chiqmagan maktab direktorini hibsga olishdek qonunga zid buyruqlarini so‘zsiz bajaradilar.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov aynan Toshkent viloyati hokimini almashtirish chog‘i bunday zo‘ravon usullarni qoralagan edi.

Mahalliy faollar oxirgi yillarda dehqonchilikdagi ommaviy safarbarlik bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekiston mafkurasi tanqid qiladigan Sho‘ro zamonidagidan ham yomonlashganini aytadilar.

O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayevaning BBCga aytishicha, u hamkori Sevara Boymatova bilan Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi shifokorlarni dalalardan qaytarish talabi bilan piket uyushtirganlarida, militsiya xodimlari ikkalasini To‘ytepadagi militsiya bo‘limiga olib ketganlar.

Image copyright BBC World Service

O‘rta Chirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limidagi fuqaro kiyimdagi bir amaldor Yelena Urlayevani haqoratlagan, kaltaklagan.

Yelena Urlayeva: Men tirikman, lekin sal kaltaklanganman. Biz deyarli har kuni shifokor va bolalarni izlab paxta dalalariga tekshiruv bilan boramiz. Shu jarayonda biz O‘rta Chirchiq tumaniga borganimizda, dalalarda ishlayotgan bir guruh shifokorlarni ko‘rdik. Ular tumandagi tug‘ruqxona doyalari va boshqa poliklinikalarning hamshira va xodimlari edilar. Ular menga shikoyat qilishdi. "Mana bu tuproqqa bulg‘angan qo‘llarimiz bilan keyin biz doyalik qilamiz, dunyoga kelayotgan go‘daklarini qabul qilib olishga majburmiz. Har kuni qo‘limizda tesha, paxta dalasidamiz", deyishdi. Men 50 ka yaqin xodimni sanab chiqishga ulgurdim. Ba‘zilar liq to‘lgan avtobusda, qolganlari o‘zlari boshqa transport vositalarida dalaga kelishgan. Ular navbatma-navbat dalada ishlashadi. Ikkinchi smena tushdan keyin soat 4 da dalaga yetib kelib, ishini boshlaydi. Shuni aytish kerakki, bu yil yoz juda ham issiq keldi. Jazirama oftob va kun qizib ketganidan dalada chidab bo‘lmaydi. Bunday issiqda odamlarning hayoti xavf ostida qolmoqda.

BBC: Hamshira va shifokorlar dalaga chiqmasa nima bo‘ladi?

Yelena Urlayeva: Ularni ishdan bo‘shatish xavfi bor. Shuning uchun hamma majbur. Bu dalalarda qilgan mehnati uchun ularga pul to‘lanmaydi. Lekin biz borganimizda shifokorlar uchun issiq ovqat tashkillashtirilganiga guvoh bo‘ldik. Chunki o‘tgan hafta paxta dalalaridagi shifokorlarni izlab Yangiyo‘l tumaniga borganimizda, biz issiq ovqat u yoqda tursin, hatto quruq mahsulotlar ham yo‘qligini ko‘rdik.

BBC: Demak, shundan keyin siz va Sevara Boymatova tug‘ruxonaga borib, plakatlarni yoyib, norozilik piketini boshlagansizlar. Siz nimaga qarshi chiqdingiz?

Image copyright agency

Yelena Urlayeva: Shaxsan men, shifokorlarni dalaga olib chiqmaslikka da‘vat qildim. Ekspluatatsiyadan voz kechishni talab qildim. Bir yo‘l topib, noroziliklarni izhor etinglar, "hech bo‘lmasa, o‘z g‘azabingizni izhor etmaysizlarmi", dedim. Ish tashlashga chaqirmasak ham, targ‘ibot ishlarini olib borayapmiz. Men odamlarning diqqatini jalb etish uchun hushtak chalishni boshladim. Biroz vaqt o‘tib O‘rta Chirchiq tuman shifoxonasi bosh shifokori militsiya xodimi va fuqarolar kiyimidagi xodimlar bilan birga yetib keldi. Hammaning oldida ular menga juda qo‘pol muomala qilishdi. Qo‘llarimni orqamga qayirishdi, men og‘riqqa chidolmay, baqirdim. Plakatlarni qo‘llarimzidan tortib olib, Sevara bilan birga mashinalarga tiqishdi va To‘ytepa GUVDsiga olib borishdi. U yerda menga ismini aytmagan barvasta yosh yigit ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari oldida meni kaltaklashni boshladi.

BBC: U sizga qanday jismoniy kuch ishlatdi?

Yelena Urlayeva: Ko‘kragimdan beydjikni sug‘urib uzib olishga urindi. Sochlarimdan qattik ushlab, oyoqlari bilan tepdi. "Bu hodisalarni internetga bostirib chiqsang, so‘yib tashlayman", deb po‘pisa qildi. "Seni kim bu yerga yubordi, bu guruhni qanday topding", deb baqirib so‘radi. "Sizlarga kim ruxsat berdi shifokorlarni suratga olishga", dedi. Telefon va fotoapparatlarimizni tortib olib qo‘yishlaridan oldin, men AQSh elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lgandim. O‘sha qo‘ng‘iroqdan g‘azabga kelgan militsiya xodimlari bizni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldilar. Men o‘sha zahotiyoq shifoxonaning Travmatologiya bo‘limiga bordim va badanimdagi hamma kaltak izlarini hujjatlashtirishga muvaffaq bo‘ldim. Bugun esa prokuraturaga borib, meni kaltaklagan shaxsni javobgarlikka tortishni talab qilib, ariza tashlab keldim.