Braziliyadagi noroziliklarda bir milliondan ortiq inson ishtirok etdi

Image copyright Reuters
Image caption Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlarda 1 milliondan ortiq insonning ishtirok etgani xabar qilinadi

Braziliyaning 100 dan ortiq shahrida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida bir milliondan ko‘proq inson ishtirok etgani xabar qilingan.

Zo‘ravonliklar ko‘plab joylarda qayd etilgan, San Paolo shtatida avtomobil barrikadaga borib urilishi oqibatida 18 yashar yosh yigit halok bo‘lgan.

Transport narxlarining qimmatlashuviga e‘tirozan bir hafta muqaddam boshlangan namoyishlar keyinchalik mamlakatdagi korruptsiya va kelgusi yil bo‘lib o‘tajak futbol bo‘yicha Jahon Kubogiga sarflanayotgan mablag‘ning ortib borayotganiga qaratildi.

Prezident Dilma Rousef bo‘hron bilan shug‘ullanish maqsadida o‘zining Yaponiyaga safarini bekor qilgan.

U inqirozni muhokama etish uchun o‘z hukumati a‘zolarini juma kuni favqulodda yig‘inga chaqirgan.

Payshanbadan jumaga o‘tar tunda Rio de Janeiro shahrida politsiya shahar hokimiyati binosiga yaqinlashishga uringan bir guruh niqobli yoshlarga qarata ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlarini otgan.

Kamida 29 nafar odam yaralangani xabar qilinadi.

Rio rasmiylari davlat binolari, viloyat gubernatori va shahar hokimi idoralarini muhrlab tashlaganlar.

Televideniye orqali do‘konlarni talayotgan olomon namoyish etilgan.

Riodagi ko‘plab do‘konlar va banklar eshiklari taxtalar bilan mixlab tashlangan.

Poytaxt Brasiliyada esa politsiya Tashqi ishlar vazirligi kiraverishini yoqib yuborishga uringan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlarini ishga solgan.

Shahardagi boshqa hukumat binolari namoyishchilar tomonidan hujumga uchragan va politsiya olomonni tarqatib yuborish uchun gaz va rezina o‘qlardan foydalangan.

Basiliyada 26 nafar inson jarohat olgani xabar qilinadi.

Konfederatsiya Kubogi uchun Nigeriya va Urugvay jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tajak o‘yindan oldin Salvador stadioni tashqarisida to‘qnashuvlar yuz bergan.

Braziliya janubidagi Porte Alegre va shimolidagi Kampinas va shimoli-sharqiy Salvador shahrida ham to‘qnashuvlar yuz bergani xabar qilinadi.

Hozirgi tartibsizliklar 1992 yildan buyon qayd etilayotgan eng yirik tartibsizliklardir.