"Yirik sakkizlik" rahbarlari Suriya masalasini muhokama qilishmoqda

Image caption Suriya borasidagi farqliliklar sammitga soya solishi mumkin

Shimoliy Irlandiyada "Yirik sakkizlik" rahbarlarining sammiti boshlangan.

Kun tartibidagi asosiy masala - Suriyadagi ziddiyat.

Yakshanba kuni Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron Suriyaning muhim ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan.

Ularning har ikkalasi keyinroq AQSh Prezidenti Baraka Obama bilan alohida-alohida muzokaralar olib borishi kutilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar o‘tgan hafta Suriyadagi isyonchilarni qurollantirishini e‘lon qilgan.

Obama ma‘muriyati Bashar Assadni kimyoviy qurol ishlatishda ayblaydi.

Rossiya kimyoviy qurol ishlatilganini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligini aytgan.

Britaniya bosh vaziri bilan muzokaralardan so‘ng gapirgan Prezident Putin Suriyada "har ikki tomonning qo‘li qonga botgani"ni aytgan.

BBCning diplomatik muxbiri Jonatan Markusga ko‘ra, g‘arb bilan Rossiya o‘rtasida Suriya masalasidagi farq "Yirik sakkizlik" rahbarlarining uchrashuviga soya soladigan darajada katta.

Josuslik mojarosi

Sammit arafasida "Gardian" ro‘znomasi Britaniya bundan avvalgi uchrashuvda "Yirik sakkizlik" hay‘atlari ortidan josuslik qilgani haqidagi maqolani chop etgan.

Ro‘znoma AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasining sobiq xodimi Ervard Snouden sizdirgan hujjatlardan iqtibos keltiradi.

Ulardan anglashilishicha, 2009 yilda Londonda o‘tgan "Yirik sakkizlik" rahbarlarining oliymaqom uchrashuvi chog‘ida britan maxsus xizmatlari xorijiy siyosatchilar va mulozimlarining kompyuterlarini kuzatgan.

Britan josuslari, jumladan, sammit ishtirokchilarining elektron pochtalariga kelayotgan xatlarni o‘qish va mulozimlarning BlackBerry mobil telefonlaridagi qo‘ng‘iroqlarni eshitish uchun maxsus internet kafelar tashkil etishgan.

Josuslar Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Dmitriy Medvedev hamda Turkiya Moliya vaziri, shuningdek, yana 15 nafar turk rasmiylarini nishonga olishgani aytiladi.

"Gardian"ning yozishicha, britan josuslik xizmatlarining amaliyotini o‘sha paytdagi Bosh vazir Gordon Braun hukumati ma‘qullagan.