GES loyihalari yuzasidan O‘zbekiston yana BMTga murojaat qildi

Toshkentda O‘zbekiston va Qozogiston o‘rtasida strategik sheriklik shartnomasi imzolandi.

Ushbu hujjatda barcha sohalardagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillari mustahkamlangani xabar qilingan. Bularning orasida Markaziy Osiyoda suvdan adolatli foydalanish tizimini rivojlantirish borasidagi ikki tomon orasida kelishilgan yagona mavqe yana bir bor tasdiqlangan. Prezident Islom Karimov va Prezident Nursulton Nazarboyev Birlashgan Milllatlar tashkilotishga murojaat qilib, mintaqada suv muammosini yechish uchun xalqaro va mustaqil ekspertiza o‘tkazilishi kerakligini ta‘kidlaganlar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari Tojikiston va Qirg‘iziston tomonidan to‘g‘onlar barpo etilishining potentsial xavfi ko‘rib chiqilishini so‘raganlar.

Prezident Karimov munozarali muammoni xalqaro ekspertlar ko‘rib chiqishlari kerak, deb aytdi.

"Biz xalqlarimining va mamlakatlarimizning buguni va kelajagi uchun zimmamizdagi umumiy ma‘suliyatni yana bir bor tasdiqladik. Agar biz oson bo‘lmagan davrda yashayotganimizni va global iqtisodiy inqiroz davom etayotgan dunyodagi vaziyatni inobatga olsak, mintaqada oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan hodisalar ro‘y berishi mumikn. Shuningdek, Afg‘onistondan xalqaro tinchlikparvar qo‘shinlarining chiqib ketishi ortidan mintaqaga yaqin bo‘lgan hududlarda ekstremizm kuchayib, qarama-qarshilik yuzaga chiqish ehtimoli katta", deb aytgan Prezident Karimov.

Prezident Islom Karimovga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro harakatlarini muvofiqlashtirishga kelishib olgan.

O‘zbekiston rahbari mintaqaning ikki yirik daryosining yuqori qismida rejalashtirilayotgan gidroenergetika loyihalarini nazarda tutib, xalqaro mustaqil tekshiruv me‘yorlarga muvofiq bo‘lishi va daryolarning quyi qismida joylashgan mamlakatlar bilan o‘zaro kelishib olinishi kerak, deb aytgan.

"Tojikistondagi Rog‘un GESi va Qirg‘izistondagi Kambarota GESi kabi har qanday gidtexnik inshoot BMT doirasidagi xalqaro mustaqil tekshiruvdan o‘tishi, Sirdaryo va Amudaryoning quyi oqimidagi mamalkatlar bilan o‘zaro kelishib olinishi kerak", degan O‘zbekiston rahbari.

Prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston hukumatining suv-energetika bo‘yicha mavqei O‘zbek tomonining mavqei bilan hamohang, deb aytdi.

U o‘z nutqida Qozog‘iston hamisha O‘zbekiston bilan aloqalarning rivojanishiga katta e‘tibor qaratganini va O‘zbekistonni mintaqadagi strategik sherik sifatida ko‘rishini ta‘kidlagan.

"Qozog‘iston bilan O‘zbekiston mavqelarining birligi mintaqada tinchlik va xavfsizlikka bevosita bog‘liq ekanini yaxshi tushunamiz. Aksar sohalarda, xususan suv taqsimlash sohasidagi mavqelarimiz bir-biriga mos keladi. Biz qo‘shnilarimizga do‘stona mujdani yo‘llaymiz, ya‘ni bu muammolarni faqat birgalikda hal etishimiz lozim. Hal qilib bo‘lmaydigan muammoning o‘zi yo‘q. Bu transchegara daryolarida gidroenergetika inshootlarini barpo etishga ham taalluqli", deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Bu kelishmovchiliklarni o‘zaro muzokaralar orqali hal qilish mumkin, dedi Qozog‘iston prezidenti.

Ikkala tomon muzokaralar davomida suv manbalaridan adolatli foydalanish tizimini ishlab chiqish kerakligini ta‘kidlashgan.

Tojikiston bilan Qirg‘iziston ulkan GESlarni barpo etish bilan o‘zlarining surunkali energetika taqchilligi muammolarini hal etmoqchi ekanlarini aytishadi.

Biroq bu muammolarni ulkan emas, o‘rtacha kattalikdagi to‘g‘onlar bilan ham yechish mumkinligi haqidagi e‘tirozlar ham o‘rtaga tashlanadi.