"Toshkent aeroportida meni oziq-ovqatsiz, badbo‘y xonaga qamab qo‘yishdi"

Image caption Tulekan Ismoilova Qirg‘izistondagi eng faol inson huquqlari himoyachilaridan biridir

Qirg‘izistonlik taniqli inson haqlari faoli Tulekan Ismoilova 24 iyunda Toshkentga safar qilayotganida aeroportda to‘xtatilib, bir kecha qulf ostida saqlangan. U frantsuz adliya tizimi mutaxassislari bilan O‘zbekistondagi o‘smir jinoyatchilar va qonun mavzusini tadqiq qilish uchun Toshkentga kelayotgandi. Toshkent aeroportida ushlab turilishi ortidan u Qozog‘istonga chiqarib yuborilgan. Ismoilova xonim 2005 yilgi Andijon voqealari ortidan Qirg‘iziston janubidagi qochqinlar bilan uchrashib, "O‘qqa tutilgan odamlar" mubohasali hujjatli filmini olgan. BBC u bilan bog‘lanib, ushlanishi va deportatsiya qilinishi tafsilotlarini so‘radi.

Ismoilova: Biz qandaydir muammoga yuz tutamiz deb o‘ylamagandik, chunki guruhimiz tarkibiga o‘smirlar bilan ish olib boruvchi Parijlik hakam va tarbiyasi qiyin o‘smirlar bilash ishlash bo‘yicha xorijlik mutaxassislar kirgandi. Men Andijon voqealari ortidan 2009 yilda bir marta O‘zbekistonda bo‘lganman. 2010 yilgi O‘sh voqealari ortidan milliy ozchiliklar uchun adolat istab ko‘p ish olib borganman. Shuning uchun, meni to‘xtatishadi, deb o‘ylamagandim. Lekin, guruhimiz a‘zolarini o‘tkazishdi, meni esa to‘xtatishdi. Chegarachi kompyuteriga va mening pasportimga uch daqiqacha sinchiklab qaradi, keyin hamkasbiga nimalardir dedi, keyin besh daqiqalardan so‘ng bir gala chegarachilar yetib kelishdi. Ulardan biri pasportimni olib bir xonaga kirib ketdi. Men nima uchun ushlab turilganimni izohlashni so‘ray boshladim, chunki harakat erkinligi insonning eng asosiy huquqlaridan biri. Men yaqinlarimga va hamrohlarimga xabar berishim kerakligini aytdim. Kuting, deyishdi. Hamma o‘tib bo‘ldi. Meni qo‘riqchi bilan skameykaga o‘tkazib qo‘yishdi. Keyin qandaydir aftidan lavozimi yuqori chegarachi keldi, lekin hech biri o‘zini tanishtirmasdi. Ular ismlari yozilgan bedjiklarini orqasiga o‘girib qo‘yishgandi. Keyin "qora ro‘yxat"da ekanimini va deportatsiya masalasi ko‘rib chiqilishini aytishdi. Biri menga bir haftadir, ikkinchisi ertalabki soat beshgacha kutishimni aytdi. So‘ng meni birinchi qavatga olib chiqib, qamab qo‘yishdi. U yerda juda havo dim edi, tualet qog‘ozi yo‘q edi, juda kir edi. Tualet juda kir edi, juda sassiq edi.

BBC: Demak, bu oddiy turmadagi kameradek bir xona edi, shundaymi?

Ismoilova: Ha, qamoxonadagi kameradek bir xona. Meni tuni bilan shu yerga qamab qo‘yishdi. Kechqurun men eshikni qoqa boshladim. "Och bo‘lganman axir", desam, "Dollaringiz bormi?" deb so‘rashdi. Beshtacha odam shunday savol berdi menga, dollarim yo yevro valyutam bor yo‘qligi haqida. Yonimda faqat qirg‘iz so‘mi borligidan juda hafsalalari pir bo‘ldi. Karmonimning ostida qolib ketgan 2 yevroni topdim, "Hech bo‘lmasa choy ichay, ikkinchi qavatga olib chiqinglar" deb iltimos qildim. Ikkinchi qavatda tranzit zali borligini bilardim. Shu zalga chiqib olish harakatida edim, chunki qirg‘iz sim-kartali telefonim ishlamayotgandi. Ikkinchi qavatga olib chiqishganida, choy va fastfud sotiladigan kafening yonida kichkina internet kafechasi bor ekan, egasi yosh o‘zbek bola. "Yordam bering, qizimga xabar yuborishim kerak, men birovning buvisiman, to‘g‘ri tushuning", dedim. U ko‘rib turibdiki, qo‘riqchi nazorati ostidaman. Keyin internetni ochib berganida, tezda hammaga o‘zim ushlanganim haqida xabar yubordim. So‘ng yana o‘sha kameraga olib tushishdi. "Matras juda kir, qanday uxlayman bu yerda?" desam, "Hech qisi yo‘q, hamma shunday yerda uxlaydi", deb yana qamab qo‘yishdi. "Axir men ushlab turibsizlar, oddiy narsalar, ovqat, tualet qog‘ozi, sochiqlar bilan ta‘minlashingiz kerak-ku", desam, "Yo‘q, ertalabki beshgacha kutasiz", deb yana qamab ketishdi.

BBC: Ertalab nechchida kelishdi?

Ismoilova: Ertalab men yana taqillatishni boshladim, chunki mazam qochgandi. Soat besh, olti, yetti ham bo‘ldi, hech kim kelmadi. Boshim og‘irlashib, o‘zimni yomon his qila boshlagandim. Ikki vrach kelib, qon bosimim 160-120ga chiqqanini yozib, dorilar berishdi. Sal o‘zimga kelib, yana yotdim. Keyin soat sakkizda yana taqillata boshladim. Soat sakkiz yarimlarda meni choy ichishga yana ikkinchi qavatga olib chiqishdi. U yerga chiqsak, 40-45 yoshlardagi o‘zbek er-xotin ikki farzandi bilan nonushta qilishayotgan ekan. Ular ham ko‘rishdi qo‘riqchi yonimda ekanini. Men ularga yalina boshladim, 1000 qirg‘iz so‘mini ko‘rsatib, "bu 20 dollarga teng, iltimos ozgina o‘zbek so‘mini beringlar, qornim och", dedim. Ular esa turib ketishdi. "Ha, mayli", deb o‘tirsam, o‘sha yosh ayol ko‘zlari yoshga to‘lib qaytib keldi, stolimga 15 ming o‘zbek so‘mini qo‘yib ketdi, qirg‘iz so‘mini bermoqchi bo‘lsam, olmadi. O‘zbekchalab rahmat aytdim, tushundimki, mehribon, bir-biriga yordam beradigan insonlar hamma yerda borlar.

BBC: Suratga olishga muvaffaq bo‘ldingizmi?

Ismoilova: Sassiq, dog‘lar bilan qoplangan karavotni rasmga oldim, xonaning ichida 2-3ta rasm olishga muvaffaq bo‘ldim. Lekin, telefonimni olib qo‘yishga tahdid qilganlari uchun, chegarachilarni suratga tushira olmadim. Telefonimni olib qo‘yishmoqchi bo‘lganlarida, baribir sim-kartam u yerda ishlamayotganini isbotlab, o‘zimda qoldirdim.

BBC: Chegarachilarning o‘zlari siz bilan qanday munosabatda bo‘lishdi?

Ismoilova: Juda qupol munosabat qilishdi. Chegarachi menga "Tez bo‘l, choyingni ich, nima bu yerni rasmga olayapsan", deb qo‘pol gapirardi. Keyin yana qamab qo‘yishdi. So‘ng soat 11:40da meni chegaradan olib o‘tishdi va kimdir men bilan suhbat qilishini aytishdi. U yerda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi muovini va konsul turishgandi. Ular soat ertalabki to‘qqizdan beri meni ko‘rishga harakat qilishayotgani, o‘zbek Xavfsizlik Xizmati orqaligina men bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lganlarini aytishdi. Besh daqiqagina gaplasha oldim, xolos. Keyin meni parvozga chiqaramiz deb olib ketishdi. Biletni ko‘zimni qiri bilan ko‘rsam, Qozog‘istonning Air Astana havo yo‘llari chiptasi ekan. Qo‘riqchi bilan navbatga men birinchi o‘ringa qo‘yishdi, uchoqqa chiqarib 13D o‘rindig‘iga o‘tqazishdi va shundagina pasportimni ko‘rsatishdi. Kichkinagina yozuv bilan "qo‘riqchi nazorati ostida deportatsiya" qabilida nimadir yozilgandi. Sababini so‘rasam, aytishmadi. Lekin, avvalroq qirg‘iz diplomatlaridan so‘raganimda, ularga o‘zbek chegarachilari men "muayyan faoliyati uchun qora ro‘yxatda" ekanimni aytishganmish. "Muayyan faoliyat" nima o‘zi, bilmayman.

BBC: Siz 2009 yilda O‘zbekistonda bo‘lgansiz va hozirda Frantsiyada boshpana topgan taniqli inson huquqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva bilan uchrashgansiz, shunday emasmi? Siz shuning uchun deportatsiya qilindim deb o‘ylaysizmi yoki boshqa sabablar bormi?

Ismoilova: Biz o‘shanda Frontlayn tashkiloti xodimi Mariya Chichenkova bilan qamoqdan ozod etilgan Mo‘‘tabar Tojiboyevaga O‘zbekistondan chiqib ketishga yordam bergandik. Darvoqe, Mariyani ham bu yil fevralida O‘zbekistonga kiritishmadi va deportatsiya qilishdi. O‘shanda Mo‘‘tabar bilan Farg‘onadan Toshkentga uchganimizda, bizning orqamizdan muntazam ravishda kuzatib yurishgan. Mashinalarda maxsus xizmatlar xodimlari yurib, suratlarga olishgan. Bilishimcha, shuning uchun men qora ro‘yxatga tushganman. Bularning bari men uchun juda og‘riqli bir narsa, chunki biz erkin harakat qilishga qodir bo‘lishimiz kerak. Biz qo‘shnilarmiz, odamlar bir-biri bilan muloqot qilishi, qashshoqlik, yo‘qolib qolishlar, zo‘ravonliklarga qarshi kurashda bir-biriga yordam berishlari kerak. Afsuski, O‘zbekiston avtoritar davlat. U yerda nohukumat tashkilotlar sektori qolmagan, uni 2005 yildayoq yo‘q qilishga kirishganlar.

BBC: Siz bilan boshqa huquqshunoslar ham bo‘lishgan, lekin aynan sizni ushlab qolishgan. Ularga esa O‘zbekistonga kirish ruxsat berilgan. Demak, bu bilan O‘zbekistonga umuman inson huquqlari faollari kiritilmaydi deb xulosa qilish noto‘g‘ri, shunday emasmi?

Ismoilova: Albatta. Lekin bu odamlar huquq himoyachilari emasdi. Ular balog‘atga yetmagan yoshlar bilan shug‘ullanuvchi hakam, turmalar tizimi bilan ishlaydigan ijtimoiy xodim, uchinchisi ekspert va siyosatshunos, to‘rtinchisi esa ko‘cha bolalari va qamoqxonalardagi bolalar foydasiga hayriya beradigan donor edi.