"Imkoniyat bor ekan, izlanishda davom etamiz" - eksklyuziv suhbat

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi shogirdlarining 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlarini baholarkan, "ishonchsiz yashab bo‘lmasligi va bundan buyog‘iga ham ishonib yashashlarini" bildirdi.

Bugun bo‘lib o‘tgan so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi uchrashuvi ortidan, O‘zbekiston tushgan "A" guruhidan Eron va Janubiy Koreya naqd ikkita yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

O‘zbekistonning Toshkentda, o‘z maydonida Qatarni 5:1 hisobida mag‘lub etgani ham ish bermadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqish uchun endi play-off bahslarida ishtirok etishi lozim bo‘ladi.

Avvaliga ularning so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarini "B" guruhida 3-o‘rin bilan yakunlagan milliy terma jamoa bilan bellashishlari taqozo etiladi.

G‘olib chiqqan taqdirlarida esa, Janubiy Amerika saralash bahslarida beshinchi o‘rinni egallagan raqiblarini yengishlari shart bo‘ladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Qatarga qarshi o‘yin ortidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida, "hayot davom etishi, keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rilishi"ni aytadi.

"Iloji boricha to‘siqdan o‘tishga harakat qilamiz. Hali imkoniyat bor ekan, bizlar izlanishda bo‘lamiz. Hayot to‘xtab qolmaydi".

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi, "bugun O‘zbek xalqiga haqiqatan ham xursandchilik ulashish niyatida bo‘lganliklari, nasib qilmagan ekan, buning uchun muxlislaridan uzr so‘rashlari, lekin jahon chempionatiga chiqishni juda, juda xohlaganliklari"ni aytadi.