"Dunyoning tinchi yo‘qolib bormoqda", O‘zbekistondagi vaziyat qanday?

Image copyright .
Image caption Xalqaro tashkilot shunda ham butkul tushkunlikka berilishga erta degan fikrda

Bu kabi xulosaga Iqtisodiyot va Tinchlik instituti o‘zining yillik hisobotida kelgan. Hisobot dunyoning 162 davlatidagi vaziyatni qamrab oladi.

Davlatlarning tinch yoki notinchligini belgilashda jamiyatdagi xavfsizlik, mojaroning ko‘lami va harbiylashuv darajasi inobatga olinadi.

Tashkilotning xulosa qilishicha, o‘tgan besh yil ichida dunyo 5 foizga oromini yo‘qotgan.

Tadqiqotchilar uzoq vaqtdan buyon bu kabi salbiy natija qayd etilmaganini alohida urg‘ulashmoqda.

Ularga ko‘ra, bunda, so‘zsiz, Suriya mojarosi katta o‘rin tutgan.

Vaziyat qanchalik qayg‘uli?

Xalqaro tashkilot shunda ham butkul tushkunlikka berilishga erta degan fikrda.

Ularning hisobotida aytilishicha, so‘nggi yillarda ichki mojarolar soni va sur‘ati ortgan esa-da, davlatlar orasida adovat ancha yo‘qolgan.

Agar, umumiy raqamlarga qaralsa, dunyoning 110 davlati nisbatan beqarorlashgan.

Yaqinda iqtisodiy inqirozni boshidan kechirganiga qaramay, ro‘yxatda Islandiya dunyoning eng tinch davlati bo‘lib chiqqan.

Siyosiy barqarorlik, o‘lim hollari va mahbuslar sonining kamligi bobida ularga teng keluvchi davlat topilmagan.

Ro‘yxatda Islandiyadan keyingi o‘rinlarni ham uzoq vaqtdan buyon tinch-osoyishta bo‘lib kelayotgan G‘arbiy Ovro‘po davlatlari egallashgan.

Ya‘ni, Daniya, Avstriya, Shveytsariya, Finlandiya, Shvetsiya va Belgiya yuqori o‘nlikdan joy olishgan.

Ammo qurol-yaroqqa egalik masalasida juda keskin qonunlari va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari bilan Yaponiya 6-o‘rindan joy olishga muvaffaq bo‘lgan.

MDHda-chi?

Image caption O‘zbekiston esa, 124-o‘rin bilan faqat Qirg‘izistonnigina ortda qoldirib, Turkmaniston (103-o‘rin) va Tojikiston(118-o‘rin)dan keyinda kelgan

Sobiq Sho‘ro davlatlari orasida o‘zining qanchalik tinchu orom ekani borasida 38-o‘rin bilan Estoniya eng yaxshi natija ko‘rsatgan.

Xalqaro tashkilot ro‘yxatida 78-o‘rinda kelgan Qozog‘iston nafaqat mintaqadagi boshqa qo‘shnilari, hatto, Rossiyani ham ancha ortda qoldirgan.

155-o‘rinni egallagan Rossiya esa, eng yomon o‘rinni egallagan MDH davlatlaridan biri bo‘lgan.

O‘zbekiston esa, 124-o‘rin bilan faqat Qirg‘izistonnigina ortda qoldirib, Turkmaniston (103-o‘rin) va Tojikiston(118-o‘rin)dan keyinda kelgan.

Ammo

Xalqaro tashkilot ro‘yxatida qo‘shni Afg‘oniston eng so‘nggi - 162-o‘rinni egallagan.

Ichki nizolar chog‘ida berilayotgan insoniy talofatlar, qochqinlar va darbadarlar soni kamaygani ham bunda ijobiy ta‘sir qila olmagan.

Afg‘oniston, ayniqsa, "siyosiy zo‘ravonlik va terrorlar" bobida hammani ortda qoldirib ketgan.

Suriya esa, 161-o‘rinni egallagan Somalidan bir o‘rin yuqori natija ko‘rsatgan, xolos.

Dunyoning eng notinch va beqaror davlatlari ro‘yxatidan yana Iroq, Sudan, Pokiston va Rossiya ham o‘rin olishgan.

Agar, xalqaro tashkilot o‘z hisobotini yetti yildan beri e‘lon etib kelayotgan bo‘lsa, orada kechgan vaqt davomida Suriya keskin o‘zgarishlarga yuz tutgan davlat bo‘lib chiqqan.

Arab bahoridan biroz o‘ziga kelib olgan Liviya esa, xalqaro ro‘yxatda uch o‘rin yuqorib olgan.

2010 yilgi fuqarolar urushi ortidan, Chad ham biroz tinchib, natijalari yaxshilangan.

Hisobot mualliflari dunyoda kechayotgan zo‘ravonliklarning jahon iqtisodiga qanchalik ziyon yetkazganini ham hisoblab chiqishgan.

Ayon bo‘lishicha, o‘tgan yili bu raqamlar qariyb 10 trillion dollarni tashkil qilgan.

Bu dunyo yalpi yillik mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamining 11 foiziga teng mablag‘dir.