Internet orqali Qur‘oni Karimdan saboq olish xavfsizmi?

Image caption Hamza Rana uch yildan beri Internet orqali Qur‘oni Karimdan saboq oladi.

Britaniyada ko‘plab ota-onalar o‘z farzandlariga Islomiy saboq berish yo‘lida Internetga murojaat qilmoqdalar.

Lekin bu o‘z o‘rnida turli radikal guruhlar bolalarga o‘z qarashlarini singdirishlari mumkinligi borasida xavotirlarni uyg‘otgan.

Odatda bolalar maktbadan keyin mahalliy madrasalarda tashkil qilingan o‘quv mashg‘ulotlariga borardilar. Butun Britaniya bo‘ylab 2 mingga yaqin madrasaga 250 mingga yaqin yosh bola qatnashi aytiladi.

Lekin oxirgi vaqtlarda ota-onalar Skype orqali Qur‘oni Karimdan saboq beruvchi xizmatlarga ham murojaat qilmoqdalar.

Hamza Rana bundan uch yil avval "Faiz-e-Quran Online Academy" tomonidan tashkil etilgan mashg‘ulotlarga qo‘shilgan.

Mashg‘ulotlar Skype orqali, Pokistondagi islomiy markazlardan biridan turib haftasiga uch marotaba 30 daqiqa mobaynida olib boriladi.

Mashg‘ulot mobaynida video tasvirlar yo-da Qur‘oni Karim sahifalarini ko‘rsatuvchi dasturlar ishlatilmaydi. Hamza suralarani o‘qiydi, xato qilsa domla tuzatadi.

Hamza otasining aytishicha, bu xizmatdan juda mamnun. Ularning oilasi Birmengem shahri tashqarisida yashaydi va eng yaqin islomiy markaz anchayin uzoqda joylashgan. Shuning uchun Internet orqali saboq olish eng qulay yo‘l.

Image caption Britaniya bo‘ylab 2 mingga yaqin madrasada 250 ming bola saboq olishi aytiladi.

"Agar maktabdan keyin madrasaga olib borganimizda olib borishning o‘ziga ikki soat vaqt ketardi. Bundan keyin na dars qilishga, na ovqat yeyishga vaqti qolmasdi. Hozirda besh yoshli o‘g‘limizni ham mashg‘ulotlarga yozib qo‘ydik. Mashg‘ulotlar sifatli va narxi ham ko‘p emas", deydi Hamzaning otasi.

Sheffild shahrida yashovchi Sayma Bibi ham 10 yoshli qizi uchun shu kabi mashg‘ulotlarni tanlagan.

Ota-onalar ko‘pda bu borada bir-birlaridan ma‘lumot oladilar.

Aqdaparast g‘oyalar xavfi

Ayni vaqtda aksari Pokiston, Suriya, Misr va yana ko‘plab boshqa xorij mamlakatlarida joylashgan bu kabi markazlarda ishlovchi domlalar aqidaparast g‘oyalarga ega ekanliklari va bu g‘oyalarni bolalarga singdirishlari mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo‘lgan.

Internet markazlaridan biri "Easy Qur'an Memorising" taqiqlangan terroristik tashkilotlardan birining sobiq a‘zosi tomonidan yuritiladi.

Miyon Shahzib "Jamot-e Da‘va" guruhida faol bo‘lgan. Lekin BBC bilan telefon orqali suhbatda guruhga aloqadorligini rad etdi.

Uning aytishicha, talabalik yillari faollik qilgan, lekin hozirda "Jamot-e Da‘va" ga hech qanday aloqasi yo‘q.

Britaniyadagi Islom Ta‘lim markazlaridan biri imomi Salim G‘isa ham Internet orqali Qur‘oni Karim mashg‘ulotlarini berayotgan ba‘zi xizmatlardan xavotirda ekanligini aytadi.

Imomning aytishicha, Qur‘oni Karimni o‘rganish aksar hollarda unda aytilgan narsalarning mag‘zini chaqish va talqin qilishga asoslanadi.

Image caption Imom salim G‘isaning aytishicha, Qur‘oni Karimni o‘rganish aksar hollarda unda aytilgan narsalarning mag‘zini chaqish va talqin qilishga asoslanadi.

"Shuning uchun aqidaparastlar tomonidan turli talqinlarga uchraymiz. Ular suraga o‘zgacha talqin berib, o‘zgacha ma‘noni keltirib chiqaradilar", deydi imom G‘isa.

"Faiz-e-Quran" internet xizmati asoschisi Sulton Chodriyning aytishicha, farzandlari uchun ishonchli mashg‘ulot markazini tanlash masu‘liyati ota-onalar zimmasida bo‘lishi kerak.

Chodriy qurolli kuchlarning sobiq zobiti, hozirda uning markazi xizmatidan 47 bola foydalanmoqda.

"Markazimiz domlalari aytgan har bir so‘z kompyuterlar orqali yozib olinadi va biz buni kuzatib boramiz. Bundan tashqari hamma domlalar bir xonadan turib ishlashadi, bir-birlarining ishlash jarayonidan voqiflar. Biz, shuningdek, ota-onalarni farzandlari nimalarni o‘rganayotganligini nazorat qilib turishlariga da‘vat qilamiz", deydi Sulton Chodriy.

Britaniyadagi madrasa va masjidlar faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilot rahbari Mustafo Fiyeldga ko‘ra, hozirgi bosqichda Internet orqali Qur‘oni Karimdan saboq olayotgan bolalarning radikallashayotganliklari dalili deyarli yo‘q.

"Bolalarga har bir narsaga kengroq nazar tashlash, aytilgan gap va o‘qilgan narsaga tanqidiy yondoshuvni o‘rgatish juda muhimdir", deydi Mustafo Fiyeld.

Hozirgacha, Internet orqali saboq olgan bolalardan birontasi radikal guruhlar g‘oyalariga berilib ketganlari holati ma‘lum emas. Lekin bu holat yuz berishi mumkinligi borasida xavotirlar saqlanib qolmoqda.

Internet orqali Qur‘oni Karimdan saboq olish haqida sizning fikringiz qanday? Bizga o‘z fikr-mulohazalaringizni yo‘llang.