Moskvada farroshlar qo‘zg‘oloni

Image copyright none

Oylab ish haqi ololmayotgan farroshlar yana qo‘zg‘olon ko‘tarishdi.

- Tekinga ishlash jonimizga tegdi, - deydi qo‘zg‘olonchi farroshlarning "rahbari" Abduvali - Ahvolimiz tobora tanglashib borayapti. 3 oydan beri ertayu kech ishlaymizu, ish haqidan darak yo‘q!

Bu Zamoskvoreche hududi mehnat muhojirlarining birinchi qo‘zg‘oloni emas. Bundan avval ham bir necha bor oylik talab qilib o‘tkazgan ish tashlashlari va qo‘zg‘olonlari samarasiz kechgandi.

O‘tgan galgi qo‘zg‘olonlarda farroshlarni o‘zlari ishtirok eta olishmadi. Ish beruvchilarning do‘q-po‘pisalari ularni cho‘chitgan edi. Qolaversa, ular xujjatsizliklari tufayli politsiya xodimlari bilan yuzma-yuz kelishga yuraklari dov bermagandi.

Sanoqsiz va‘dalar, sarsongarchiliklar va tanglik bu gal farroshlarning sabr kosasini to‘ldirdi.

Mehnat muhojirlari uchun yordamga Mehnat Qashshoqligi Ittifoqi faoli Nikita Echkov va o‘zbekistonlik huquqshunos Akmal Baratovlar yetib keldi.

- Bizning tashkilotimiz mehnat muhojirlarining haq-huquqlarini himoya qilishdek ezgu ishga bel bog‘lagan, - deydi N.Echkov. – Ular ham rossiyaliklar singari 8 soat ishlashga, ular qatori yaxshi maosh olishga, yaxshi sharoitlarda yashashga, mehnat ta‘tili yoki davolanish uchun vaqt ajratishga to‘la huquqlilar. Bu huquqlarni tiklash uchun jamoatchilik asosida kurashishga qaror qildik.

Qo‘zg‘olon uyushtirgan farroshlarning oylik maoshlari 11 ming rublni tashkil etadi. 20 nafar o‘zbekistonliklardan iborat jamoa poytaxt markazidagi anchayin katta hududni tozaligiga javobgar.

- Bizni qanday ishlashimizni mahalliy aholidan so‘rab ko‘ringlar, - deydi Maqsud. – Hamma yoqni tozalab, obod qilib yuribmiz. Ammo ishimizga yarasha javob olmayotganimiz alam qiladi!

- Uch oydan beri maosh olmayotgan bo‘lsangiz, qanday tirikchilik qilayapsizlar?, - deya so‘raymiz qo‘zg‘olonchilardan.

- Qo‘shimcha ishlarni qilib tirikchilikka pul topayapmiz, - dedi Abduvali. Bo‘sh vaqt topib yuk tashiymiz, birovlarning xizmatini qilib kun ko‘rayapmiz.

Uning aytishicha, farroshlar uchun ajratilgan yotoqxonada yashashadi, sharoitlarini esa yumshoqroq qilib aytganda "qulay" deb bo‘lmaydi. Abduvalining o‘zi qariyb 10 yildan beri Moskvada, aynan shu ishda.

- Oylab maosh berilmaslik holatlari avval ham takrorlanganmi?

- Har yili shu ahvol, - deydi farrosh. – Hatto o‘tgan yili shunchalik chalkashmovchilik bo‘ldiki, o‘rtada bir oyligimiz berilmay qolib ketdi. Tonib turib olishdi.

Yigitlar ishga rasman joylashmaganliklari tufayli o‘z haq-huquqlarini talab eta olmaydilar. Talab etishganda esa, va‘dadan boshqa hech bir natija bo‘lmaydi.

- O‘tgan galgi ish tashlashimizni suratlari bilan "Moy rayon" gazetasi chop etdi. Gazetani olib boshlig‘imizni huzuriga kirsak, ko‘rib ustimizdan kuldi, - deydi Abduvali.

So‘zlarining isboti sifatida Abduvali ish beruvchiga qo‘ng‘iroq qilib, qachon ish haqi berilishini so‘radi. Aleksey ismli ish beruvchidan quyidagi gaplarni eshitdik:

- Ertaga yonlaringizga o‘taman, Abduvali. Lekin pul bo‘lmasligi aniq, faqat gaplashgani boraman. Oylikni esa, harakat qilayapmiz...

Farroshlarni ishga yollagan "Venera" firmasi rahbariyati ham, hukumat ham farroshlar mehnatiga bepisand qarayotgani kundek ravshan. Yigitlarga yordamga chog‘langan Nikita va Akmal ulardan kerakli ma‘lumotlarni olishdi.

- Farroshlarni noqonuniy ishlayotganlikda ayblab, ish haqi berishni rad etmasliklari uchun avvalo yigitlarning xujjatlarini tartibga keltiramiz, dedi Akmal Barotov. - Avvalgi ish tashlashlarda ham politsiya yigitlarni FMX bilan qo‘rqitib tarqatib yuborgan.

Mehnat muhojirlari bu gal ortga chekinmasliklarini aytishmoqda. Afsuski, bu Moskvadagi birgina holat. Ba‘zan bunday vaziyatlarda osongina taslim bo‘lib uyga ketishni ixtiyor etayotganlar ham bor.

- Charchadim. Baribir pul bermaydi, – dedi uyga qaytayotgan mehnat muhojiri. – O‘zimizda ham hayot yaxshimasligini bilaman, lekin boshqa nima ilojim bor?!

Nima uchun boshqa ish topib qo‘ya qolmaysizlar, degan savolimiz esa yana xujjatlardagi muammolar bilan izohlandi.

Qolgan yigitlar esa ish haqlarining kechikib bo‘lsa-da, to‘lanishidan umidvorlar.