Kashmirdagi alpinistlar jamlog‘ida to‘qqiz sayyoh otib o‘ldirilgan

Image caption 8000 metrlik Nanga-Parbat tog‘ cho‘qqisi alpinistlarni o‘ziga tortib keladi.

20 tacha qurolli shaxs sayyohlar joylashgan mehmonxonaga bostirib kirganlar. Ikkita guruh - "Jundulloh" sunniy jangari guruh va Pokiston Toliboni ham hujum uchun mas‘ul ekanlarini e‘lon qilganlar.

Voqea dunyodagi eng baland cho‘qqilardan biri Nanga-Parbat jamlog‘i yaqinida sodir etilgan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, sayyohlarning hammasi Nanga-Parbat cho‘qqisini zabt etishga kelgan alpinistlar bo‘lishgan.

Shu paytgacha sayyohlar jamlog‘i hududi nisbatan tinch bo‘lib, bu kabi hujumlar kuzatilmagani aytiladi.

Xorijlik sayyohlar o‘limi haqida xabar bergan mahalliy politsiya ularga hujum sabablari ma‘lum emasligini bildirgan.

Ukraina Tashqi Ishlar vazirligi besh fuqarosi o‘ldirilganini tasdiqlagan, Rossiyaning Pokistondagi elchiligi voqea tafsilotlari o‘rganilayotganini aytgan.

Dastlabki xabarlarda alpinistlarning biri rossiyalik ekani xabar qilingandi.

Xitoyning Sinxua agentligi xabar berishicha, qurollangan jangarilar uxlab yotgan alpinistlarni uyg‘otib, tashqariga olib chiqishgan va otib tashlashgan.

Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy va Bosh vazir Navoz Sharif hujumni qoralab chiqishdi.

Janob Sharif hukumat bu kabi shafqatsizlik bilan aslo murosa qilmasligini bildirdi.

Ayni paytda Nanga-Parbat jamlog‘iga eltuvchi yo‘llar yopilgan. Qotillikdan so‘ng yashiringan jangarilar qidirilmoqda, deb xabar beradi politsiya.

Hujum

Egnida politsiya kiyimi bo‘lgan hujumchilar Nanga Parbat jamlog‘iga yarim tunda bostirib kirishgan.

"Noma‘lum kishilar xorijlik sayyohlar tunni o‘tkazayotgan jamlog‘ga kirib o‘t ochishgan", deb aytgan politsiya ofitseri Ali Sher Reuters agentligiga.

Qurollilar alpinistlarning pul va hujjatlarini olgach, ularni o‘ldirishgan.

"Voqeadan so‘ng transport harakati to‘xtatildi, xorijliklar jasadi tikucharlar orqali olib ketiladi", deb aytgan Ali Sher.

Gilgit hokimi Said Mehdi Shoh xavfsizlik choralari kuchaytirilganini ma‘lum qilgan. "Bu hududga ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishadi va mahalliy kishilar bundan pul ishlab kelishadi. Bu hodisa nafaqat shu joydagi ahvolga, balki butun Pokistonga ta‘sir qiladi", degan u.

Gilgit-Baltiston Pokistonning Hindiston bilan uzoq vaqtdan buyon bahsli Kashmir mintaqasidagi katta hudud sanaladi.

Keyingi paytlarda ilgari nisbatan tinch va sayyohlarning e‘tiborida bo‘lgan hudud ham bir qancha jangarilik hujumlariga nishon bo‘lgan.