Afg‘onistonda xavfsizlikni ta‘minlash NATOdan milliy qo‘shinlar ixtiyoriga o‘tdi

Image caption Vaqt o‘tgan sayin Afg‘oniston armiyasi soni va tajribasi ortib bormoqda

Afg‘on kuchlari butun mamlakat bo‘yicha xavfsizlik nazoratini NATO qo‘shinlaridan rasman qabul qilib olgan.

Xavfsizlik nazoratini xorijiy kuchlardan Afg‘oniston milliy armiyasiga topshirish jarayoni 2011 yilda boshlangan edi.

Bu haqda prezident Homid Karzay eng so‘nggi 95 tuman nazorati NATO ixtiyoridan milliy armiyaga topshirilishiga bag‘ishlangan marosim paytida e‘lon qilgan.

Marosimdan bir oz avval xudkush hujumchi Kobulda o‘zi va yana uch kishini portlatib yuborgan.

Hujumchining Afg‘oniston parlamenti vakili va hazoralar rahbari Hoji Muhammad Muhaqqiq borayotgan mashina karvonini nishonga olishga uringani ishoniladi.

Janob Muhaqqiq yengil jarohat bilan hujumdan omon qolgan.

"Jasur va sodiq"

Marosimni prezident Karzay ham, NATO qo‘shmoni Anders Fog Rasmussen ham Afg‘oniston uchun tarixiy hodisa deya baholashgan.

"Bizning xavfsizlik va mudofaa kuchlarimiz mamlakat xavfsizligini ta‘minlashga yetakchilik qilishadi," - deb aytgan janob Karzay Afg‘oniston xavfsizlik va siyosiy liderlari hamda xorijiy mulozimlar ishtirok etgan marosimda. - "Bundan buyon xavfsizlik uchun mas‘uliyat va rahbarlik bizning jasur kuchlarimiz ixtiyoriga o‘tadi".

Janob Rasmussen Afg‘oniston qurolli kuchlarining "jasur va sodiq" askarlari va "mamlakat va xalqni himoya qilish uchun jonini fido qilganlar"ga hurmat bajo keltirgan.

"Ular xalqaro terrorizmni Afg‘oniston tuprog‘ida yana panoh topmasligi jang qilishdi" - deb aytgan u.

Shunday qilib, 1989 yilda Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan buyon mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni ta‘minlash ilk bor Afg‘oniston hukumati yetakchilik qilgan kuchlar ixtiyoriga o‘tmoqda.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari adadi o‘shandan buyon 40 mingdan 350 mingga yetgan.

Biroq, xavfsizlikni ta‘minlash vazifasi Afg‘oniston qo‘shinlariga o‘tishi barobarida mahalliy kuchlar orasida talafotlar soni keskin ortgan, xalqaro kuchlar orasida esa keskin kamaygan.