Nelson Mandelaning ahvoli og‘irlashgan

Image caption Nelson Mandelaning vaziyati so‘nggi 24 soat ichida og‘irlashgan

Janubiy Afrika prezidenti ma‘muriyatiga ko‘ra, Nelson Mandelaning salomatligi yomonlashgan va og‘ir ahvolda kasalxonada qolmoqda.

Prezident Jakob Zuma o‘z bayonotida shifokorlari Mandela janoblarining ahvolini yaxshilash uchun "imkon doirasidagi barcha amallarni bajarmoqdalar", deb aytgan.

Janob Zumaga ko‘ra, "U ishonchli qo‘llarda".

Janubiy Afrikaning ilk qora tanli prezidenti 94 yoshda va shu yil boshidan beri uchinchi bor o‘pka infektsiyasi bilan kasalxonaga yotqizilgan.

O‘tgan bir necha kun ichida Mandela janoblarining salomatligi borasida juda oz axborot berildi.

13 iyun kuni prezident Zuma sobiq prezidentning vaziyati yaxshilanayotgani, ammo hamon jiddiy holatda ekani haqida aytgandi.

Mandela janoblarining nabirasi Nbada Mandela ham bobosining salomatligi yaxshilanib borayotgani va yaqin orada o‘z uyiga qaytishiga umid qilayotgani haqida so‘zlagandi.

Mandela janoblarining rafiqasi Grasa Machel barcha xushniyatli noma yo‘llaganlarga minnatdorchilik izhor qilgan.

Nelson Mandela dunyodagi eng obro‘li davlat arboblaridan biridir.

U Janubiy Afrikadagi aparteid tuzumini mavh qilish va turfa irqlilik asosida demokratik davlat qurish uchun kurashdi.

27 yillik umrini qamoqda o‘tkazgan janob Mandela ozodlikka chiqqach, xalqining quvvatlovi bilan mamlakatning ilk qora tanli prezidenti bo‘ldi.

Asosan ikki irq o‘rtasidagi ziddiyatning boshqa jabhalarini bartaraf etish va tinchlik o‘rnatish uchun kurashdi.

So‘nggi yillar Nelson Mandelaning salomatligi yomonlashgan va bunga qamoqxonadagi yillari davomida o‘pka xastaligini orttirgani ham sabab bo‘lgan deyiladi.

Nelson Mandela 2004 yilda jamoat ishlaridan ketganidan keyin omma oldida kam ko‘rinish berdi.