Qirg‘iziston: muxolifatchilarning ozod qilinishi noroziliklarga sabab bo‘ldi

Image copyright AP
Image caption Janob Tashiyev tarafdorlarini hukumat va parlament binolarini egallashga chaqirgan

Bishkek shahar mahkamasining muxolifatdagi "Ata-Jurt" partiyasining davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan uch nafar deputatini ozod qilish haqidagi qarori noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Mahkama binosi oldida to‘plangan namoyishchilar "Davlat to‘ntarishiga uringanlarni ozod qilish – davlat mahkamasi tizimidagi qo‘pol qonun buzilishidir", "Qonunni oyoq osti qilgan hakamlar xalq oldida javob bersin!" degan shiorlarni ko‘tarishgan.

O‘zlarini "Meken sheyitteri", "Aprel bayrog‘i" va "Aykol Manas" harakatlari faollari deb atagan namoyishchilar muxolifat siyosatchilarini oqlagan hakamlarning kelishini talab qilishgan.

Bishkek shahar mahkamasi 17 iyun kuni millatchi qarashdagi "Ata-Jurt" partiyasi raisi Qamchibek Tashiyev hamda partiyaning parlamentdagi fraktsiyasi a‘zolari Sodir Japarov va Talant Mamitovlarga nisbatan ayblov hukmini bekor qilgan edi.

Uchovlon shu yil mart oyida "hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish"da aybdor, deb topilgan va 1 yilu 6 oy hamda 9 oylik qamoq jazolariga mahkum etilgandi.

Bishkek mahkamasi ularni aybdor, deb topgan, ammo 2012 yilning oktyabrida hukumat uyi qarshisidagi namoyish yurish chog‘ida davlatga yetkazilgan zararni qoplash haqida qaror chiqargan.

Shu oy boshida Jalolobod viloyat hokimiyatini bosib olgan Tashiyev tarafdorlari u va safdoshlarini ozod qilishni talab qilganlar.

Namoyishchilar ayni talab bilan Bishkek-Jalobod yo‘lini ham to‘sib qo‘yishgan.

Bishkek mahkamasining qarori qirg‘iz parlamentida ham qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan.

"Chingizxon izidan"

2012 yilning 3 oktyabrida Bishkekda yuz bergan voqealar, tahlilchilarga ko‘ra, mamlakatni navbatdagi "inqilob" yoqasiga olib kelgan.

Shu kuni parlament va Prezidentning qarorgohi joylashgan Oq Uy qarshisida muxolifatdagi "Ata-Jurt" partiyasi tarafdorlarining namoyishi boshlangan.

Ayrim raqamlarga ko‘ra, mingga yaqin odam to‘plangan.

Namoyishchilar Kanada shirkati tomonidan ishlatilayotgan mamlakatning yirik oltin koni - "Qumtor"ni "xalqqa qaytarish"ni talab qilganlar.

Tinch namoyish tezda tartibsizliklarga aylanib ketgan.

Namoyishchilar qarshisida nutq so‘zlagan Qamchibek Tashiyev ularni "hoziroq hukumatni bosib olishga" chaqirgan.

"Biz hokimiyatni almashtirishimiz kerak. Yarmimiz hukumat binosini, qolgan yarmimiz esa Oq Uy kabinetlarini egallaylik. O‘z vaqtida Chingizxon o‘zining 17 navkari bilan hokimiyatni olgan. Kim men bilan boradi?", deya xitob qilgan janob Tashiyev.

Shundan so‘ng militsiya saflarini yorib o‘tgan namoyishchilar temir panjaradan oshib o‘tishni boshlaganlar, ammo ichkariga kirisholmagan.

Qirg‘iz maxsus kuchlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatgan.

Shohidlarga ko‘ra, o‘q ovozlari eshitilgan.

Tartibsizliklarda qatnashgan 20 kishi, jumladan, uch deputat hibsga olingan.

Prezident Almazbek Atambayev janob Tashiyevning maqsadi hokimiyatni olish ekani, u "Qumtor"dan bahona sifatida foydalanayotganini aytgan.

Chorshanba kuni Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida qamoqdan chiqqan Qamchibek Tashiyev prezidentlikka da‘vogar ekani, ammo hokimiyatga qonuniy yo‘l bilan kelishini aytgan.