Naubet Bisenov: "G‘arb matbuoti Markaziy Osiyoga juda kam qiziqadi. U faqat biror g‘ayrioddiy voqea yuz bergandagina Markaziy Osiyoni eslab qoladi"

Image caption Naubet Bisenovga ko‘ra, AQSh matbuoti Qirg‘izistondagi etnik mojaroni tubdan o‘rganmagan

BBC mehmoni - mustaqil jurnalist va tahlilchi Naubet Bisenov.

Naubet Bisenov 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik mojaroning AQSh matbuotida yoritilishini tadqiq qilgan.

Uning "2010 yilgi qirg‘iz-o‘zbek mojarosining Amerika gazetalarida yoritilishi" deb nomlangan ilmiy ishi Qirg‘izistondagi beqarorlikni keltirib chiqargan asosiy omillar, xususan siyosiy, jug‘rofiy, lingvistik, madaniy omillar, hamda mamlakat shimoli va janubi o‘rtasidagi sinfiy farqlarni o‘rgangan.

AQShning Ogayo Universitetida olib borilgan ilmiy ish quyidagi savollarga javob izlaydi:

1. Vashington Post, Nyu York Tayms va Uols Strit Jornal gazetalari 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik konfliktni ikki tomonning ham qarashlaridan kelib chiqib yoritdimi?

2. Gazetalar o‘z o‘quvchilari mazkur mojaroni yaxshiroq tushunishlari uchun mojaro ostida yotgan sabablar va tarixiy manzaraga yetarlicha e‘tibor qaratdilarmi?

Tadqiqot yuqorida tilga olingan uchta nufuzli nashrlarning Qirg‘izistondagi voqealarni yoritishda tinchlik jurnalistikasi yoki urush jurnalistikasi usullarini qo‘llagani yo qo‘llamaganini ham o‘rgangan.

Vashington Post, Nyu York Tayms va Uols Strit Jornal gazetalari xalqaro voqealarga bo‘lgan katta qiziqishi bilan Amerikadagi boshqa nashlardan ajralib turadi.

Janob Bisenovga ko‘ra, 2010 yilning 10 iyuni va 2011 yilning 4 mayi o‘rtasida Vashington Post qirg‘iz voqealariga bog‘liq 10ta maqola, to‘rtta Assoshieyted Press xabari, Nyu York Tayms 25ta maqola, bitta qisqa xabar va ikkita Assoshieyted Press xabari, Uoll Strit Jornal esa sakkizta maqola va sakkizta Dau Jouns xabari, hamda uchta Assoshieyted Press xabari va bitta Reyters xabarini chop qilganlar.

Muallif fikrida, Markaziy Osiyoning sobiq sho‘ro respublikalari G‘arb matbuotida hamon yaxshi o‘rganilmagan mavzu bo‘lib qolmoqda.

Uni Janubiy Qirg‘iziston muammosining AQSh matbuotidagi yoritilishini tadqiq qilishga, muallifning o‘zi aytishicha, AQSh matbuotidagi umumiylashtirishlar sabab bo‘lgan.

Image caption QTK hisobotiga ko‘ra, mojaroda 2,677ta imorat butkul vayron qilingan

Bisenov janoblariga ko‘ra, AQSh matbuotida o‘zbeklar zo‘ravonlikning asosiy qurbonlari, qirg‘izlar asosiy zo‘ravonlar deya ko‘rsatilgan, biroq Qirg‘iziston bo‘yicha Tergov Komissiyasi (QTK) qirg‘izlar ham qurbon bo‘lgani va ularning uy-joylariga ham yirik shikast yetkazilganini aniqlagan.

Muallif aynan mana shunday matbuot xabarlari tufayli qirg‘izlar va G‘arb jurnalistlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch yo‘qolgani va bu, o‘z navbatida, qirg‘izlarning qarashlarini o‘rganish va ma‘luot yig‘ishni qiyinlashtirganini aytadi.

Unga ko‘ra, AQSh matbuotida qirg‘iz va o‘zbek qo‘shnilar bir-birlarini himoya qilgani va birgalikda o‘z mahallalari va bozorlarini qayta qurishga uringanlari tilga olinmaydi.

U, shuningdek, AQSh matbuotidagi xabarlar asosan o‘zbeklar tomonidagi qurbonlar ko‘rsatmalariga asoslansa, qirg‘iz tomonidan asosan hukumat mulozimlari bayonotlariga tayanganini aytadi.

QTK olib borgan tergovga ko‘ra, mojaroda 470 odam halok bo‘lgan. Ularning 74 foizi o‘zbeklar, 25 foizi qirg‘izlar, 1 foizi esa boshqa kichik etnik guruhlar a‘zolari bo‘lishgan.

Mojaroda o‘qdan o‘lgan qurbonlarning 80 foizi o‘zbeklar bo‘lishgan, 19 foizi esa qirg‘izlar. Minglab odamlar jarohat olganlar.

Naubet Bisenov 1991-1996 yillarda Toshkent Davlat Universitetida yadroviy fizika mutaxassisligi bo‘yicha ta‘lim olgan. U 1994-1999 yillarda Moskva viloyatining Dubna shahridagi Yadroviy tadqiqotlar institutida ishlagan.

U 2000 yilda Toshkentdagi BBC Monitoring idorasiga Qozog‘iston matbuoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishga kirgan, 2005 yilda esa Olma otaga ko‘chib, mustaqil jurnalist, tahlilchi va tarjimon bo‘lib faoliyat yurita boshlagan.

U 2011-2013 yillarda AQShdagi Ogayo Universitetinining magistratura bo‘limida jurnalistika bo‘yicha ta‘lim oldi.

Naubet Bisenov saytimiz o‘quvchilari va tinglovchilardan kelgan savollarga javob berdi.

Hurmatli janob Bisenov, sizga qaysi nashr O‘sh voqealarini mukammal yoritgandek tuyuldi? Ularning hech biri O‘shga o‘z muxbirini yubordimi? Nima uchun o‘zi Amerikaliklar O‘sh voqeasini yoritishi yoki unga qiziqishi kerak deb o‘ylaysiz? Manzura, O‘sh

Bisenov: Men Vashington Post, Nyu York Tayms va Uoll Strit Jornal gazetalarida 2010 yil O‘sh voqealari haqida chop qilingan maqolalarni tahlil qilganman. Mening nazarimda, ular orasidan Vashington Post bu voqealarni eng xolisona yorita oldi. Lekin, bu gazeta 2010 yil 10 iyunida boshlangan voqealarning nafadar fojeaviy va qonli ekaniga qaramay, 2011 yil 4 mayida xalqaro komissiya hisoboti taqdim qilinguncha, atigi to‘qqizta maqolani chop qildi. Nyu York Tayms 22 maqolani, Uoll Strit Jornal 17ta maqolani chop qildi. Bu gazetalarning Markaziy Osiyoda muxbirlari yo‘q, ular faqat O‘sh voqealari yuz berganidan keyin hududga o‘z muxbirlarini jo‘natishdi. Ular, mening fikrimda, bo‘layotgan voqealarni yetarlicha tushunib yetmaganlar, shuning uchun ularning maqolalari menga juda oddiy va umumiylashtirishlarga to‘ladek bo‘lib ko‘rindi. Nima uchun amerikaliklar O‘sh voqeasiga qiziqishi kerak degan savolga kelsak, avvalambor, 470dan oshiq odamning o‘ldirilishi va uch mingdan oshiq uylar va do‘konlarning vayron qilinishini o‘z ichiga olgan bu kabi yirik ko‘lamdagi zo‘ravonlik yuz berganda, bunday o‘ta g‘ayrioddiy hodisani inkor qilib bo‘lmaydi. Amerikalik gazetalar oddiy amerikaliklarga Qirg‘iziston janubida nimalar bo‘layotganini hikoya qilib berish majburiyatiga va mas‘uliyatiga egalar.

Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan jurnalist sifatida bir masala borasida sizning fikringizni bilmoqchi edim. Siz G‘arb matbuoti Markaziy Osiyodagi hodisalarni yoritishini qanday baholaysiz? Sizningcha, Markaziy Osiyoni G‘arb matbuoti yetarlicha yoritayaptimi? Ularning xabarlari sifati haqida nima degan bo‘lardingiz? Ular naqadar xolis? Joanna Lillis, Olma-ota

Bisenov: Mening nazarimda, G‘arb ommaviy axborot vositalari Markaziy Osiyoga juda kam qiziqadilar. Ular faqat biror g‘ayrioddiy voqea yuz bergandagina Markaziy Osiyoni eslab qolishadi. Ularning nazariga tushish uchun yo O‘sh voqealari yuz berishi kerak, yo Bishkekda inqilob qilinishi kerak, yoki prezident yurak xurujini boshidan kechirishi kerak. G‘arb matbuotida davomiy va doimiy qiziqish yo‘q bizga nisbatan. Agar qiziqishlari bo‘lganda, Markaziy Osiyoda doimiy vakolatxonalarini ochgan bo‘lishardi, yoki o‘z muxbirlarini doimiy ravishda shu yerda joylashtirgan bo‘lishardi. Menimcha, G‘arb matbuoti ko‘proq qiziqishi kerak bu hudud bilan. Ayniqsa, Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarining kelgusi yil olib chiqishi va Afg‘oniston barqarorligida bizning hudud naqadar muhim rol o‘ynashini nazarda tutsak, hamda bu hududning keng ko‘lamli energiya zahiralari manbai ekanini nazarda tutsak, qiziqish kattaroq bo‘lishi kerak va bu hududni tahlil qilish va uni tushunishga ko‘proq harakat qilinishi kerak.

Ilmiy ishingizning asl maqsadi nima? Asl maqsad balki shu to‘polonlarning sababchilarini topish emasmi? Shu ilmiy ish bilan siz qirg‘iz bosqinchilarini oqlashga urinmaganmikansiz? Bilishimga qaraganda, siz ancha payta O‘zbekistonda bo‘lgansiz. Sizning o‘zbek xalqiga shaxsiy munosabatingiz qanday? Bo‘ston, O‘zbekiston

Bisenov: Ilmiy ishimning maqsadi O‘sh voqealarida kim aybdor ekani, yoki kim haq ekanini aniqlash emasdi. Mening maqsadim Amerikaning eng ko‘p o‘qiladigan gazetalarida bu voqealar qanday yoritilganini tahlil qilish edi, xolos. Aybdorlarni qidirish ilmiy xodimlar, xususan mening vazifamga kirmaydi. Mening amerika gazetalari faoliyatini o‘rganganim va buni tahlil qilganim, o‘zim biror tarafni oqlaganimni anglatmaydi. Men jurnalistman, va har bir jurnalist haqqona va oqqo‘ngillik bilan ikki tomonning ham qarashlari haqida xabar uzatishi kerak. Mening maqsadim bu uchta gazeta naqadar xolisona xabar tarqatganini aniqlash edi. Menga ayon bo‘lgani shu bo‘ldiki, ular asosan o‘zbek manbalarining qarashlarini uzatishgan. Lekin, bu haqida gapirishim bilan men qirg‘iz tomonining yonini olmayapman. Mutlaqo. Anig‘i shuki, amerikalik jurnalistlarda o‘zbek suhbatdoshlar bilan suhbat qurish osonroq bo‘lgan, chunki qirg‘iz millatchilar va boqsinchilar, o‘z navbatida, amerikalik jurnalistlarga o‘zbeklarni yonini olayotgan odamlardek munosabat qilishgan. Ularda amerikalik jurnalistlarga nisbatan ishonch bo‘lmagan. O‘z navbatida, amerikalik jurnalistlar qirg‘iz tomonining ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘lmagan va shu sababdan xabar uzatishi ham oqsagan. O‘zbek xalqiga munosabatimga kelsam, mening o‘zbeklarga munosabatim juda yaxshi. Men O‘zbekistonni va o‘zbek xalqini, madaniyatini sevaman. O‘zbekistonga tez-tez borib turaman, do‘stlarim bilan ko‘rishish uchun yoki o‘zbek taomlarini maza qilib yeyish uchun ba‘zida yiliga bir necha marta boraman. Men oilaviy sabablar tufayli O‘zbekistondan Qozog‘istonga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganman.

Nima uchun AQSh jurnal va gazetalarini tanladingiz? Axir ulardan ham mashxurrok jurnal va gazetalar borku! O‘sh voqealaridan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ancha buzildi, buni avvalgi holiga qaytarishga qancha vakt ketadi, umuman munosabatlar yana avvalgidek bo‘la oladimi? O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

Bisenov: Men bu tadqiqotni Ogayo Universitetida, "Matbuot va mojarolar" fani doirasida olib bordim. Tadqiqotning talablaridan biri, qanday mojaroni tadqiq qilmaylik, unda Amerikaning ishtirokini tahlil qilishimiz kerak edi. Shuning uchun men o‘zim uchun juda muhim bo‘lgan va meni bezovta qilib kelgan mavzuni tanladim. Bu ilmiy ishim amerikalik jurnalistlar faoliyatini tahlil qilgan, lekin ular, masalan, Ovro‘po jurnalistlaridan ko‘p farq qiladilar deb o‘ylamayman. Hammasining muammosi o‘xshash. Biroq, mintaqada yashab faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning xabarlari ancha farq qiladi. Men shaxsan bilaman, BBC, Ozodlik, eurasianet.org, AP, Reyter, Nemis to‘lqini kabi xabar agentliklari Markaziy Osiyoda o‘z jurnalistlariga egalar va ularning mahalliy muammolarni va siyosatni ancha teran tushunishlariga guvoh bo‘lganman. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarga kelsak, to‘g‘risini aytsam, O‘sh hodisalari bu aloqalarga qandaydir ta‘sir qilganiga men ishonmayman. Davlat miqyosida, demoqchiman. Lekin, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar ta‘sir qilmay qolmadi. U ikki xalq orasidagi tarixiy aloqalarga shikast yetkazdi va ishonchsizlik urug‘ini qadadi. Avvalgi munosabatlarga qaytish uchun bu ikki xalq yarashuv jarayonini bosib o‘tishlari kerak. Nazarimda, agar qirg‘iz hukumati va qirg‘iz jamiyati to‘xtab o‘ylanib ko‘rishi kerak, va millatchilik kun tartibini chetga surib qo‘yishi kerak. Hozirda Qirg‘izistonda millatchilik hissi ekstrim holatga kelgan. Millatchilikdan voz kechilgandagina, etnik o‘zbeklar bilan yarashuv yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Muhtaram Naubet janoblari. Janubiy Qirg‘izistonda milliy ozchilik deb ataluvchi xalq aslida bu hududlarning asl tub (etnik) aholisi bo‘lgan o‘zbeklarning hamon mintaqada huquqlari poymol bo‘layotganini aytib chiqayotgan yagona huquq himoyachisi, O‘shlik jasur va haqiqatparvar inson Ravshan Gapirovdek hech kim shu kungacha real ma‘lumotlarni ochib bera olmayapti. Siz ushbu haqiqatni tan olasizmi? Odiljon Maxdumiy, O‘sh

Bisenov: To‘g‘risini aytsam, men Ravshan Gapirov janoblarini tanimayman va uning bo‘lib o‘tgan va hozirda bo‘layotgan voqealarni qanday yoritganini baholay olmayman. Lekin, menimcha, BBC, Ozodlik, eurasianet.org kabi axborot vositalari O‘shdagi holatni yomon yoritishmayapti.

Your contact details
Disclaimer