Braziliya 2014: O‘zbekiston 5 –1 Qatar

Image caption Yakuniy uchrashuv "A" guruhidan jahon chempionatiga boruvchi ikkita milliy terma jamoani aniqlab beradi

O‘zbekiston o‘z maydonida Qatarni yirik hisob bilan mag‘lub etganiga qaramay, "A" guruhidan Eron va Janubiy Koreya 2014 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan bo‘lishdi. Ulsandagi o‘yin 0:1 hisobida eronliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Agar bugun O‘zbekiston Qatar, Janubiy Koreya Eronni yengsa, ikki g‘olib milliy terma jamoa 2014 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lishardi.

O‘zbekiston endi yarimta yo‘llanma uchun kurashini pley-off bahslarida "B" guruhida uchinchi o‘rinni egallagan jamoaga qarshi davom ettiradi.

O‘zbekistonning bo‘lajak raqibi Iordaniya va Ummon o‘rtasida bugun bo‘lib o‘tajak so‘nggi uchrashuvdan so‘ng ma‘lum bo‘ladi.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarining so‘nggi uchrashuvlari ortidan, Eron, Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya Osiyo qit‘asiga ajratilgan qolgan to‘rtta yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Janubiy Koreyaga qarshi "tarixiy" uchrashuvdagi mag‘lubiyati ortidan, O‘zbekistonning o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqishi "A" guruhining ikkinchi uchrashuvi natijasiga bog‘liq edi.

O‘zbekiston Qatarni yengishidan tashqari, Janubiy Koreya Eronni mag‘lub etishi shart edi.

Ammo Ulsanda kechgan o‘yin 0:1 hisobida mehmon eronliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Eron milliy terma jamoasi 8 o‘yindan 16 ochko to‘plab, "A" guruhi peshqadami sifatida to‘rtinchi bor jahon chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqdi.

Eronni yengishga bel bog‘lagan Janubiy Koreyaning hujumkor o‘yini samara bermadi.

To‘plar nisbatidagi mavqei yaxshi ekani bois, Janubiy Koreyaning o‘z tarixida ketma-ket sakkizinchi bor jahon chempionatida to‘p surishi uchun esa, bugun o‘z maydonida, hatto, mag‘lubiyatga uchrashi ham kifoya qilardi.

Eronning yangi saylangan prezidenti Hasan Ruhoniy ingliz tilida tvit qilib, mamlakati milliy terma jamoasini so‘nggi g‘alabasi bilan qutlagan.

Boy berilgan va berilmagan imkoniyat

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘tgan hafta Janubiy Koreyaga qarshi safarda o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvida o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida to‘p surishning yaqqol imkoniyatini boy bergandi.

42-daqiqada Akmal Shorahmedov tomonidan o‘z darvozalariga kiritilgan to‘p "tarixiy o‘yin"ning taqdirini hal qilgan va muhim uch ochko O‘zbekiston qolib, Janubiy Koreyaga nasib etgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bugungi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Qatarga qarshi so‘nggi uchrashuvlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishgani va niyatlari, albatta, raqiblarini mag‘lub etish ekanini aytdi.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida ta‘kidlash joiz bo‘ladiki, milliy terma jamoa Janubiy Koreya-Eron uchrashuvida durang natija qayd etilishi ehtimolini ham nazarda tutib, Qatar darvozasiga kamida beshta to‘p urishi shart bo‘ladi.

Faqat shunday bo‘lgan taqdirdagina, O‘zbekiston ikkita yo‘llanmadan biri uchun kurashda to‘plar nisbatida Eronni ortda qoldira oladi.

Ya‘ni, Eronning o‘z maydonida o‘tkazgan so‘nggi uchrashuvida Livanni 4:0 hisobida mag‘lub etishi hozir O‘zbekistonga bundan boshqa boshqa tanlov imkoniyatini qoldirmagan.

Milliy terma jamoa Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham Qatarga qarshi o‘yinda butun harakatlari shunga qaratilishini ta‘kidlaydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Endi, bu o‘yinda haqiqatan ham shunaqa muammolari bor. Lekin Qatar bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinda nafaqat g‘alaba qozonish, balki iloji boricha to‘plar nisbatini ham o‘ylab, ko‘proq to‘p urish lozim bo‘ladi. Endi, o‘yin - o‘yin. Buyog‘ini o‘yin davomida bilamiz. O‘yindan oldin bir narsa deyish qiyin. Lekin harakat shunga qaratilgan bo‘ladi, albatta", deydi u.

Mirjalol Qosimov shogirdlarining bu vazifani uddalashlariga ishonishi, ularning ruhiy va jismoniy jihatdan bunga tayyor ekanliklarini ham urg‘ulaydi.

"Albatta, milliy terma jamoaga murabbiy bo‘lishimga ishonganman. 18 iyunda bo‘lib o‘tadigan o‘yindayam shogirdlarimga ishonaman. Ular maydonga chiqib nafaqat o‘zimiz, balki millionlab ishqibozlarning ham niyatlarini amalga oshirishadi".

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi so‘nggi uchrashuvlari arafasida jahon chempionatiga chiqishni niyat qilib qolishlari, agar maqsadlari amalga oshsa, uni butun O‘zbek xalqiga tuhfa qilgan bo‘lishlarini aytadi.

"Iloyim, shunday bo‘lsin. Biz buni judayam xohlayapmiz. Judayam, judayam...Murabbiylar, qolaversa, yigitlar, o‘yinchilar ich-ichimizdan buni judayam, judayam istayapmiz. Tilagimiz – iloji boricha o‘z muxlislarimizni xushnud etish", deydi Mirjalol Qosimov.

Bo‘lajak raqiblar

Image copyright AP
Image caption Qatar 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qiluvchi davlat sanaladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarga qarshi dastlabki uchrashuvini o‘tgan yil oktyabr oyida o‘tkazgan va safarda 0:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Aynan Qatarga qarshi uchrashuvdagi yutug‘i bois O‘zbekiston "A" guruhida tub burilish yasab, o‘zining mavqeini yaxshilab olgan va o‘zbekistonlik futbol mutaxassislari buning "O‘zbek futboli tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan g‘alaba" bo‘lganini aytishgandi.

So‘nggi uchrashuvi arafasida Qatar 7 uchrashuvdan 7 ochko to‘plab, guruhda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi va 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini boy berib bo‘lgan.

Bugungi raqiblar turli xalqaro uchrashuvlar doirasida bir-birlariga qarshi 8 bor to‘p surishgan bo‘lsa, shuning 4 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan, ikkitasini mag‘lubiyat bilan yakunlagan va yana qolgan ikki uchrashuvda durang qayd etgan.

Qatar milliy terma jamoasi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashini 1978 yildan buyon davom ettirib kelayotgan esa-da, o‘z tarixida biror marta bunga muvaffaq bo‘lgan emas.

Ammo Qatar 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qiluvchi davlat sanaladi.

Qatar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Fahad at-Taniy kecha Toshkentda bergan matbuot anjumanida "muxlislar yaxshi o‘yinning guvohi bo‘lishlari"ga ham va‘da bergan.

"Qatar 2014 yilgi jahon chempionati final bosqichiga chiqish uchun barcha imkoniyatlarni yo‘qotganiga qaramay, biz 18 iyun kuni Qatar davlati sharafini himoya qilish uchun maydonga tushib, terma jamoa ishqibozlarini xursand qilish niyatidamiz. O‘zbekiston milliy terma jamoasini hurmat qilamiz va ertaga muxlislar yaxshi o‘yin guvohi bo‘lishadi, deb o‘ylayman", deb aytgan Qatar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.

Muxlislar nima deydi?

So‘nggi uchrashuv arafasida BBC O‘zbek Xizmati bilan ko‘nglidan kechayotgan o‘y-fikrlar bilan o‘rtoqlasharkan, o‘zbekistonlik ashaddiy futbol ishqibozlaridan biri "kayfiyatlari tushib ketgan"ini aytadi:

"Endi, milliy terma jamoaning imkoniyatlari kimningdir o‘yiniga bog‘liq bo‘lsa, albatta, har doim muxlislarning kayfiyatlari tushib ketadi. Janubiy Koreyada g‘alaba kutgandik. Afsuski, bo‘lmadi. Shuning uchun ham, kayfiyat tushkun holatda", deydi u.

Suhbatdoshimiz o‘zi singari qolgan o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ham Qatarga qarshi o‘yindan g‘alabaga umid qilishayotgani, lekin ko‘p narsa bugunning ikkinchi uchrashuviga bog‘liq ekanini alohida ta‘kidlaydi.

"Endi, futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Janubiy Koreya o‘zining uyida o‘ynaydi, alami bor, Eronni yutishga harakat qilishi mumkin. Lekin Eronning oxirgi ikkita o‘yini judayam kuchli bo‘ldi. O‘shanga qarab, Janubiy Koreya-Eron uchrashuvi odamni baribir qo‘rqitayapti", deydi u:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Suhbatdoshimiz o‘zining qishloqdoshlarini nazarda tutib, O‘zbekiston-Qatar uchrashuvini "Bunyodkor" stadioniga borib, bevosita tomosha qilish istagida bo‘lganlar ko‘pligi, lekin o‘zi uyda ko‘rishni rejalayotganini aytadi.

"Narigi uchrashuvning ham natijasini bilib, uyda ko‘rgan baribir boshqa-da".

U Qatarga qarshi hal qiluvchi so‘nggi uchrashuvda hamma bor kuchini berishi, muxlislar ham, futbolchilar ham, murabbiylar ham eng yaxshi taktika – hujum taktikasini qo‘llab, g‘alaba qozonishlari shartligini ta‘kidlaydi.

"Endi, oxirgi o‘yin. G‘alabadan boshqa narsa bizni qoniqtirmaydi. O‘zimizning uyimizda. Shuning uchun ham, bor imkoniyatni ishga solib, hujumkor taktika qo‘llab, futbolchilar ham eng oxirgi kuchini o‘sha o‘yinga sarflashi kerak. Chunki bundan boshqa o‘yin qolmadi o‘zi. Agar shu o‘yinda g‘alaba qozonib, u yog‘da Eron yutqazadigan bo‘lsa, jahon chempionati bizga naqd!".

2014 yilgi jahon chempionatiga Osiyo qit‘asiga 4.5 ta yo‘llanma ajratilgan bo‘lsa, so‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida uni qo‘lga kiritish uchun 10 ta milliy terma jamoa kurash olib borishmoqda.

Hozircha to‘rt karra Osiyo chempioni Yaponiya shu yo‘llanmalardan birini qo‘lga kiritgan jamoa bo‘lib turibdi.

Qolgan uch yo‘llanmaning taqdiri esa, bugun O‘zbekiston – Qatar, Janubiy Koreya - Eron, Avstraliya va Iroqning so‘nggi uchrashuvlarida hal bo‘lishi mumkin.

Qolgan yarimta yo‘llanmaga esa, so‘nggi bosqich bellashuvlarini guruhda 3-o‘rin bilan yakunlagan ikki milliy terma jamoa da‘vogarlik qilishda davom etishadi.