Shinjonda 11 uyg‘ur diniy adovat qo‘zg‘ashda aybdor topildi

Image copyright AP
Image caption Shinjon...

Xitoy matbuotiga ko‘ra, mamlakat g‘arbidagi Shinjon mintaqasida mahkama o‘n bir kishini etnik va diniy adovat qo‘zg‘atishda aybdor deb topib, 2 yildan olti yilgacha ozodlikdan mahrum etgan.

Eng og‘ir jazo internet orqali jihodga chaqirishda ayblangan shaxsga tayinlangan.

Boshqalar esa, uylarga bostirib kirib, televizorlarni sindirishda aybdor deb topilganlar.

Mahkamaga tortilganlarning barchasi uyg‘ur millatiga mansub ekani xabar qilinadi.

Mahkama hukmi Shinjonda yuz bergan etnik nizolarga to‘rt yil to‘lishidan bir oz avval chiqarilgan. BBC Xitoy masalalarida tahlilchi, Yuven Yu bilan suhbatlashgan:

Yuven Yu: Bugun Xitoyning Shinjon muxtor viloyatida o‘n biri kishiga hukm o‘qilgan. Ulardan biri, Xitoy matbuot vositalariga ko‘ra, internetdan ektremistik ruhdagi materiallarni ko‘chirib, jihod va milliy nizolarni targ‘ib qilishda aybdor topilib, olti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Qolgan to‘qqiz kishi esa, bir qishloqdagi xonadonlariga bostirib kirib, diniy adovatni qo‘zg‘atish maqsadida televizorlarini sindirishganlari uchun ikki yildan besh yilgacha hukm etilganlar. Yana bir kishiga qamoq jazosi belgilanmagan. Ammo, unga ham o‘zi yashaydigan mahallada milliy nafratni targ‘ib qilgani uchun 15 kunlik ma‘muriy jazo belgilangan.

BBC: O‘tmishda uyg‘urlar ko‘proq bo‘lginchi kayfiyatlarini targ‘ib qilishgan bo‘lishsa, endi ularning intilishlari diniy tus olayotgan ko‘rinadi. Vaziyatning ayni tomonga o‘zgarishi Xitoy rasmiylarini xavotirga soladimi?

Yuven Yu: Albatta, Xitoy mulozimlarining xavotirlari juda katta. To‘g‘ri, o‘tmishda odamlarga ko‘proq mintaqadagi xan xitoyliklariga qarshi zo‘ravonliklarga qo‘l urganlari uchun jazo berilgan. Biroq, bu ikki narsani - bo‘lginchilikka intilishlar va diniy fundamentalizm tushunchasini Xitoy xukumati doimo bir-biriga bog‘lab kelgan. Xitoy xukumati ba‘zi uyg‘urlar interenetdan yoshlarni o‘z jihodiy g‘oyalariga jalb etish uchun foydalanayotganini yaxshi bilishi haqida aytadi. Joriy yil boshida yigirmaga yaqin uyg‘ur internetdan diniy nafratni qo‘zg‘atuvchi materiallarni ko‘chirishgani uchun mahkamaga tortilib, ba‘zilari bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

BBC: Biroq, uyg‘urlar Xitoydagi yuzlab milliy guruhlari orasida yagona musulmonlar emas, Xitoyda boshqa etnik guruhlar ham istiqomat qilishadi, misol uchun, Xuey xitoyliklar, ularga munosabat qanday?

Yuven Yu: Nazarimda, Xuey musulmonlari Xitoy hukumati uchun katta muammo tug‘dirmaydi. Ular orasida u qadar sezilarli darajadagi bo‘lginchilik kayfiyatlari ham yo‘q. Xitoy davlatiga mansub emasliklariga qattiq ishongan Shinjon uyg‘urlari o‘zlarini Sharqiy Turkistonning bir qismi sifatida ko‘rishni istashadi. Hukumat uyg‘urlar Xitoy tashqarisidan, xususan, Markaziy Osiyoda yashayotgan uyg‘ur jamoalaridan dastak olishiga ishonadi va shuning uchun, Shinjon uyg‘urlaridan ko‘proq tashvishlanadi. Biroq, Xuey musulmonlari Xitoy madaniyati va hayotiga shu darajada integratsiya bo‘lganlarki, ular va xan xitoyliklari orasida umuman farqni ko‘rolmaysiz. Ha, albatta, ular musulmon va Islomiy qoidalariga bo‘ysunadilar. Ammo, xitoyliklar nazdida ular uyg‘urlarga qaraganda jamiyatda ko‘proq qabul qilingan.