Mirjalol Qosimov: "Tayyorgarlik davom etadi, hali imkoniyat bor"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu haqda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Seuldan turib, BBC O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida bildirdi.

Jamoa bugun Janubiy Koreyaga qarshi 2014 yilgi jahon chempionatiga muddatidan ilgari chiqishlarini ta‘minlashi mumkin bo‘lgan o‘yinni 0:1 hisobida boy berdi.

"Haqiqatan ham judayam alamli. Bugun tarixiy voqea bo‘lishi kerak edi. Muxlislarimiz bizlardan g‘alaba kutishgandi. Chunki bugun jahon chempionatiga chiqish masalasini hal qilishimiz kerak edi va duoda o‘tirishgandi. Shuning uchun ham, yutqazib qo‘yganimiz judayam alam qilayapti", deydi Mirjalol Qosimov.

Bosh murabbiy shogirdlari jonlarini berib, maydonda harakat qilishgani, ammo 1-bo‘lim oxirlarida o‘tkazib yuborilgan to‘p o‘yinning taqdirini hal qilganini aytadi.

Ya‘ni, uchrashuv 1-bo‘limining 42-daqiqasida Akmal Shorahmedov tomonidan kiritilgan avtogol hal qiluvchi o‘yinda Janubiy Koreya milliy terma jamoasining ustunligini ta‘minladi.

Ammo Mirjalol Qosimov Akmal Shorahmedov bu ishni xohlab qilmagani, to‘pni ko‘rmay qolgani va hatto, shunday bo‘lsa-da, hozir siqilib, judayam xafa ekanini aytadi.

"Iloji boricha, bugun g‘alaba qozonib, hammasiga nuqta qo‘ymoqchi edik. Ammo amalga oshmadi. Buning sabablari ko‘p: qayerdadir hakam, Janubiy Koreya jamoasi ham kuchli jamoa, qayerdadir ular yo‘l qo‘yishmadi va darvozaboni ham yaxshi harakat qildi deb o‘ylayman".

"Hali imkoniyat bor..."

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi o‘zlarida hali ham 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyati saqlanib qolganini ta‘kidlaydi.

"Albatta, bugun qo‘limizda edi. Bugun o‘zimiz hal qilishimiz kerak edi. Endi boshqalarning o‘yinini kutishimiz kerak, chunki endi bu narsa ularning o‘yinlariga bog‘liq bo‘lib qoldi. Lekin shunga qaramasdan, tayyorgarlik davom etadi. Chunki hali imkoniyat bor. O‘sha imkoniyatdan foydalanamiz. Uyda Qatarni mag‘lub etishimiz kerak. Va, albatta, Janubiy Koreya o‘z uyida Eronni mag‘lub etishi kerak".

Mirjalol Qosimovga ko‘ra, "agar Eron bugun Livanni yutib, Janubiy Koreyada durang o‘ynaydigan bo‘lsa, unda to‘plar nisbati inobatga olinadi".

"Bizlar Toshkentda Qatarga Eron Livanga qancha to‘p ursa, shundan bitta to‘p ko‘proq urishimiz kerak", deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi.

Osiyo qit‘asiga ja‘mi 4.5 o‘rin ajratilgan bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish uchun so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida 10 milliy terma jamoa kurash olib borishmoqda.

So‘nggi bosqich bellashuvlarining so‘nggi tur uchrashuvlari esa, 18 iyun kuni o‘z poyoniga yetadi.

Xuddi shu kuni O‘zbekiston o‘z maydonida so‘nggi raqibi Qatarni qabul qiladi, Eron esa safarda Janubiy Koreyaga qarshi to‘p suradi.

Bugungi g‘alabasi ortidan, Janubiy Koreya 7 o‘yindan 14 ochko jamlab, "A" guruhidagi peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi.

O‘zbekiston hisobida 11 tadan ochko bo‘lsa, Eronni ulardan faqat bir ochko ajratib turibdi, xolos.

O‘tgan hafta "B"guruhida lozim 14 ochkoni muddatidan ilgari to‘plashga muvaffaq bo‘lgan Yaponiya esa, Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olgan ilk va yagona milliy terma jamoa bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi halicha o‘z tarixida jahon chempionatiga chiqish sharafiga noyil bo‘lmagan.