UNESCO Jahon Merosi ro‘yxatiga Markaziy Osiyo tog‘larini kiritdi

Image caption Shinjondagi Tiyonshon tizmalari

BMTning maorif, ilm-fan va madaniyat bo‘yicha bo‘limi UNESCO Jahon Merosi deb hisoblanishi lozim bo‘lgan joylar ro‘yxatini kengaytirgan.

Kambodjaning Pnompen shahrida o‘tkazilgan UNESCO majlisida dunyodagi o‘zining tabiiy go‘zalliklari bilan ajralib turadigan maskanlar tanlangan.

Endi UNESCOning beqiyos go‘zallik va madaniy qadriyatga ega bo‘lgani uchun Jahon Merosi ro‘yxatiga kiritilgan joylar soni 960 dan oshgan.

Tojikistonning Pomir tog‘i ana shu ro‘yxatga kiritilgan so‘nggi joylardan biri bo‘lgan.

UNESCO bayonotida Tojikiston hududining 18 foizini tashkil etadigan ko‘p asrlik muzliklar va baland tog‘liklardagi ko‘llari tufayli Tojikiston Milliy Parki Jahon Merosidan o‘rin olgan.

UNESCO Pomirning 7000 metrdan baland bir necha cho‘qqilari mavjudligi, bu tog‘ning ayrim joylariga inson qadami yetmaganini urg‘ulaydi.

Hududda 1085 ta ko‘p asrlik muzlik, 170 daryo va 400 dan ortiq ko‘llar mavjudligi eslatiladi.

Xitoyning Shinjonidagi Tiyonshon tog‘ tizmalaridagi Tomur, Qalajun-Kuerdening, Bayinbukuke va Bog‘da deb atalgan cho‘qqilar atrofidagi jami 606833 gektar maydonni UNESCO betakror jo‘g‘rofiy xususiyatlari va chiroyli manzaralari uchun o‘z ro‘yxatiga kiritgan.

Ko‘p asrlik sovuq muzliklar quruq va issiq sahroga tutashib ketgani, bu joylarning ekotizimi biologik va ekologik ahamiyatga ega ekani ta‘kidlangan.

UNESCO ro‘yxatiga Yaponiyadagi Fuji tog‘i ham kiritilgan.

3776 metrlik baland Fuji tog‘i Yaponiya madaniy va diniy hayotida muhim o‘rin tutishi aytiladi.

Italiyadagi Etna tog‘idagi kamida 2700 yildan buyon aktiv vulqon ham UNESCO e‘tiboriga tushgan.

Shuningdek, Namibiyadagi Namib Qum dengizi, Meksikadagi El Pinacate va Gran Desierto de Altar Biosphere havzasi, Keniyadagi Keniya Tog‘i Tabiiy parki Afrikadagi fillar ko‘payishida muhim bo‘lgani uchun BMT jamg‘armasi ro‘yxatiga olingan.