O‘zbekistonga bemalol kelib-ketgan Kanadadagi jurnalist Ismat Xushevga savol bering

Image copyright none
Image caption Ismat Xushev prezident Islom Karimovga yaqin bo‘lganini ham aytadi

Ismat Xushev - qariyb 10 yillik siyosiy muhojirlikdan so‘ng O‘zbekistonga bemalol kirib chiqqan taniqli jurnalist.

U so‘nggi yillari "Dunyo O‘zbeklari" websahifasini yuritmoqda va har vaqt o‘zining muxolifatdan mustaqil jurnalist ekanini qayd etib kelgan.

U Kanadadan siyosiy boshpana olganida, ayrimlar qay sabablari bois Ismat Xushev siyosiy boshpanaga ehtiyoj sezgan degan savolni berishgandi. Bir necha oy oldin esa kutilmaganda O‘zbekistonga bexatar safar qilib, yana ko‘plarni hayron qoldirdi.

Turli sabablar bilan xorijga chiqib ketgan va vatanga borolmayotgan mustaqil jurnalistlar, huquq faollari hamda muxolifat vakillari orasida bu amallari turli fikr va shubhalarni uyg‘otmay qolmadi.

Janob Xushevni ba'zilar aslida maxsus xizmatlar topshirig‘i bilan chetgan ketgan "O‘zbekning Jeyms Bondi 007"deb ham atashga.

Sovet davridayoq O‘zbekiston matbuotida chop etilgan "Mahkumalar", "Ijodkorga hurmat shumi?!", "Prokurorni qanday qo‘lga tushirishdi?", "Olim bo‘lish oson", "Sholoxov vatanida", "Nomus o‘g‘rilari" nomli qator tanqidiy maqolalari bilan keng jamoatchilikka tanilgan jurnalist, mustaqillik yillari ham yuqori doiralarga yaqin bo‘lgan.

Muhojirotga ketguniga qadar O‘zbekistonda "Hayot va Iqtisod" jurnali, "Delovoy partner Uzbekistana" va "Hamkor" gazetalarida muharrirlik qilgan. Bu orada Islom Karimovga yaqinligi tufayli "prezidentning erkatoyi" degan laqab orttirganini ham takrorlab keladi.

Ammo 1994-1997 yillar oralig‘ida uch bora hibsga olingan va so‘nggi marotaba Prezident Karimovning aralashuvi bilan ozod qilingani aytiladi.

2003 yili esa u asos solgan "Milliy ta‘lim" gazetasining uchinchi soni chiqqach yopiladi. Xuddi shu yili Ismat Xushev matbuot yig‘ini o‘tkazib, bosh vazir o‘rinbosari Hamidulla Karomatov iste‘fosini talab qiladi.

Oradan ko‘p o‘tmay u xorijga chiqib ketadi. Ammo Kanadadagi hijrat ortidan vataniga qaytgan Ismat Xushev ko‘pchilik kutganidek O‘zbekistonda qolmadi. Balki yana Kanadaga qaytib ketdi.

Jurnalist O‘zbekistonga safari davomida siyosiy amaldorlar, atoqli shoir va yozuvchilar hamda mashhur shaxslar bilan uchrashib, vatanini kezdi. Lekin u nega O‘zbekistonda yashash uchun qolmagani noma‘lum.

Shuningdek, qanday aloqalari va yo kimlarning yordami bilan O‘zbekistonga bemalol kirib chiqqani borasida ham aniq tafsilotlar ma‘lum emas.

BBC mehmoni, jurnalist Ismat Xushevga o‘z savollaringizni pastdagi maxsus forma orqali yo‘llang. Yoki uzbek@bbc.co.uk elektron pochta manziliga ham maktub yo‘llashingiz mumkin.

O‘z savollaringizga javoblarni esa kelasi shanba kungi BBC O‘zbek Xizmati "Daraklar" dasturida tinglab bbcuzbek.com web sahifamizda o‘qishingiz mumkin.

Savollaringizni kutamiz.