Ikki fuqarolik davr talabimi va yo "bevatanlik"?

Image copyright none
Image caption Mehnat muhojirlari orasida norasmiy shaklda ikki fuqarolik bo‘lganlar oz emas

O‘zbekistonning o‘ttiz millionlik aholisidan norasmiy ma‘lumotlarga qaraganda kamida besh millioni muhojirlikda ekani aytiladi.

Muhojirlikdan asosiy maqsad - ro‘zg‘or.

Bugun o‘zbekistonliklarni o‘z vatanlaridan farovonroq bo‘lgan dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan topish mumkin.

Kimdir muvaqqat, yana kimdir doimiy boshpana topgan.

Ular orasida o‘zlari yashab turgan mamlakat fuqaroligini olayotganlar soni ham minglarchadir.

Sobir N. O‘zbekistondan 2000 yili oliy ta‘lim olish uchun G‘arb davlatlaridan biriga keladi.

"O‘qishga kelishdan avval O‘zbekistonga qaytib boraman, G‘arbda olgan diplomim bilan yaxshi ish topaman deb xomxayol qilgan ekanman. Uch yil ta‘lim davomida uch marta ta‘tilga bordim. Onam o‘qituvchisi, otam fermer bo‘lib ishlaydilar. G‘arb hayotining ta‘sirimi yo boshqa sababmi, har gal vatanga borganimda va chet elda o‘qib kelib ish topolmay yurgan do‘stlarim bilan suhbatlashganimda fikrim o‘zgara boshladi. Hatto fermerlik qilaman deb ming tashvishni boshiga ortirgan otam ham "bolam, tinch bo‘lsang bo‘ldi, qaytib yotma, bu yerdagi holatni ko‘rayapsan", dedilar. Besh yilcha ishladim. Shu yerda uylandim. Farzand ko‘rdim. Fuqarolikni olganimga to‘rt yilcha bo‘ldi. Orada ikki marta O‘zbekistonga borib keldim. Oxirgi marta aeraportda ancha tutib turishdi. Chiptam Istanbulgacha edi. "Innaykeyinchi" degan savollar bilan qiynashdi. Ammo baribir chiqib oldim. Hozir yuragim betlamaydi qaytib borgani, aslida hech qanday noqonuniy ishga qo‘l urmaganman, ammo bizdagilarga buni tushuntirib bo‘larmidi?"

Qonun nima deydi?

O‘zbekiston konstitutsiyasining Fuqarolik bobida mamlakat hududida yagona fuqarolik o‘rnatilishi aytiladi. "O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonunning 1-bob 10-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmasligi ko‘rsatilgan.

Demak, Bosh qonunda bitilishicha O‘zbekiston fuqarosi boshqa bir mamlakat fuqaroligiga o‘tishi qonunbuzarlik hisoblanmaydi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, aslida muammo chalkashroqdir.

- "O‘zbekistonda konstitutsiyadan tashqari boshqa qonunlar bor. Fuqarolik to‘g‘risida, Prezident vakolatlari to‘g‘risida va hokazo. Bu qonunlarda ikki fuqarolik qat‘iy man etilgan. Agar boshqa davlat fuqaroligini oladigan bo‘lsangiz, unda O‘zbekistonning tegishli elchixonasini bir yil ichida ogoh etishingiz shart. So‘nggi paytlar O‘zbekistonda "pasport tizimini buzish" va yoki "kirish-chiqish viza holatini poymol" qilishga qarshi yangi qonunlar joriy etish va yo shunga harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Chunki O‘zbekistondagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy holatlar o‘zbekistonliklarni ikki fuqarolik va yo boshqa davlat fuqaroligini ham olishga undamoqda", deydi Kamoliddin Rabbimov.

Manzura K, 31 yosh, o‘zbekistonlik sobiq xorij tili o‘qituvchisi.

"Uzoqroq qarindoshlarimdan biri Ovro‘po davlatiga ishga ketdi. Bir yil o‘tganidan keyin oilasini ham chaqirib oldi. Men avvaliga ular bilan yozishib turdim. Rosti, ularga havasim kelardi. Men oylik bilan oila boqolmasdim. Repititorlik qilardim. Qarindoshlarimiz bilan suhbatlar va maktublardan keyin menda umid paydo bo‘ldi. Pul to‘play boshladim. Ularning yordami bilan universitetdan taklifnoma kelganida qanchalar quvonganimni bilsangiz edi. O‘zimdan o‘zim uyalardim. Vatandan ketish uchun ham odam shunchalar quvonadimi derdim. Ammo vatanda beshikdan to qabrgacha pora bilan kun ko‘rishga majbur bo‘lsangiz nima qilasiz? Jon berib ishlardim, qiyo boqishmasdi. Beriladigan maoshga oilamni qo‘ying, o‘zimni boqolmasdim. Xorijga chiqqanimdan keyin albatta qiyin bo‘ldi. Ammo uch yildan keyin shu universitetning o‘zidan ish topdim. Oilamni olib keldim. Bu orada O‘zbekistonda qolgan yaqinlarimga moddiy yordam bera boshladim. Vaqti – soati kelganida esa fuqarolikni qabul qildim. O‘zbekiston fuqaroligidan esa kechganim yo‘q. Nima uchun kechay? O‘zbekiston mening ham vatanim!"

Shu o‘rinda Prezident Karimov o‘zining bir necha kitoblaridan birida "ikki davlat fuqaroligiga mansublik achinarli holdir. Bu bevatanlik bilan barobardir", - deb yozadi.(I.A.Karimov. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. 2-tom, T., 1996. 96-bet.).

"Bevatanlar" orasida kimlar bor?

Image copyright bbc
Image caption I. Karimov ikki fuqarolikni "bevatanlar", mehnat muhojirlarini esa "dangasalar" deb o‘ylaydi...

Islom Karimovning bundan 15 yilcha avval o‘ylabmi, o‘ylamaymi ikki fuqarolikni "achinarli hol" deb atashi va "bevatanlikka" mengzashi bugun nafaqat xorijda yurgan ko‘plab o‘zbekistonliklar, balki hukumat lavozimlarida ishlaydiganlarning ham ensasini qotirishi turgan gap.

O‘zbekiston mulozimlari va yo ularning farzandlari orasida turfa sabablar bilan xorijiy fuqarolikni qabul qilayotganlar oz emas, deydi Kamoliddin Rabbimov.

"O‘zbekiston siyosiy elitasining qudratli shaxslari qatorida ikkinchi bir davlat fuqaroligiga bo‘lganlari oz emas. Ularning ko‘pchiligi Rossiya, ba‘zilari Ovro‘po davlatlarining fuqarolari ham sanaladi. Tabiiy, buni isbotlash mushkul... Ayniqsa, ularning farzandlari orasida bunday ikki fuqarolik sohiblari oz emas. Ular ataydan homilador turmush o‘rtog‘lari va yo farzandlarini G‘arbga jo‘natishadi. Maqsad kelajakda o‘sha davlatlardan boshpana topish..."

Fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning o‘zi kuzatuvchilarga ko‘ra, turfa savollarga sabab bo‘ladi va javoblar ham bir xil yoki aniq –tiniq emas.

Buning ustiga O‘zbekiston chiqish vizasi degan mohiyatan absurd qonunga ega, bu ham yetmaganday yangi biometrik pasportlar berilishi ikki fuqarolikka ega "qonunda yo‘q" shaxslar uchun bu muammoni yana ham chigallashtiradi.

Kamoliddin Rabbimov tilga olgan O‘zbekistonda "ijtimoiy-iqtisodiy tang vaziyatning" o‘zi siyosatga bevosita aloqasi bo‘lmagan minglab o‘zbekistonliklarni asosan sobiq "katta og‘a" Rossiya tomon yo‘naltirilmoqda.

Ular orasida qonunchilikdan boxabar va yo bexabar shaklda Rossiya fuqaroligini qabul qilayotganlar oz emas.

Birgina Rossiyada norasmiy ma‘lumotlarga asosan kamida to‘rt million o‘zbekistonlik mehnat muhojiri umrguzaronlik qilar ekan, ular orasida Rossiya fuqaroligini qabul qilayotganlar talaygina...

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan, ammo hozirda Rossiyada yashayotgan suhbatdoshimiz Salomat opa 2007 yilda bu mamlakat fuqaroligini qabul qilgan.

"2007 yilda Rossiya fuqaroligini soddalashtirgan tartibda berishar edi. Men ham bir yarim yil ichida qabul qildim. Avval O‘zbekiston fuqarosi edim. O‘zbekiston bilan Rossiya orasida ikki fuqarolik shartnomasi yo‘q edi, shuning uchun O‘zbekiston pasportidan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Avval ariza yozdim fuqarolikdan chiqish haqida va uni notarial tasdiqlatib maxsus xat bilan jo‘natdim. Lekin O‘zbekistonga borib pasportni topshirganim yo‘q. Ehtimol, shunday qilishim kerakdir. Ammo hech kim menga O‘zbekiston fuqaroligidan rasman chiqdingiz deb tasdiqlab ham bergani yo‘q. O‘zbekistonga Rossiya pasporti bilan borib kelmoqdaman. U yerda ro‘yxatdan o‘taman, boj to‘layman, bemalol kirib chiqaveraman. Ochig‘ini aytsam, O‘zbekistonda yashash mushkullashib qolgan edi. Oyliklarimiz yetmasdi. Keyinroq butun oilam, farzandlarim, turmush o‘rtog‘im, ukam va kelinim ham Rossiyaga kelishdi. Shu yerning fuqaroligini qabul qildik. Mening tanishlarim orasida Rossiya fuqaroligini olganlar juda ko‘p, ammo ular ham O‘zbekiston fuqaroligidan rasman chiqishgani yo‘q, nazarimda", deydi Salomat opa.

Ikki fuqarolikdan kim qo‘rqadi?

Siyosatda esa... O‘zbekistonning joriy hukumati hech qachon Rossiya bilan ikki fuqarolik shartnomasiga rozi bo‘lmaydi, deydi Kamoliddin Rabbimov.

"O‘zbekistonlikning Rossiya fuqaroligini qabul qilishidan Toshkent rejimi qo‘rqadi. Ayniqsa, ko‘plab mehnat muhojirlari turfa sabablar bilan Rossiya vatandoshi bo‘ladigan esa, bu Moskvaga O‘zbekiston ichki ishlariga aralashish imkoniyatini yaratishi mumkin. Buni biz Shimoliy Qavqoz misolida ko‘rdik...Ammo buning oldini olish mumkin. "Bevatanlik" deb tamg‘alash bilan ish bitmaydi. Qolaversa, bugun aksariyat G‘arb davlatlari va rivojlanayotgan mamlakatlar ikki fuqarolik qonunlashtirilgan. Bu mamlakatning iqtisodi uchun yaxshi, sarmoyalar uchun yaxshi...Ammo Prezident Karimovning hohish-irodasi, qo‘rquvlaridan kelib chiqqan holda bizda ikki fuqarolikka qarshi siyosiy kurash mavjud", deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Alhol, ayrim mulozimlar, jumladan O‘zbekistonning Amerikadagi diplomatlaridan biri ayni masalani ochiqlar ekan, "Vatandosh" gazeti bilan suhbatda jumladan bunday deydi.

"... fuqarolarimizning boshqa davlat, xususan AQSh yoki Kanada fuqaroligini qabul qilishi, ayni vaqtda ular O‘zbekiston fuqaroligidan chiqdi, degan ma‘noni anglatmaydi. Buni bilmagan ba‘zi fuqarolarimiz "men Amerika fuqaroligini qabul qildim, shuning uchun O‘zbekistonga borish uchun viza olishim kerak", deb konsulxonamizga murojaat qiladilar. Bunday fuqarolarimizga yana bir bor eslatib o‘tamiz – O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida rasmiylashtiriladi. Shundan keyingina bu fuqaro xorijiy davlat fuqarosi sifatida tan olinishi mumkin."

Xullas, O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish va yo fuqarolikni qabul qilish bir emas bir necha yillarga cho‘ziladigan jarayondir. Mutaxassislarga ko‘ra, boshqa ko‘plab masalalarda bo‘lgani kabi bu sohada ham qog‘ozdagi qonunlarga amal qilinmaydi.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, ayni masala bu yaqin orada o‘z yechimini topishi dargumon.

"Bu siyosiy tizim yopiqlikni yaxshi ko‘radi. Fuqarolikka qabul qilishni ham, chiqarishni ham hohlamaydi, chunki mavjud siyosiy tafakkur har bir o‘zgarishda faqat xavf-xatar ko‘radi. Ayni muammo tobora kattalashib bormoqda, ammo rasman tan olinayotgani yo‘q. O‘ylaymanki, Karimov ketganidan keyin bu masalaga qaytishga to‘g‘ri keladi", deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.