"O‘zbek chegarachilari qirg‘iz fuqarosini otib o‘ldirishgan"

Image caption Qirg‘iziston janubidagi Botken mintaqasining Qadamjoy tumanida yuz bergan

Qirg‘iziston Davlat Chegara xizmatining xabar berishicha, qirg‘iz-o‘zbek chegarasida yuz bergan hodisada o‘zbek chegarachilari bir Qirg‘iziston fuqarosini otib o‘ldirishgan.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, hodisa kecha Qirg‘iziston janubidagi Botken mintaqasi Qadamjoy tumanining O‘zbekiston bilan chegaradosh hududida yuz bergan.

Hodisa ikki davlat chegarachilari belgilanmagan chegara hududlarini birgalikda qo‘riqlashga kelishib olishlaridan bor-yo‘g‘i bir necha kun o‘tib yuz bermoqda.

Muxbirimiz To‘lqinbek Turdiboyevning xabar qilishicha, bugun parlament chegaradagi o‘lim hodisasini mubohasa etish uchun yig‘ilgan.

Parlament deputatlari savollariga javob qaytargan Davlat Chegara xizmati muvaqqat raisi Taalaybek Usubaliyev o‘zbekistonlik chegarachilari Qirg‘iziston fuqarosiga ikki bor o‘q uzganlarini aytgan.

Hozir hodisa joyiga Qirg‘iziston Chegara xizmati raisi birinchi o‘rinbosari Polkovnik Iskandar Mambetaliyev jo‘nab ketgan.

Ayni paytda mazkur fojea yuzasidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara xizmati vakillari ham uchrashishayotgani xabar qilinadi.

Qirg‘iz matbuoti kamida 100 nafarga yaqin Qirg‘iziston fuqarosi o‘z vatandoshlarining o‘ldirilishiga norozilik bildirib, chegaraga yaqin hududda to‘planishgani haqida yozgan.

Ular bir necha soat O‘sh-Botken yo‘lining bir qismini to‘sib qo‘yishgan.

Hukumat idoralarining bildirishicha, hozir yo‘l ochilgan va vaziyat tinch holatga qaytgan.

Bosh vazir Jonto‘ra Sotiboldiyev ham favqulodda yig‘in o‘tkazib, chegaradagi hodisani mubohasa qilgan.

Tekshiruv o‘tkazish uchun ikkitomonlama komissiya tuzilishi aytilgan.

O‘zbekiston tarafi esa, mazkur xabarlarga munosabat bildirmagan.