Prezident Karzay AQSh bilan Tolibon muzokaralaridan norozi

Image copyright ARG
Image caption Janob Karzay AQSh unga nisbatan sotqinlik qilgandek o‘zini his qilmoqda.

Afg‘oniston hukumati xavfsizlik bo‘yicha AQSh bilan olib borilayotgan ikki tomonlama kelishuv borasidagi muzokaralarni to‘xtatib qo‘yayotganini aytgan.

Bunga AQShning 20 iyun kuni Qatarda Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini boshlayotganini elon qilishi sabab bo‘lgan.

Bu muzokaralarga Afg‘on hukumati taklif qilinmagan va Kobuldagi BBC muxbiriga ko‘ra, Prezident Homid Karzay AQSh unga nisbatan sotqinlik qilgandek o‘zini his qilmoqda.

Prezident Homid Karzay Amerikaning Tolibon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara boshlash rejasidan g‘azabda, AQSh bilan ikki tomonlama xavfsizlik bitimini to‘xtatishi bilan tahdid qilmoqda.

Tolibon esa Karzay hukumatini qo‘g‘irchoq hukumat deb atab, Afg‘on hukumati bilan muzokara qilish niyati yo‘qligini aytmoqda.

Ayni paytda Kobul yaqinidagi Bagrom havo bazasiga raketalar kelib tushib, to‘rt Amerika harbiysi halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon o‘z zimmasiga olgan.

Kuni kecha Qatarda Tolibon idorasi rasman ochilgan va Prezident Homid Karzayning Oliy Tinchlik Kengashi a‘zolari ham Qatarga yo‘l olishlari va Tolibon vakillari bilan muzokara qilishlari e‘lon qilingan edi.

Bu haqda Prezident Karzay Afg‘onistondagi jangovor amaliyotlar ustidan nazoratni NATO kuchlari Afg‘on qo‘shinlariga topshirish munosabati bilan tashkil qilingan tantanali marosimda aytdi.

Biroq endi janob Karzay Amerika tomonini Tolibon bajarishi kerak bo‘lgan amallarsiz muloqot boshlayotganlikda ayblamoqda.

BBC muxbiri Jonatan Bellga ko‘ra, janob Karzay o‘ylagandiki, Amerika tomoni Tolibon harakatidan Afg‘on hukumati bilan muzokaraga kirishga roziligi haqidagi va‘dasini oladi, Tolibon Afg‘onistonning joriy konstitutsiyasini rasman tan oladi va zo‘ravonlikdan voz kechishi haqida e‘lon qiladi.

Biroq ularning birortasi bajarilmagan.

Ayni paytda Doxa shahridagi Tolibon idorasi ustida Tolibon bayrog‘i osilgani hamda bino peshtoqiga Afg‘oniston Islomiy Amirligi deb yozilgani ham Afg‘on hukumatining noroziligiga sabab bo‘lgan.

Tolibon mamlakatni "Afg‘oniston Islomiy Amirligi" deb ataydi, janob Karzay so‘zchisi Aymal Fayziy, biz bunga qarshimiz chunki Afg‘oniston Islomiy Amirligi, degan narsaning o‘zi yo‘q, deb aytgan.

Janob Fayziy aytishicha, Amerikaning Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish yo‘lidagi so‘zlari bilan amallari bir-biriga zid kelmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, rasmiylar yarashuv tomon "muhim bir qadam" qo‘yilishini kutayotgan soatlarda Bagromdagi Amerika harbiy bazasiga hujum Tolibon janglarni to‘xtatish niyatida emasligidan belgiga o‘xshaydi.