"Suvdan foydalanishda tarixiy an‘analar hisobga olinishi kerak"

20 iyun kuni Efiopiya Nil daryosida yirik to‘g‘on qurish rejasini himoya qilib chiqqan. Bu haqda Efiopiya hukumati Janubiy Sudan poytaxti Jubada Nil suvlari taqsimotiga bag‘ishlangan mintaqaviy muzokaralardan oldin e‘lon qilgan.

Bir hafta muqaddam Efiopiya suvdan foydalanish haqida XIX asrda imzolangan bitimni bekor qilish bilan Misr hukumati g‘azabini qo‘zg‘atgan edi.

Misr suv to‘g‘onining qurilishi suv ta‘minotining ozayishiga olib keladi, degan xavotirda.

BBC bilan suhbatda Efiopiyaning Londondagi elchisi Berhanu Kabebe Nil daryosidan foydalanish haqidagi bitim imzolangan paytda Efiopiya hech qanday rol o‘ynamaganini aytgan. Ammo uning ishonishicha, suv ombori Habashiston va qo‘shni davlatlarga elektr yetkazib berish bilan barcha tomonlarga foyda keltiradi.

"Nil suvining 86 foizga yaqini Efiopiyadan keladi. O‘zining jo‘g‘rofiy yerlashuvi tufayli Habashiston undan qishloq xo‘jaligidan foydalana olmaydi. Suvdan faqat elektr energiyasi ishlab chiqarishda foydalanish mumkin", deydi Efiopiya elchisi.

Efiopiya bilan Misr o‘rtasidagi bahs O‘zbekistonning qo‘shnilari Tojikiston va Qirg‘iziston bilan so‘nggi yillarda kuzatilayotgan tortishuvlarga o‘xshab ketadi.

Amudaryo va Sirdaryo oqimlari boshlanishi joylarida suv omborlari qurish rejalari O‘zbekistonning qarshiligiga duch kelmoqda, iqtisodi paxtachilikka bog‘langan O‘zbekiston bu loyihalar oqibatlaridan xavotir bildirib keladi.

Xo‘sh, xalqaro amaliyotda daryolar tufayli mamlakatlar o‘rtasida kelib chiqqan bahslar qanday hal etiladi? BBC ushbu savolni toshkentlik taniqli ekolog olim, akademik Bek Toshmuhamedovga berdi.

Bek Toshmuhamedov: Bu - bugungi kunda tez-tez duch kelinib turilgan muammo. Xuddi shunday bahs Turkiya bilan uning quyi oqimdagi qo‘shnilari o‘rtasida Dajla va Frot daryolari ustidan bormoqda. Hozir xuddi shunday bahs Misr bilan Nil daryosining yuqori oqimida joylashgan mamlakatlar orasida kuzatilayapti. Biroq suvdan foydalanish va taqsimlash bo‘yicha aniq-tiniq belgilab berilgan xalqaro qonunlar mavjud. Bularda eng avvalo suvdan shu paytgacha shakllanib ulgurgan an‘analarga mos ravishda foydalanilishi belgilab qo‘yilgan.

BBC: Xalqaro amaliyotda mamlakatlar o‘rtasida suv ustidan kelib chiqqan bahsning ikki tomonni ham qondiradigan muvaffaqiyatli hal qilinganining qanday misollari bor?

Bek Toshmuhamedov: Bunga misol qilib Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Meksikaning Rio-Grande transchegara daryolari suvlaridan foydalanish kelishuvini keltirish mumkin.

Bu mamlakatlar ikki tomonga ham ma‘qul yechimni topishga muvaffaq bo‘lganlar va suv ustidan bahs hal etilgan. Agar istak bo‘lsa, har doim hamma tomonni qoniqtiradigan yechim yo‘lini topish mumkin.

BBC: Shu kecha-kunduzda Efiopiyaning Nilda to‘g‘on qurish rejasi Misrni g‘azablantirmoqda, hatto urush po‘pisalari ham yangradi. Suvdan foydalanish bo‘yicha xalqaro bitimlar mavjudligiga qaramasdan, mamlakatlar bu bahsni kuch qo‘llab hal qilishni afzal ko‘rayotganlari nimani anglatadi?

Bek Toshmuhamedov: Transchegara daryolarining suvlarini qayta taqsimlash masalalari tez-tez ko‘tarilib turadi. Lekin siz hozir Nil boshidagi mamlakatlarning har birining to‘g‘on qurib, suvni o‘ziga olishini tasavvur qiling! Bu mamlakatlarning soni esa ko‘p. Unda Nil umuman Misrgacha yetib kelmasligi ham mumkin. Axir Misr so‘nggi 5000 yil davomida faqat Nil daryosi mavjudligi uchun yashab kelgan. Buni O‘zbekiston misolida ham aytsak bo‘ladi. Markaziy Osiyodagi qadimgi tamaddunlar aynan Amudaryo va Sirdaryo sohillarida yaratilgan va bu tamaddunlarning vatani bo‘lgan hozirgi O‘zbekiston mintaqadagi dehqonchilikning markazi bo‘lib kelgan. Asrlar davomida Amudaryo va Sirdaryo O‘zbekiston yerlarini sug‘orib kelgan. Bunday g‘azabnok munosabat bildirilayotganining sababi, tarixiy an‘analar inobatga olinmayotganidir. Shuning uchun suvdan foydalanishda asrlar mobaynida shakllanib kelgan tarixiy an‘analar hisobga olinishi kerak. Misrliklarni Nildan, O‘zbekistonliklarni Amudaryo va Sirdaryodan mosuvo qilmaslik kerak. Bu masalalar ancha murakkab. Lekin ularni muzokaralar stoli atrofida hal qilish lozim.

BBC: Biroq Efiopiya va Tojikiston energetika taqchilligiga duch kelayotganlarini aytishadi. Efiopiya ham, Tojikiston ham to‘g‘on qurishsa, bu quyi oqimga salbiy ta‘sir qilmasligini, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan o‘zlarining va qo‘shnilarning ehtiyojlarini qondira oladigan bo‘lishlarini aytishadi...

Bek Toshmuhamedov: Gap shundaki, hali Sho‘rolar Ittifoqi davrida Sirdaryo va Amudaryoda nima uchun yirik gidroinshootlarni qurishga qaror qilingan? Chunki quyi oqimdagi dehqonchilik uchun, dalalarni sug‘orish maqsadida GESlarni qurishga qaror qilingan. Bu inshootlar asosan irrigatsiya maqsadini ko‘zlab barpo etilgan. Suv omborlari ham, to‘g‘onlar ham irrigatsiya rejimida ishlatishga moslab qurilgan. Hozir esa bu inshootlarni irrigatsiya emas, energetik rejimda ishlatmoqdalar. Yangi qurmoqchi bo‘layotgan GESlarini ham energetik rejimda ishlatmoqchilar. Bu degani, qishda suv omboridagi suv oqizib yuborilib elektr energiyasi ishlab chiqariladi, deganidir. O‘zbekiston bunga qarshi emas. Lekin ular O‘zbekistonga yoz payti, ekinlarni sug‘orish mavsumida suv kerak bo‘lishini unutmasliklari kerak. Iqtisodiyoti, qishloq xo‘jaligi sug‘orishga bog‘liq bo‘lgan mamlakat yuqori oqimdagi mamlakat oldiga o‘zining bunday talabini qo‘yishga haqli. Va bunday talab qonuniy hisoblanadi.