Suriya arosatda qolmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Ozod Suriya armiyasi

Barcha ogohlar va taxminu bashoratlarga qaramasdan, Suriya inqirozi tobora halokat chohiga yaqinlashib kelmoqda. Bir tomondan butun mintaqani o‘z domiga tortmoqda bu inqiroz...

Bir necha qasoskor janglar ketidan sunniylar va shialar o‘rtasida mazhablararo urush boshlanishiga bir bahya qoldi. Suriya bo‘lingan va qariyb bir asr mobaynida ilk bor mintaqaviy chegaralar masalasi o‘rtaga chiqar ekan, xalqaro va mahalliy qudratli davlatlar o‘rtasida ziddiyatlar ehtimoli ham uyg‘onayotganday...

Bu kabi yirik inqirozga Deraada 2011 yil mart oyi o‘ta beozor bir amal sabab bo‘ladi deb kim ham o‘ylagandi? O‘shanda bir necha maktab o‘quvchilari devorga aksilrejim ruhdagi shiorlarni yozib ketishgandi...

Keyinroq namoyishlar ko‘paya boshladi. Rejim esa namoyishlarni shu qadar shafqatsizlik va zo‘ravonlik bilan bostirdiki, oradan ko‘p o‘tmay bu odamlar qo‘llariga qurol olishdi.

Ammo hukumat va isyonkorlarning kuchlari teng emas edi. Isyonkorlar endi chegara osha o‘z qavmlari, mazhablari va millatdoshlaridan yordam kuta boshladilar.

Suriyadagi isyon asosida sunniylar turadi. Ko‘pchilikni tashkil etgan sunniylar bir guruh qudratdagi alaviylarga qarshi bosh ko‘tardilar.

Livan va Iroqda mazhablararo muhorabada bo‘lgan sunniylar o‘z qo‘shnilarining yordam chaqirig‘iga "labbay" deb javob berishdi.

Saudiya Arabistoni va Qatar kabi sunniy davlatlar o‘z maqsadlari yo‘lida isyonkorlarni qurollatirar va moliyaladi, Turkiya va Iordaniya esa muxolifat uchun chegaralarini ochib qo‘ydi.

Kutilganiday, ayni muhoraba mazhablararo tus olar ekan, mintaqadagi sunniy mujohidlar ham Suriyaga kela boshladi.

Iroqdan Al Qoidaga aloqador ko‘ringan jangarilar kelishdi va Al Nusra Jabhasining asosini tashkil etishdi.

Ular bir necha muvaffaqiyatlarga erishishdi ham...

Muvozanatni muvozanatlashtirish

Image copyright AFP
Image caption Bugungi Damashq manzaralari

O‘tgan yil oxirlariga kelib isyonkorlar Damashq markaziga yaqinlashib kelishdi. Rejim so‘nggi daqiqalarini yashayotganday tuyuldi...

Garchand, bir necha harbiylar muxolifat tomoniga o‘tib ketishgan bo‘lsa ham, Suriya armiyasi birlikni qo‘ldan bermadi. Ammo jangovor qo‘shinlar soni ko‘p emas va ular ham tarqoq holatda edi...

Prezident Bashar Assad uchun ham xorijga ko‘z tikish vaqti kelgan edi.

U Rossiya va Eron kabi ittifoqchilariga murojaat qildi. Ikkala qudrat ham rejimning yiqilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bel bog‘lagan edi.

Qusayrda isyonkorlarning mavh etilishiga sabab ana shunda edi.

Isyonkorlar Damashq tashqarisidagi bir necha mintaqalardan ham quvib solindi. Ularning ta‘minot yo‘llari xavf ostidan qolar va yo kesib qo‘yilgan ekan, isyonkorlar Damashqqa hujum qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi.

Isyonkorlar boshqa jabhalarda ham bosim ostida qoldilar.

Tehron Suriyadagi jangu jadalda o‘z soyasini yashirolgani yo‘q. Moskva esa ko‘rinmas harakatlarga erk berdi. Eron qo‘llab keladigan Livanning Hizbulloh jangarilari Qusayr jangida g‘alaba erishgani aytiladi.

Damashq janubidagi Sayyida Zaynab ziyoratgohini ham Iroqning Eron tomonidan dastaklanadigan Abu Fadl Al Abbos brigadasi qo‘riqlamoqda.

Eron shuningdek, Milliy Mudofaa guruhini tuzishga yordam berdi. Bu alaviylar mavzelarini qo‘riqlaydigan alaviylardan tashkil topgan guruhdir.

Eron Suriya rejimini tamomila shia guruhlari yordamida himoya qilmoqda. Bu esa mintaqaning sunniy ulamolarining g‘azabini keltirgan va mintaqadagi ayni ziddiyatga mazhablararo tus bermoqda.

Boshi berk ko‘cha

Image copyright AFP
Image caption Hizbulloh Suriyada faollashgan

Eronning aralashuvi Saudiya Arabistonini ham "qo‘zg‘atib" qo‘ydi. Saudiya muxolifatdagi Milliy Koalitsiyani qo‘llamoqda va isyonkorlarga qurol yetkazib bermoqda.

Tehron Assad rejimini har qanday yo‘l bilan ham saqlab qolishga va‘da berar ekan, G‘arbdagilar jangarilarni mag‘lubiyatga uchramaslari uchun imkon qadar dastaklashga ahd qilishgan.

Islomiy jangarilardan tashqari deyarli hamma xunrezlikning yakunini siyosiy yechimda ko‘rishadi.

Ammo G‘arb tabiiyki, Jeneva 2 deb atalgan tinchlik anjumaniga Suriya muxolifatidagi ittifoqchilarining siyosiy jihatdan abgorlashgan va jang maydonida mag‘lubiyatlari bilan borishi ehtimoldan uzoq...

Shuning uchun maqsad tinchlik uchun muvozanatni tiklash... Nima uchun bu g‘oya ish berishi kerak ?

Bu g‘oya olti oy avval jangarilar Damashq darvozalari ostida bo‘lganida ish bermagan edi.

Agar "muvozanatni tiklash" boshi berk ko‘chaga kirib qolishni anglatsa, nima uchun rejim Jenevaga borishi kerak? Ayniqsa rejim o‘z yashovchanligiga ishonadigan bo‘lsa...

Agar " muvozanatni tiklash" rejim manfaatlariga zid keladigan bo‘lsa va qudrat tepasida o‘tirganlar qurbon beriladigan esa, unda Assad hukumati bunga rozi bo‘lmaydi. Assad o‘zi qolgan taqdirda ham bunga rozi bo‘lishi mumkin, alhol u yolg‘iz emas...

Agar Damashq shunday bir bosim ostida qolsa ham Eron Suriyaga yordamini kuchaytirishi, Iroqdagi shia jangarilarini oraga qo‘shishi va qolaversa, Eron Inqilob Qo‘riqchilarini ham ishga solishi mumkin.

Zotan, Amerikaliklar va G‘arb hech qachon ochiqchasiga isyonkorlarning to‘la g‘alaba qozonishini istashgani yo‘q.

Rejim ham butun mamlakat bo‘ylab yana nazorat o‘rnataman desa, Eron va boshqa ittifoqdoshlaridan ko‘proq yordam olishi kerak bo‘ladi.

Bularning bari Suriyadagi vaziyat qanchalar chigallashib ketgani va boshi berk ko‘chaga kirib qolganini ko‘rsatadi.

Bo‘linish xavfi

Image copyright AFP
Image caption Assad uchun ortga yo‘l yo‘q...

Rejimning siyosiy va harbiy tuzilmasi muxolifatnikidan ko‘ra yaxshiroq.

Ittifoqchilar dastagi arigani yo‘q.

Muxofat esa tarqoq. Yuzlab jangari guruhlarga bo‘lingan, ayrimlari mutlaqo markazga bo‘ysunmaydi.

Siyosiy rahbariyat esa nojiddiy va asosan turfa guruhlarning manfaatlari doirasida qolgan...

Mamlakat tashqarisidagi ittifoqchilar muxolifatning holini yaxshi bilishadi, ayniqsa Islomiy radikal guruhlar ta‘siridan ogohlar...

Muxolifat shimoldagi kurdlar masalasini ham hal etishi kerak. Kurdlar qo‘shni Iroqda bo‘lgani kabi muxtoriyat istashadi.

Al Qoidaga aloqador Salafiylar esa hozirga qadar "ozod qilingan" yagona Raqqada nazorat o‘rtanishgan.

Bo‘linish xavfi kuchayib bormoqda.

Suriyani yagona davlat o‘laroq saqlaydigan ikki yo‘l bor. Bu ikki tomondan birining mutlaq g‘alabaga erishishi va yo siyosiy yechim. Ikkala yo‘l ham ehtimoldan uzoq ko‘rinadi...

Suriyada bo‘linish alomatlari ko‘zga tobora yaqqol tashlanar ekan, qo‘shni Iroq va Livandagi davlatchilik asoslari xavf ostida qolmoqda.

Chegaralar asosan qog‘ozda qolishi va sunniy – shia jamoalari o‘rtasida ziddiyat kuchayib ketishi mumkin.

Hamma o‘tish jarayoni kerakligi haqida gapirmoqda. Ammo nimadan nimaga o‘tish degan savol muhim.

G‘arb davlatlari kelajakni Assad va uning rejimisiz ko‘rishadi, ammo Katta Sakkizlik yig‘inida ular harbiy va xavfsizlik apparati o‘zgarishsiz qolishi kerak degan qarorga kelishgan ko‘rinadi.

Ammo Rossiya Assadning taqdirini avvaldan hal qilinishiga qarshi. Eron ham bu kabi tashqaridan berilgan qarorni qabul qilmasligini ochiqladi.

Xullas, Suriyada vaziyat keskinlashib borar ekan, Isroil so‘nggi paytlar Xitoy maqoliga amal qilayotgan bo‘lsa ajab emas. " Yo‘lbarslar jangini adir tepasidan kuzatgan yaxshiroq..."