Gonkongni tark etgan Edvard Snouden Moskvaga yetib bordi

Image caption Gonkong hukumatiga ko‘ra, amerikalik o‘z ixtiyori bilan uchinchi davlatga borish uchun uchoqqa chiqqan.

Sobiq AQSh josuslik tahlilchisi Edvard Snouden Gonkongda o‘tirgan uchoq yakshanba kuni Moskvaning "Sheremetevo" aeroportiga borib qo‘ngan.

Amerika rasmiylari uning ekstraditsiya etilishini talab qilayotgan edilar.

Gonkong hukumatiga ko‘ra Edvard Snoudenni hibsga olish uchun asos bo‘lmagan.

The South China Morning Post ro‘znomasi xabar qilishicha, janob Snouden "Aeroflot" shirkatining Moskvaga parvoz qiladigan uchog‘iga chiqqan, biroq u Moskvada qoladimi yo boshqa joyga uchadimi, ma‘lum emas.

Edvard Snouden Moskvadan Kubaga, undan Venesuelaga uchishi mumkin, deb xabar beradi "Aeroflot"dagi manba oxirgi xabarlarda.

Aytilishicha, Snouden nomiga ikki chipta ro‘yxatga olingan va ular Moskva-Gavana va Gavana-Karakasga deya maxfiy raqamlangan.

Wikileaksning Twitterdagi blogida Snouden "demokratik davlat"larning birida siyosiy boshpana olishi tashkillashtirildi deyiladi. Shuningdek, Snoudenga Wikileaksning vakili hamrohlik qilishi va unga barcha hujjatlar berilgani aytiladi.

Oldinroq Interfaks agentligi Edvard Snoudenga yaqin manbaga iqtibosan, uning Moskvada bir kun, balki Rossiyada butunlay qolishi mumkinligini xabar bergan edi.

Shuningdek, Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov ham janob Snouden Rossiyadan siyosiy boshpana so‘rasa, buni ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Sobiq AQSh josuslik tahlilchisining Gonkongni tark etgani haqida birinchi bo‘lib yozgan South China Morning Post gazeti uning manzili Islandiya yoki Ekvador bo‘lishi, bunda Viklisksning ko‘magi borligini qayd etdi.

Qochqin

Snouden dastlab maxsus xizmatlarning internet orqali kuzatuvlari haqidagi ma‘lumotlarni qo‘lga kiritgach, may oyida Gonkongga qochgan edi.

Uning ma‘lum qilishicha, Amerika maxsus xizmatlari millionlab telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitgan, shuningdek yirik internet shirkatlar manbalariga kirgan.

Juma kuni AQSh Adliya vazirligi Snoudenga qarshi jinoiy ish ochgani va uni hibsga olishga buyruq bergani ma‘lum bo‘ldi.

Amerika Prezidenti idorasi BBCga Snoudenning ekstraditsiyasi haqidagi murojaat Gonkongga berilganini tasdiqladi.

Unda Vashington va Gonkong o‘rtasida jinoyatchilarni topshirish haqidagi kelishuv borligi keltiriladi.

Janob Snouden "Hukumat mulkini o‘g‘irlash", "Milliy mudofaa ma‘lumotlarini ruxsatsiz tarqatish" va "Maxfiy ma‘lumotlarni o‘z istagi bilan tarqatish" ayblariga yuz tutmoqda.

Har bir ayblov uchun u 10 yilgacha qamalishi mumkin.

Prism loyihasi nima uchun?

Snouden bundan avval o‘zini Gonkongdan ekstraditsiya qilinishi bo‘yicha har qanday harakatlarga qarshi chiqishini bildirdi.

AQSh maxsus xizmatlari faoliyati haqidagi dastlabki ma‘lumotlar iyun oyining boshida paydo bo‘lgandi.

Guardian gazeti Verizon telefon shirkati Amerika milliy xafvsizlik agentligiga millionlab qo‘ng‘iroqlar haqida ma‘lumot berganini yozgandi.

So‘ngra "Washington Post"da Amerika xizmatlari Facebook, Google, Microsoft va Yahoo doxil to‘qqiz internet shirkatlari manbalariga kirish imkoniga ega bo‘lgani haqida xabar chiqdi.

Aytilishicha, Maxsus xizmatlarning bu loyihasi "Prism" deb atalgan.

Keyinroq Snoudenning o‘zi ham AMX ning loyihalari haqida matbuotga axborot berganligini tan oldi.

Buning orqasidan Amerika maxsus xizmatlari Prism loyihasi kompyuter tizimi bo‘lib, manbalarni yig‘ish programmasi hisoblanmasligini bildirishdi.

Markaziy Josuslik Boshqarmasiga ko‘ra, loyiha o‘nlab terroristik rejalarni oshkor etilishiga yordam bergan.

Snoudenning ma‘lumotlaridan so‘ng, Amerika hukumati fuqarolarning telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitmasliklari, internetdagi ma‘lumotlar yig‘ish faqat AQShdan tashqaridagi xorijliklarga qaratilganini iddao qilmoqda.