Islom Karimov: "O‘zbekiston va Qozog‘iston raqobatchilar emas"

Image copyright Reuters
Image caption Xabarlarga ko‘ra, tomonlar Qozog‘iston rahbarining safari yakunida o‘zaro strategik hamkorlikka oid bitimni ham imzolashmoqchi

O‘zbekiston rahbari bu haqda prezident Nursulton Nazarboyev bilan Toshkentda kechgan muzokaralari ortidan bayon qilgan.

Tomonlar kun davomida strategik hamkorlikka oid va yana hukumatlararo qator bitimlarni ham imzolashgan.

O‘zbekiston prezidenti ikki davlatning iqtisodiy shart-sharoitlari boshqacha va maqsadlari ham to‘qnashmasligi bois, bir-birlari bilan bellashmasliklarini aytgan.

"Agar, biz O‘zbekiston va Qozog‘iston haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, oramizda o‘zaro raqobat yo‘q va bu yaqin kelajakda bo‘lmaydi ham. Bizning shart-sharoit, tabiiy, mineral va boshqa zaxiralarimiz butkul boshqacha. Agar bizning mamlakatimizda paxta yetishtirish ustunlik qilsa, Qozog‘iston ko‘proq g‘alla ekadi", deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

Prezident Islom Karimov, o‘z o‘rnida, qozog‘istonlik hamkasbi bilan muzokaralari samarali va o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashda nihoyatda ahamiyatli bo‘lganini urg‘ulagan.

Xabarlarga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqada katta ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelayotgan suv zaxiralaridan qanday foydalanish masalasida ham so‘z yuritishgan.

Tojikiston Sirdaryoda qurish harakatida bo‘lgan yirik Rog‘un GESidan jiddiy xavotirda bo‘lgan O‘zbekiston rahbari ushbu masalani Ostonaga o‘tgan yilgi safari chog‘ida ham ko‘targandi.

Ikki qo‘shni davlat rahbarlarining global moliyaviy inqirozning mintaqaga ta‘siri va xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan 2014 yilgi safarbarligi ortidan kuchayishi mumkin bo‘lgan ekstremizm xavfini qanday bartaraf etish masalasini ham muhokama etishgani aytilmoqda.

Tomonlar mintaqa xavfsizligini ta‘minlash uchun barcha lozim va amaliy choralarga qo‘l urishlarini ham ta‘kidlashgan.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev esa, ikki davlat orasida savdo, iqtisodiy, madaniy va insonparvarlik sohalarida aloqalarni yanada chuqurlashtirishning muhimligini urg‘ulagan.

Janob Nazarboyev bir-birlarining manfaatlarini nazarda tutgan holda, erkin savdo hududi yaratilishining ahamiyatini ham alohida ta‘kidlagan.

So‘nggi yillarda ham O‘zbekiston va ham Qozog‘iston rahbarlarining bu kabi muzokaralar arafasida bir-birlarini muhim strategik sheriklar sifatida atay boshlashgani ko‘zga tashlanadi.

Qayta iliy boshlagan aloqalar

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekiston tomoni yana Qozog‘iston bilan birga Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta‘minlashda muhim o‘rin tutishlari mumkinligiga ishonadi

Prezident Nursulton Nazarboyevning Toshkentga 2010 yil, prezident Islom Karimovning Ostonaga o‘tgan yilgi safarlari esa, ikki davlat orasidagi aloqalarning qayta iliy boshlaganiga dalolat qiladi.

Jumladan, O‘zbekistonga so‘nggi safari chog‘ida Qozog‘iston rahbari, "kelishmovchiliklar o‘tmishda qolgani, bundan buyog‘iga oralaridagi munosabatning juda iliq bo‘lishi va hamma yengil tortishi"ni bayon qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti esa, Ostonaga so‘nggi tashrifi chog‘ida mintaqadagi ziddiyatli suv muammosi borasida qozog‘istonlik hamkasbining dastagini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo prezident Karimov mavjud ziddiyat mintaqada suv urushini keltirib chiqarishi xavfidan ogohlantirgan bo‘lsa, Qozog‘iston rahbarining bu masaladagi chiqishi anchayin bosiq bo‘lgandi.

"Biz yuqori oqimdagi qo‘shnilarimiz Qirg‘iziston va Tojikistonga do‘stona salomlarimizni yo‘llash bilan quyi oqimdagi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonning suv taqchilligidan azob chekishini eslatib qo‘ymoqchimiz. Biz ushbu masalani birgalikda yechish umididamiz", degandi janob Nazarboyev.

O‘zbekiston tomoni yana Qozog‘iston bilan birga Markaziy Osiyoda barqarorlikni ta‘minlashda muhim o‘rin tutishlari mumkinligiga ishonadi.

Qozog‘iston tarafi esa, ikki davlat orasidagi iqtisodiy hamkorlikning yaxshi sur‘atlarda rivojlanib borayotganidan mamnun.

Hamkorlikdan qanday foyda?

Image caption Xorijiy qo‘shinlarning 2014 yilgi safarbarliklari ortidan, Afg‘onistondagi vaziyatning qanday tus olishi ham bu ikki davlat rahbarini jiddiy xavotirga solayotgan masalalardan biridir

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, o‘z ambitsiyalarini yig‘ishtirib qo‘yib, o‘zaro aloqalarini yanada kuchaytiradigan bo‘lishsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi suv, energiya va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda katta ta‘sirga ega bo‘lishadi.

Ularning aytishlaricha, so‘nggi paytlarda Rossiya bilan aloqalari yana soviy boshlagan O‘zbekiston ham mintaqaviy muammolarning yechimida Qozog‘istonning qanchalik muhim o‘rin tutishini anglay boshlagan ko‘rinadi.

Bundan tashqari, Orolbo‘yidagi ekologik halokat, diniy ekstremizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va uyushgan jinoyatchilik xavfi ham bu ikki davlatni birdek o‘ylantirishi shart bo‘lgan muammolar sirasida tilga olinadi.

Xorijiy qo‘shinlarning 2014 yilgi safarbarliklari ortidan, Afg‘onistondagi vaziyatning qanday tus olishi ham bu ikki davlat rahbarini jiddiy xavotirga solayotgan masalalardan biridir.

Ammo tomonlarning bu boradagi oshkora chiqishlari ham bir-biridan farq qiladi.

Rasmiy Toshkent safarbarlik ortidan Afg‘oniston fuqarolar urushi girdobiga botishi, terrorchilar va bangivor moddalar uyasiga aylanishidan xavotirda.

Qozog‘iston rahbariyati nazdida esa, vaziyat u darajaga yetib bormaydi.

Joriy paytda afg‘on mojarosining yechimida ham tomonlarning yakdil sa‘y-harakatlari yaqqol ko‘zga tashlanmaydi.

Jumladan, yaqinda Afg‘oniston masalasida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan yirik xalqaro anjuman O‘zbekistonning ishtirokisiz kechgandi.

Mahalliy tahlilchilar ushbu masalada ham hamkorlikdan ko‘ra, shaxsiy ambitsiyalar ko‘proq rol o‘ynayotganiga ishora qilishadi.

Aloqalar

Image copyright none
Image caption Ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Qozog‘iston O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yilda o‘rnatilgan.

Ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, Qozog‘iston O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasining hajmi esa, o‘tgan yil yakunida qariyb 3 milliard dollarga yetgan.

Agar, 2011 yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslansa, so‘nggi raqamlar savdo hajmining 10 foizdan ortiqroqqa o‘sganiga dalolat qiladi.

Ammo, Qozog‘iston tomoni yaqinda keltirgan ma‘lumotlarga ishonilsa, so‘nggi 10 yilda Qozog‘istonning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyalar hajmi O‘zbekistonning Qozog‘istonga kiritganidan 10 barobar ko‘pdir.

Qozog‘iston, yana shuningdek, Rossiyadan keyin o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari eng ko‘p yo‘l solayotgan ikkinchi davlat sanaladi.

U yerda o‘n minglab o‘zbekistonliklarning mehnat muhojirligida band ekanliklari aytiladi.

Mahalliy tahlilchilar esa, yaqin va uzoq xorijdagi o‘zbekistonlik muhojirlar yuborayotgan mablag‘lar O‘zbekistonda ijtimoiy himoya kamarini o‘tab kelayotganini aytishadi.

Prezident Nursulton Nazarboyevning Toshkentga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston elchixonasining yangi binosi va mashhur qozoq shoiri Abay sharafiga qo‘yilgan haykalni ham tantanali ochishi kutilmoqda.