Rossiyadagi mehnat muhojirlari: Qoch, politsiya kelyapti!

Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun azaliy bir muammo bor: politsiya bilan kelishmovchilik.

Muhojirlar politsiyadan dushmandan qo‘rqqandek ko‘rqishadi. Garchi xujjatlari joyida bo‘lsa ham, ulardan qochishadi, iloji boricha duch kelmaslikka intilishadi.

Aslida mehnat muhojirlarini ko‘cha-kuyda to‘xtatishga, xujjatlarini tekshirishga ularning huquqlari ma‘lum tartiblarga asoslangan bo‘lsa-da, negadir rus politsiyasi bu qoidalarga ko‘p ham amal qilaverishmaydi.

Kuni kecha Moskvada bo‘lib o‘tgan "Politsiya ishidan fuqarolarning qoniqishi" mavzusidagi davra suhbatida aynan shu masala ko‘tarildi.

Tadbir tashkilotchisi "Mustaqil matbuot xizmati" bo‘lib, unda RF Prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyati va inson huquqlari masalalari bo‘yicha Kengash a‘zolari, Moskva shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi vakillari, huquqni himoya qilish tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati ishtirokchilari politsiya xizmati borasida jamoatchilik nazorati, xodimlarining savodxonligi va tajribasi to‘g‘risidagi savollarni o‘rtaga tashlab muhokamaga qo‘ydilar, hamda huquqni himoya qiluvchi organlar ishini takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqishdi.

"Ichki Ishlar Vazirligi faoliyati bilan bog‘liq hech bir masala Politsiya faoliyatichalik bahslarni keltirib chiqarmaydi", - dedi RF Prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyati va inson huquqlari masalalari bo‘yicha Kengash a‘zosi Andrey Babushkin.

Davra suhbatida Moskvadagi "Vatandosh" o‘zbekistonliklar jamiyati rahbari, huquqshunos Usmonxon Baratov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

"Mehnat muhojirlarini deportatsiya jarayonida oylab qamoqxonalarda ushlab turishda qonunbuzarliklar juda ko‘p sodir bo‘lmoqda", dedi huquqshunos.

U.Barotovning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xizmatchilari mehnat muhojirlarini to‘xtatib, ularning sumkalarini titkilashi, so‘roq qilishda tarjimonlardan foydalanilmaslik kabi qonunni buzish hollari yuz bermoqda.

"Mehnat muhojirini ishga olishda rus tilidan imtihon olinib, kamida 800 ta so‘zni bilishi talab etilayapti. Bo‘lmasa, til bilmas ekan, deb ishga olinmayapti. Lekin ushlab politsiya mahkamasiga olib borilganida, rus tilida bitta ham so‘z bilmaydigan mehnat muhojiriga tarjimon kerak emas, deb xujjat rasmiylashtirishadi, imzo chektirishadi", - deydi U.Barotov.

Politsiya idoralari bilan bog‘liq bu kabi muammolar juda ko‘p.

Ayniqsa, politsiyachilarning mehnat muhojirlari bilan munosabatida. Ma‘lumki, keyingi paytda noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi kurash avjiga chiqdi.

Politsiya xodimlariga ko‘maklashish uchun jamoatchi patrullar tashkil qilindi. Bu esa xukumat kutgan natijani berdi, har kuni o‘nlab, yuzlab noqonuniy mehnat muhojirlari qo‘lga olina boshlandi. Lekin bu safarbarlik mehnat muhojirlari uchun butunlay boshqa muammoni keltirib chiqardi.

"Kunora ishga ketayotganimda yo‘limni to‘sishadi. Hujjatlarim joyida bo‘lishiga qaramay, tekshirib ham qo‘yib yuboraverishmaydi. Avvallari mahkamaga olib borishardi, hozir meni tanib qolishgan. Baribir, to‘xtatib vaqtimni olishni kanda qilishmaydi. Ularni dastidan necha marta ishga kech qolib, gap eshitayapman, jarima to‘lagan vaqtlarim ham bo‘layapdi", - deydi Sarvar ismli mehnat muhojiri.

Yana bir muhojir Saida‘zamning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari har kuni kechki payt (muhojirlar ishdan qaytadigan mahal) metroning yer osti yo‘lagida kutib turishadi. Ko‘zlariga soddaroq ko‘ringan muhojirlarni to‘xtatib xujjat tekshirishni boshlashadi.

"To‘g‘ri, soxta xujjat bilan yuraman, - deydi u. - Har gal to‘xtatishganda "qanday kelishamiz?" deb so‘rashadi. Men esa indamay cho‘ntaklariga 100 rublь solib qo‘yaman, bo‘ldi. Bir kuni "bugun pulim yo‘q, bir pachka sigaretimni beraman", degandim, ko‘nishdi".

Bu kabi voqealar Moskva hayotida kunda-kunora uchraydi. Shaxsan o‘zim ko‘p bora kuzatganman. Noqonuniy mehnat muhojirlariga qarshi politsiyachilar metrolardagi, muhojirlar gavjum joylardagi "qog‘ozchilar"ni qo‘rib ko‘rmaslikka olishadi.

Soxta xujjatlar tayyorlovchi yigitchalarning nima sababdan politsiyachilardan cho‘chishmasligi sababi bilan qiziqdim.

"Biz ularga "dolya" berib turamiz", deydi "qog‘ozchi" yigitlardan biri. Shu tariqa, qonunbuzarlikning ildizi ularning o‘zlariga borib taqalmoqda.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan "Migratsiya va qonun" huquqiy-axborot markazi rahbari Gavhar Jo‘rayeva esa "Baxtimizga hozirgi kunda vaziyat o‘zgara boshladi", dedi.

Uning aytishicha, fuqarolarning huquqlarini poymol etishda politsiya ish beruvchilardan keyingi, 2-o‘rinda turadi. Shuningdek, xuquqshunos o‘z ishiga vijdonan yondoshmayotgan politsiya bo‘limlari ro‘yxatini tuzish lozimligini ta‘kidladi.

Gavhar Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda politsiya xodimlarining mehnat muhojirlariga nisbatan zo‘ravonlik usullarini qo‘llashi, noqonuniy hatti-harakatlari sabab mazkur tashkilotga yordam so‘rab murojaat qiluvchilarning soni talaygina.

Ayniqsa, politsiya bo‘limlarida hasta muhojirlarni uzoq ushlab turish, xotin-qizlarga nisbatan qo‘pol hatti-harakatlar uchun shikoyatlar kelib tushishi davom etmoqda.

"Shunday voqealar ham bo‘layaptiki, politsiyachi tomonidan zo‘rlangan muhojir qizga bosim o‘tkazilgan. Qiz qattiq qo‘rqanidan o‘z xohishim bilan bo‘ldim, degan mazmundagi tilxatni yozgan," - deydi G.Jo‘rayeva.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, politsiya bo‘limlaridagi muhojirlarni tutib saqlab turish xonalariga "goryachaya liniya" telefonlari raqamlarini yozib qo‘yish, hamda muhojirlar qo‘lga olingan zahoti bu haqda tegishli muassasalarni xabardor qilish shartligi haqidagi takliflar bildirildi.

Ekspertlar esa politsiya maxkamalarida elektron terminallar yuritishni maslahat berdilar. Bunda xohlovchilar (qo‘lga olinib, tutib turilgan insonlar) xuddi taklif va shikoyatlar qaydlari daftariga yozgan singari o‘z mulohazalarini bildiradilar va shu tariqa politsiya ishi haqida fuqarolarning munosabatlarini o‘rganish muntazam ravishda ta‘minlanadi.

Ayniqsa, hududiy politsiya organlari rahbarlarining aholi bilan uchrashuvlari xususida fuqarolarni axborot vositalari orqali xabardor etib turishga e‘tibor qaratish lozimligi ta‘kidlandi.

"Bunday davra suhbatlari mehnat muhojirlari uchun qanday natija beradi?" - deya so‘radik tashkilotchilardan biri huquqshunos Mirami Meliboyevdan.

"Barcha fikr-mulohaza, takliflar ko‘rib chiqiladi va umumlashtirilib Davlat Dumasiga taqdim etiladi", - dedi huquqshunos.

"Politsiya idoralarining faoliyatini tartibga solishda bu muhim ahamiyatga ega. Mehnat muhojirlari uchun politsiya tekshiruvlari faqat FMX xodimlari ishtirokida bo‘lishini ta‘minlash borasida sa‘iy harakatlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Biz uchun esa mehnat muhojirlarining mamlakat hududida erkin va hech qanday kamsitishlarsiz yashashlari, insoniy huquqlarining poymol etilmasligi muhim", - dedi Mirami Meliboyev.