Tolibon Kobulning eng qattiq qo‘riqlanadigan markaziga hujum uyushtirdi

Image copyright Getty
Image caption Hujum sahnasi Afg‘onistondagi eng qattiq qo‘riqlanadigan joy hisoblanadi

Afg‘on xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, Kobul shahrining eng qattiq qo‘riqlanadigan hududiga uyushtirilgan hujum oqibatida to‘rt jangari va uch xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon o‘z zimmasiga olgan.

Politsiyaga ko‘ra, hujumchilarning ikki soatcha davom etgan hujumi muvaffaqiyatli qaytarilgan.

Bu joy Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay saroyi va "Oriyona" mehmonxonasiga yaqin bo‘lgan.

BBC muxbiri Bilol Sarvariy hujum shohidi bo‘lgan.

Muxbirimiz aytishicha, u va boshqa muxbirlar prezident saroyiga matbuot anjumaniga chaqirilgan bo‘lganlar.

Xavfsizlik talablari jurnalistlarning matbuot anjumani boshlanishidan ancha oldin kelishlarini talab qiladi.

"Biz boshqa jurnalistlar bilan prezident saroyi darvozasi oldida turganimizda birdaniga 10-15 metr uzoqlikda qattiq portlash ro‘y berib, otishma boshlanib ketdi. Biz otishmaning o‘rtasida qolib ketdik", deydi BBC muxbiri.

"Biz shu yerga yaqin devor yonida 40 daqiqacha panoh topdik", deydi muxbirimiz.

Politsiyaga ko‘ra, xorijiy askarlar kiyimlarini kiygan hujumchilar avtomobildan sakrab tushishlari bilan avtomobil portlatilgan.

Qurollilar "Oriyona" mehmonxonasiga hujum qilganlar.

Bu mehmonxonada AQSh Markaziy Istihborot Agentligining mahalliy qarorgohi joylashgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, jangarilar bilan Prezident Karzay tansoqchilari va amerikalik harbiylar jangga kirishganlar.

Tolibon o‘z bayonotida ushbu hujumda nafaqat prezident saroyi, balki saroyga yaqin joylashgan mudofaa vazirligi va "Oriyona" mehmonxonasi nishonga olinganini aytgan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, hujum paytida Prezident Homid Karzay saroyda bo‘lgan.

So‘nggi hujum Afg‘onistondagi xalqaro qo‘shinlar mamlakatdagi xavfsizlik nazoratini Afg‘on xavfsizlik kuchlariga topshirganidan bir necha kun o‘tib yuz bergan.

Shu kuni Qatar poytaxti Dohada Tolibon idorasi ochilgan.

Bu idoradan ko‘zlangan maqsad, Afg‘on hukumati bilan tinchlik muzokaralaridir.

Biroq, muxbirlarga ko‘ra, Tolibon o‘z idorasini ochganiga qaramasdan, Afg‘onistondagi xavfsizlik kuchlari nishonga olingan hujumlarini kamaytirmoqchi emas.