Toshkentdan deportatsiya etilishi kutilayotgan faol Olma-otaga uchib ketgan

Image caption Xabarlarga ko‘ra, faol seshanbaga o‘tar kechasi Toshkent aeroportida qo‘lga olingan va uning ortga deportatsiya etilishi kutilayotgandi

Bu haqda BBCga qirg‘izistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Tolekan Ismoilovaning qizi bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, faol seshanbaga o‘tar kechasi Toshkent aeroportida ushlab qolingan va uning ortga deportatsiya etilishi kutilayotgandi.

Bu haqda Ovro‘osiyoda fundamental erkinliklar himoyasi uchun koalitsiyasining "Facebook"dagi sahifasida xabar berilgandi.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, Qirg‘izistondagi "Fuqarolar korruptsiyaga qarshi" nodavlat tashkilotining rahbari Toshkentga Bishkekdan uchib kelgan.

Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi qirg‘izistonlik inson huquqlari faolining hamkasbi Aida Boyjumanova bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan.

Hamkasbining aytishicha, "Tolekan Ismoilova bir guruh frantsiyalik hamkasblariga hamkorlik qilayotgan bo‘lgan. Ular bugun Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasida yig‘in uyushtirmoqchi bo‘lishgan. To‘rt frantsiyalikning Toshkent aeroportidan o‘tishlariga izn berilgan. Qirg‘izistonlik inson huquqlari faoli esa, ushlab qolingan. Uning tutib qolinishi sababi ma‘lum emas".

Tolekan Ismoilovaning inson huquqlari markaziga tayangan boshqa bir xabarda uning payshanba kuni Toshkentdan deportatsiya etilishi aytilgandi.

Ammo qizi Lira Ismoilovaning BBCga aytishicha, qirg‘izistonlik faol bugun Olma-otaga uchib ketgan.

"Fuqarolar Korruptsiyaga qarshi" inson huquqlari markazi "Interfaks" axborot agentligiga, "Bishkekka keyingi parvoz 27 iyun kuniga bo‘lgani uchun, hamkasblari Tolekan Ismoilovaga Olma-otaga uchayotgan navbatdagi reysga chipta olib berishgan"ini aytgan.

Agentlik faolning Bishkekdagi ayrim hamkasblarining "O‘zbekistonda "qora ro‘yxat"ga kiritilgan bo‘lgani uchun, uning Toshkentga kirishiga izn berilmagan"iga oid so‘zlaridan ham iqtibos keltirgan.

Mustaqil yoki xorijiy jurnalistlar, shu jumladan, inson huquqlari faollari bundan avval ham O‘zbekistonga kiritilmagan.

Deylik, 2005 yilda rossiyalik jurnalist Igor Rotar Toshkentdan chiqarib yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yil mart oyida BBC muxbiri Natalya Antelavaning O‘zbekistonga kirishiga izn berilmagandi.

Tolekan Ismoilova 2010 yilgi qonli milliy nizolar ortidan o‘zi va farzandlarining hayotiga tahdid yuzaga kelgani tufayli bir muddat Qirg‘izistonni tark etishga ham majbur bo‘lgandi.

Faol Qirg‘iziston janubidagi xunrezliklarga aloqasi bor muvaqqat hukumat siyosatchilari, hukumat va jinoyat olami vakillarining birlashganiga oid ma‘lumotlar to‘plaganini ham aytgandi.

Ma‘lumki, Tolekan Ismoilova Qirg‘iziston janubidagi qonli hodisalar boshlanganidan keyin 13 iyundan 30 iyungacha o‘sha yerda bo‘lgan va vaziyatni o‘rgangandi.

Qirg‘iz huquq-tartibot organlari Narimon qishlog‘ida o‘tkazgan va ikki inson hayotdan ko‘z yumib, ko‘plab kishilar jarohatlangan "maxsus amaliyoti" haqida u birinchi bo‘lib, matbuotga xabar qilgan edi.