"Turgan odam" Istanbuldagi namoyishchilarni ruhlantirib yubordi

Image caption "Turgan odam" e‘tiroziga tez orada o‘nlab insonlar qo‘shilgan

Turk politsiyasi namoyishlarni kuch bilan bostirishidan bir necha kun o‘tib "Turgan odam" nomini olgan san‘atchi Istanbulning Taqsim maydoniga yig‘ilgan namoyishchilarga yetakchilik qilmoqda.

Dushanba kuni Teatr aktyori va zamonaviy raqs ijrochisi Erdem Gunduz sakkiz soat davomida bir og‘iz gapirmay, o‘z o‘rnidan jilmay zamonaviy va dunyoviy Turkiyaning asosichi Kamol Otaturk portretiga qarab turgan.

Tez orada yuzlab odamlar Erdem Gunduzga ortidan safga qo‘shilganlar.

Biroq tungi ikkida politsiya ularni tarqatib yuborgan.

Janob Gunduz keyinroq BBCga namoyishlarni kuch bilan bostirishlariga qarshi "ramziy" e‘tiroz bildirganini aytgan.

Dushanba kuni Turkiyadagi eng yirik ikki kasaba ittifoqi Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an yuritgan siyosatga qarshi bir kunlik ish tashlaganlar va yurish qilganlar.

Janob Gunduz Taqsim maydonida mahalliy vaqt bilan kechki soat 6 da paydo bo‘lgan va u yerda tungi ikkigacha turgan.

O‘z joyidan jilishni istamagan 10 nafar shaxs politsiya tomonidan hibsga olingan.

"Juda ko‘plab yosh insonlar ko‘chalarga chiqishgan," - deb aytgan janob Gunduz BBC bilan suhbatda.

"Men hech kim emasman... Ammo maqsadimiz muhim: Insonlar nima uchun hukumatga qarshilik qilishayapti. Chunki hukumat tushunishni istamaydi, ko‘chalarga chiqqan insonlar nimani istashini tushunishni xohlamadi. Mening amalim unsiz e‘tiroz edi. Men insonlar bir lahza bo‘lsa ham, "Istanbulda nima bo‘ldi o‘zi?" - degan o‘yga borishlarini istayman" - dedi u.

Turk san‘atkorining e‘tiroz amali yashin tezligida norozilik harakatining e‘tiborini o‘ziga jalb etdi. Turk tilidagi tvitter tarmog‘ida "turgan odam" sashanba kuni asosiy xabarga aylangan.

Janob Gunduz e‘tirozi o‘tgan haftalarda yuz bergan qonli to‘qnashuvlarning butunlay aksidir.

O‘tgan kunlarda politsiya va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda 5 ming atrofida inson yaralangan va kamida 4 inson halok bo‘lgan.

Hukumatning Istanbuldagi Gezi parkini qayta qurish rejalariga qarshi 28 may kuni boshlangan e‘tiroz tez orada umummilliy namoyishga aylandi.